Mahmudova Mohiniso Mizrof qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Bevosita va o‘zaro dinamik bog‘langan g‘ovak muhitlarda gazlar filtratsiya jarayonlarini matematik modellashtirish», 05.01.07 - Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/T3464
Ilmiy rahbar: Ne’matov Abdug‘ani, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, Ilmiy kengash raqami: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/30.12.2019.T.07.01.
Rasmiy opponentlar: Djumanov Jamoljon Xudaykulovich, texnika fanlari doktori, professor;
Normurodov Chori Begalievich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zaro dinamik va bevosita bog‘langan aloqaga ega ko‘p qatlamli gaz konlarida nostatsionar filtratsiya jarayonlarining matematik modellari, echishning sonli usullari va samarali hisoblash algoritmlarini ishlab chiqish, shu bilan birga hisoblash tajribalari sonli natijalarini taqdim etishning dasturiy majmuasini yaratish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sust o‘tkazuvchan qatlamlarga ega o‘zaro dinamik aloqadagi gaz konlari tizimi uchun bosim o‘zgarishini hisobga olgan holda nostatsionar filtratsiya jarayonining bir va ikki o‘lchovli matematik modeli ishlab chiqilgan;
ko‘p qatlamli sust o‘tkazuvchan qatlamlarga ega gaz filtratsiya chegaraviy masalasini o‘zgaruvchan yo‘nalishlar sxemasi asosida echishning hisoblash algoritmi ishlab chiqilgan;
bevosita bog‘langan uch qatlamli g‘ovak muhitda gazning nostatsionar filtratsiya jarayonining uch o‘lchovli matematik modeli ishlab chiqilgan va sonli modellashtirilgan hamda chekli ayirmalar sxemasi yordamida echishning hisoblash algoritmi ishlab chiqilgan;
g‘ovak muhitda uch qatlamli bevosita va o‘zaro dinamik aloqaga ega gaz konlari asosiy ko‘rsatkichlarini aniqlovchi va bashorat qiluvchi dasturiy majmua funksional tuzilmasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Bevosita va o‘zaro dinamik aloqadagi ko‘p qatlamli g‘ovak muhitda gaz filtratsiya jarayonining ikki va uch o‘lchovli matematik modellari, echish algoritmlari hamda yaratilgan dasturiy majmua asosida:
“Ko‘p o‘lchovli g‘ovak muhitlarda neft-gaz filtratsiya jarayonlarining asosiy ko‘rsatkichlarini hisoblashda samarali algoritmlarni qo‘llash va sonli natijalarni vizuallashtirish” dasturiy ta’minoti “Geo Interpretation Group” MChJ ga joriy etilgan(Raqamli texnologiyalar vazirligining 2023 yil 4 dekabrdagi 33-8/8673-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, asosiy ko‘rsatkichlarni hisoblashdagi o‘zgarishlarni real vaqtda 3D grafik ko‘rinishlarda kuzatish imkoniyati yaratilgan, olingan natijalarning aniqligi va ishonchliligi oshgan hamda hisoblashga ketgan vaqtning kamayishi hisobiga mehnat samaradorligi oshishiga erishilgan.
“Ikki qatlamli g‘ovak muhitlarda gaz filtratsiya jarayonini kompyuterli modellashtirish” dasturiy ta’minoti “Epsilon Development Company” MChJ obektida joriy qilingan(Raqamli texnologiyalar vazirligining 2023 yil 4 dekabrdagi 33-8/8673-sonli ma’lumotnomasi). Ishlab chiqilgan matematik modellar, hisoblash algoritmlari va dasturiy ta’minotni joriy etish orqali sonli natijalarning o‘zgarishini real vaqtda 2D va 3D grafik ko‘rinishlarida kuzatish va olingan natijalarni aniqligi, ishonchliligi va xatoliklarning kamayishiga erishilgan. Unda hisoblashga ketgan vaqt 8-10 % qisqargan va ishlab chiqarish samaradorligi 7 % ga oshgan.
“Ko‘p qatlamli g‘ovak muhitda gaz filtratsiya jarayonini sonli modellashtirish” dasturiy ta’minoti “Gissarnetgaz” MChJ obektlariga joriy qilingan(Raqamli texnologiyalar vazirligining 2023 yil 4 dekabrdagi 33-8/8673-sonli ma’lumotnomasi). Olingan natijalar o‘zaro dinamik aloqadagi ko‘p qatlamli gaz konlarini o‘zlashtirish va tahlil qilish uchun foydali bo‘lib, gaz konlarining ishlash samaradorligini 5-6 % ga oshirishga erishish imkonini bergan.