Turobov Sherzod Alisherovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tomorqa xo‘jaliklari faolligi va samaradorligini oshirish yo‘llari”, 08.00.04–“Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Iqt455
Ilmiy rahbar: Xurramov Azamat Fayzullaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, DSc.03/30.01.2020.I.10.03.
Rasmiy opponentlar: Egamberdiev Farmonqul Tursunqulovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Bekmirzaev Mirzoxid Adashalievich, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tomorqa xo‘jaliklari faolligi va samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar va amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
“Bir mahalla bir mahsulot” tamoyiliga asoslangan mahsulot etishtirish tizimi hududlarning tabiiy-iqlim sharoitlariga mos holda 4 bosqichli (baholash, rejalash, parvarishlash va sotish) jarayonlarni qamrab olish hisobiga ertaki, o‘rtaki va kechki ekinlarni maqbul joylashtirish asosida takomillashtirilgan hamda uni amalga oshirish mexanizmi taklif etilgan;
tomorqa xo‘jaliklariga agro va veterenariya xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Tomorqa xo‘jaligi - ta’minot-servis” xizmatini tashkil etish asosida “Tomorqa xizmati” MChJlar faoliyatini takomillashtirish asoslangan, uni namunaviy tuzilmasi ishlab chiqilgan hamda tashkil etishning iqtisodiy, tashkiliy-huquqiy rag‘batlantirish mexanizmlari taklif etilgan;
“Tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish markazi” va “Oilaviy agromaslahatchi” mobil xizmat ko‘rsatuvchi sub’ektlarni tashkil etish asosida tomorqa xo‘jaliklari uchun qulay agrobiznes muhitini yaratish, kelgusida ular faoliyatini tadbirkorlikka yo‘naltirishning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi asoslangan;
Qashqadaryo viloyatida tomorqa xo‘jaliklari faolligi va samaradorligini oshirish hisobiga tomorqa erlarida mahsulotlar ishlab chiqarish hajmining 2024-2028 yillarga mo‘ljallangan prognoz parametrlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tomorqa xo‘jaliklari faolligi va samaradorligini oshirish yo‘llari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Bir mahalla bir mahsulot” tamoyiliga asoslangan mahsulot etishtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflari O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimi tashkilotlari tomonidan amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2023 yil 9 fevraldagi №01/00-02/19-781-son ma’lumotnomasi). Natijada, tomorqa xo‘jaliklarida 3 marta hosil olish hisobiga aholi daromadlarini 3,5 baravarga oshirish imkoniyatining mavjudligi asoslangan;
tomorqa xo‘jaliklariga zarur agro va veterinariya xizmati ko‘rsatuvchi “Tomorqa xo‘jaligi - ta’minot-servis” xizmatini tashkil etish va ular faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmi bo‘yicha takliflari O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimi tashkilotlari tomonidan amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2023 yil 9 fevraldagi №01/00-02/19-781-son ma’lumotnomasi). Natijada, tomorqa xo‘jaliklariga ekin ekish, erga ishlov berish, parrandalar va chorva mollari uchun kerakli vositalar to‘g‘risida axborot berish, zotdor mollar, urug‘lik, pestisidlar, mineral o‘g‘itlar etkazish va veterinariya xizmatini samarali tashkil etish asoslangan;
tomorqa xo‘jaliklarining faolligini va samaradorligini oshirish maqsadida “Tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish markazi” va “Oilaviy agromaslahatchi” mobillashgan xizmatlarini tashkil etish takliflari O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimi tashkilotlari tomonidan amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2023 yil 9 fevraldagi №01/00-02/19-781-son ma’lumotnomasi). Natijada, tomorqa xo‘jaliklari a’zolarining ertaki, o‘rtaki va to‘qsonbosti ekinlarini etishtirish, ularning iqtisodiy, huquqiy va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirishga oid bilim, ko‘nikma hamda malakalari oshirilishi hisobiga tomorqadan olinadigan yalpi tushum 2,9 barobarga oshgan;
Qashqadaryo viloyatida tomorqa xo‘jaliklari faolligi va samaradorligini oshirish hisobiga 2024-2028 yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish istiqbollari bo‘yicha takliflari O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimi tashkilotlari tomonidan amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2023 yil 9 fevraldagi №01/00-02/19-781-son ma’lumotnomasi). Natijada, Qashqadaryo viloyati tomorqa xo‘jaliklarida 2028 yilda ertaki usulda etishtiriladigan sabzavot mahsuloti hajmi 1,159 barobarga, ertaki poliz mahsulotlari 1,564 barobarga, o‘rtaki usulda etishtirilgan sabzavot mahsulotlari 1,968 barobarga, to‘qsonbosti usulida piyoz etishtirish 2,226 barobarga, sarimsoqpiyoz mahsuloti hajmi esa 2,343 barobarga oshishi asoslangan.