Alishev Sherqo‘zi Abdumannonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ko‘p bosqichli o‘zgaruvchan parametrli obektlarni adaptiv boshqarish algoritmlari», 05.01.08–Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish va boshqarish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/T892.
Ilmiy rahbar: Yakubov Maqsadxon Sultaniyazovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax politexnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, PhD.22/01.02.2022.T.144.01.
Rasmiy opponentlar: Yusupov Jaloliddin Rasuljon o‘g‘li, texnika fanlari doktori; Yakubov Sabir Xalmuratovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot nomi: Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ko‘p bosqichli o‘zgaruvchan parametrli obektlarni adaptiv boshqarish, bashoratlash modellari, algoritmlarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ko‘p bosqichli o‘zgaruvchan parametrli obektlarni an’anaviy boshqaruv tizimi, texnologik xususiyatlari, fizik va kimyoviy o‘zgarishlarini tizimli tahlillash asosida portlandsement mahsulotini ishlab chiqarish texnologik jarayoni adaptiv boshqaruv tizimini joriy etish hisobiga takomillashtirilgan;
ko‘p bosqichli o‘zgaruvchan parametrli obektlarni boshqarish va dekompo-zisiyalash tamoyillari, talablari va mahsulot ko‘rsatkichlarini belgilovchi informativ faktorlari asosida adaptiv boshqarish algoritmi va matematik modelini adaptatsiyalashning tuzilmaviy sxemasi ishlab chiqilgan;
ko‘p bosqichli o‘zgaruvchan parametrli obektlarda portlandsement materiallarini ishlab chiqarish texnologik jarayonlarini modellashtirish, bashoratlash, optimallashtirishning adaptiv modellari va haroratni maydon bo‘yicha tarqalishi, yoqilg‘i aralashmasi harorati va moddiy haroratni maydonlar bo‘yicha hisoblash algoritmlari ishlab chiqilgan;
portlandsement va silikat materiallarini qayta ishlash jarayonlarini adaptiv boshqarish algoritmlari va dasturiy majmuasini yaratish asosida pech harorat rejimini nazorat qilish va boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ko‘p bosqichli o‘zgaruvchan parametrli obektlarda portlandsement va silikat materiallarini olishda ishlab chiqarish texnologik jarayonlarini adaptiv boshqarish usul, matematik model, dasturiy majmua va algoritmlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ko‘p bosqichli o‘zgaruvchan parametrli obektlar portlandsement klinkerini ishlab chiqarishni boshqarish jarayonida adaptiv boshqarish usullarini takomillashtirish, adaptiv modellari va algoritmlari “Qizilqumsement” AJ korxonasida sement mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologik jarayoniga joriy etilgan (“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining 2022 yil 16 martdagi 05/15-706-sonli ma’lumotnomasi.). Natijada, portlandsement mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonida texnik-iqtisodiy zararlar miqdori qisqarishiga, ya’ni yoqilg‘i va elektr energiya sarf harajatlarining iqtisodiy samaradorligi 1,01 barobar tejamkorligiga erishish imkonini bergan.
ko‘p bosqichli o‘zgaruvchan parametrli obektlarda xom ashyolardan portlandsement va silikat materiallarini olishda kuydirish va quritish texnologik jarayonlarini adaptiv boshqarish algoritmlari va dasturiy majmuasi joriy etilgan. (“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining 2022 yil 16 martdagi 05/15-706-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, portlandsement mahsulotlarni olishda qayta ishlash, axborot resurslari oqimi va boshqaruv tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish ishlab chiqarishda yoqilg‘i va elektr energiya sarf harajatlarining 1,13 barobar tejamkorligiga erishish imkonini bergan.
o‘zgaruvchan parametrli obektlar xom ashyolarining fizik va kimyoviy o‘zgarishlarini tizimli tahlillash, portlandsement mahsulotini olishda kuydirish va quritish jarayonini adaptiv boshqarish usuli “Olmaliq KMK” AJ Sherobod sement zavodiga joriy etilgan. (“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining 2022 yil 16 martdagi 05/15-706-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, sement mahsulotlarini ishlab chiqish jarayonini samarali tashkil etish xom ashyoning tarkibiy qismiga muvofiq xom ashyo qorishmasini kuydirish uchun sarflanayotgan issiqlik energiyasi miqdorini qisqartirish hisobiga ishlab chiqarish sof foyda miqdorini 1,22 baravarga oshirish imkonini bergan.