Rasulov Sodiq Sa’dullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirishda sug‘oriladigan erlardan foydalanishning iqtisodiy samaradorligini oshirish”, 08.00.04 – Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Iqt3204.
Ilmiy rahbar: Sauxanov Janibek Kazievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, PhD.03/30.01.2020.I.20.06.
Rasmiy opponentlar: Egamberdiev Farmonqul Tursunkulovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Nurimbetov Timur Uzakbergenovich, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi sug‘oriladigan erlardan foydalanishning nazariy
va uslubiy jihatlarini rivojlantirish va erdan foydalanishning iqtisodiy samaradorligini oshirish borasida ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
er resurslarini ikkilamchi ijaraga berish sxemasi ijara munosabatlari subektlariga yuklangan majburiyatlar qiymatiga ko‘ra takomillashtirilgan hamda ijara huquqining iqtisodiy qiymatini aniqlashda ko‘p omilli yondashuv taklif etilgan;
erdan foydalanishga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarning o‘zaro bog‘liqlik darajasi unsurlar salmog‘iga ko‘ra aniqlashtirilib, er munosabatlarini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmini davlat va hududlar miqyosida o‘rnini aniqlashtirish omillariga ko‘ra takomillashtirish algoritmi taklif etilgan;
qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirishga resurs tejamkor texnologiyalar va raqamlashtirish omillarining ta’sirini “xarajat-samara” tamoyili asosida baholash orqali agrar tarmoqda integratsion tuzilmalar faoliyatini “resurs sig‘imi va resurs qaytimi”ga ko‘ra tashkil etishning takomillashtirilgan innovatsion modeli taklif etilgan;
fermer xo‘jaliklari tomonidan sug‘oriladigan erlarda asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirishning aniqlik darajasini belgilovchi agrar tarmoqda innovatsiya jarayonlarini rivojlantirish mexanizmining modeliga ko‘ra 2027-yilgacha bo‘lgan davrda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirishning ko‘p variantli prognoz parametrlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirishda sug‘oriladigan erlardan foydalanishning iqtisodiy samaradorligini oshirish borasida ishlab chiqilgan ilmiy-amaliy va uslubiy takliflar asosida:
qishloq xo‘jaligida er resurslaridan samarali foydalanish maqsadida er resurslarini ijaraga berish sxemasi hamda ijarachi ijara huquqi qiymatini aniqlash usuli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sirdaryo viloyatida aholi bandligini ta’minlash va daromadini ko‘paytirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan erlardan samarali foydalanishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 28-noyabrdagi PQ-431-son qarorining 6-bandi “v” kichik bandini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 22-noyabrdagi 01/29-05/6-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifdan erlarning ball boniteti, joylashgan o‘rni va suv resurslari bilan ta’minlanganlik darajasini hisobga olgan holda foydalanish natijasida Sirdaryo viloyatidagi fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi sug‘oriladigan erlardan foydalanish samaradorligini 0,15-0,18 foizga oshirishda muayyan darajada xizmat qilgan;
er munosabatlarini tartibga solishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmi mazmunini belgilovchi omillarning o‘zaro bog‘liqligini aniqlagan holda mamlakat va hududlar darajasida er munosabatlarini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmini takomillashtirish algoritmidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-avgustdagi 690-son “Sirdaryo viloyati qishloq xo‘jaligi ekinlari erlaridan yanada samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan tasdiqlangan “Sirdaryo viloyatidagi foydalanilmayotgan qishloq xo‘jaligi erlaridan samarali foydalanishni tashkil etishga doir manzilli chora-tadbirlar dasturi”ni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 22-noyabrdagi 01/29-05/6-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi er resurslaridan foydalanishda samarali bo‘lgan tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarni tanlash hamda ulardan foydalanish imkoniyatlarini baholashga xizmat qilgan hamda foydalanilmayotgan qishloq xo‘jaligi erlaridan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha zarur tavsiyalar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan;
qishloq xo‘jaligida innovatsion komponentning amal qilishi hamda yirik integratsion tuzilmalar faoliyatining innovatsion tarkibiy qismining konseptual modelini shakllantirish asosida agrar tarmoqda innovatsiya jarayonlarini rivojlantirish mexanizmi modelidan Sirdaryo viloyatida ilmiy axborot va maslahat tizimi asosidagi agroxizmatlar tarmog‘ini rivojlantirish dasturini ishlab chiqishda hamda YoA-7-4 raqamli “Sho‘rlangan tuproqlar unumdorligini oshiruvchi agrobiotexnologiyalar” mavzusidagi yosh olimlar amaliy loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 22-noyabrdagi 01/29-05/6-son ma’lumotnomasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023-yil 26-maydagi 03/14-869 va 03/14-870-son ma’lumotnomalari). Mazkur modeldan foydalanish natijasida Sirdaryo viloyatida 2023-yilda qishloq xo‘jaligi aylanmasiga qo‘shimcha erlarni muomalaga kiritilishi evaziga etishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirishga erishilishini asoslashga xizmat qilgan;
fermer xo‘jaliklari tomonidan sug‘oriladigan erlarda asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirishning aniqlik darajasini belgilovchi agrar tarmoqda innovatsiya jarayonlarini rivojlantirish mexanizmining modelini yaratish asosida 2027-yilgacha bo‘lgan muddatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirishning ko‘p variantli prognoz parametrlaridan Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini amalga oshirish asosiy ko‘rsatkichlar va indikatorlarini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 22-noyabrdagi 01/29-05/6-son ma’lumotnomasi). Mazkur prognoz natijalari fermer xo‘jaliklari faoliyatiga ikkilamchi ijara munosabatlarini joriy qilgan holda asosiy qishloq xo‘jalik mahsulotlari etishtirishning istiqboldagi hajmini asoslashning aniqlik darajasini oshirishga xizmat qilgan.