Yuldoshev Nabijon Pirimovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Absorb bioso‘riluvchan karkaslarning dori qoplamali ikkinchi generatsiya stentlari bilan klinik-angiografik qiyosiy samaradorligi», 14.00.06–Kardiologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.DSc/Tib294.
Ilmiy maslahatchilar: Kurbanov Ravshanbek Davletovich, tibbiyot fanlari doktori, akademik; Robert Gil Djulian,professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi DSc.26.04.2018.Tib.64.01.
Rasmiy opponentlar: Babunashvili Avtandil Mixaylovich, tibbiyot fanlari doktori, professor (Rossiya Federatsiyasi); Kamilova Umida Kabirovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Kenjaev Majid Latipovich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Tomsk milliy tadqiqot tibbiyot markazi federal davlat byudjet ilmiy muassasasining Kardiologiya ilmiy-tadqiqot instituti (Rossiya Federatsiyasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: YuIKning turli shakllari bilan kasallangan bemorlarda bioso‘riluvchan Absorb (BVS) karkas va ikkinchi generatsiya dori qoplamali stentlarni klinik va angiografik samaradorligini qiyosiy baholash va davolashga yondashuvni takomillashtirishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
YuIKning turli shakllarida bioso‘riluvchan zamonaviy Absorb karkaslari va ikkinchi generatsiya dori qoplamli (DES) stentlarining kasallik klinik kechishi, yurak remodellanishi jarayonlariga, o‘rta olis va olis natijalari ko‘rsatkichlariga qiyosiy samaradorligi asoslangan;
YuIKda chap qorincha past otish fraksiyasini kasallik klinik turi, o‘tkazilgan miokard infarkti soni, angiografik ko‘rsatkichlar – toj tomirlarda aterosklerotik jarayonning tarqalish hajmi va tomir diametri torayish darajasi, zararlangan tomirlar soni, hamda yallig‘lanish omili S reaktiv oqsil bilan o‘zaro bog‘liqligi isbotlangan;
YuIKda qorinchalar ekstrasitoliyasining potensial xavfli va yuqori gradatsiyalarini noxush angiografik prediktorlar – zararlangan tomirlar soni, toj diametri torayish darajasiga bog‘liq ekanligi aniqlangan;
YuIK bilan xastalangan bemorlarda miokard revaskulyarizatsiyasi o‘tkazilganda barcha bemorlarda davolash tartibiga izchil rioya etish ko‘rsatkichi va kasallikning o‘tkir shakllari (miokard infarkti, nostabil stenokardiya)da hayot sifati ko‘rsatkichi yaxshilanishi, ammo olis kuzatuv natijasida davolash tartibiga izchil rioya ko‘rsatkichining pasayishi isbotlangan;
YuIKning turli shakllarini davolashda bemorlarda klinik-funsional va angiografik prognostik mezonlarni xisobga olgan xolda endovaskulyar usulni tanlash - bioso‘riluvchi zamonaviy Absorb karkaslari va ikkinchi generatsiya dori qoplamli (DES) stentlarni qo‘llashga yondashuv takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
YuIK bilan xastalangan bemorlarda miokard revaskulyarizatsiyasini amalga oshirishga yangicha yondashuvlar va differensial davolash taktikasi tamoyillarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Yurak ishemik kasalligini davolashda bioso‘riluvchan Absorb tomir karkasini qo‘llash» nomli uslubiy qo‘llanma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 7 maydagi 8n-d/93-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma YuIK bor bemorlarda kasallik klinik kechishi va yurak funksional holatini baholash hisobga olingan holda bioso‘riluvchan Absorb karkasini tomir ichiga o‘rnatish va asoratlarini oldini olish chora-tadbirlarini takomillashtirish imkonini bergan;
«Toj arteriyalarini angioplastikali stentlashdan keyin restenozni prognozlash usuli» uchun Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (№IAP 0385, 05.09.2017y.). YuIK bor bemorlarda stentlash amaliyotidan so‘ng prognozni baholashga imkon bergan.
«Yurak ishemik kasalligini davolashda endovaskulyar usullarning zamonaviy jihatlari» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 7 maydagi 8n-d/93-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma YuIK bor bemorlarda kasallik klinik-angiografik mezonlarni hisobga olgan holda endovaskulyar davolash usullarini qo‘llashni takomillashtirish imkonini bergan;
YuIK bor bemorlarda klinik-angiografik erta prediktorlarini baholash va endovaskulyar yondashuvni optimallashtirish bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Respublika kardiologik dispanseri, Farg‘ona viloyati kardiologik dispanseri amaliyotiga tatbiq qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 24 maydagi 8n-d/104-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning amaliyotga tatbiq qilinishi YuIK bor bemorlarda salbiy klinik-angiografik prediktorlarni erta aniqlashga, endovaskulyar usullarni takomillashtirishga, kasallik kechishini, hayot sifati ko‘rsatkichi va prognozni yaxshilanishiga, kasallik asoratlarini 1,3 martaga, gospitalizatsiyalar sonini 2,1 martaga va davolash davomiyligini 2 martaga kamaytirishga imkon bergan.