Uzakov Baxadir Abdikarimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Elektr energetika tizimlarining holatlarini tarmoq faktorini hisobga olib optimallashtirish”, 05.05.02 – “Elektrotexnika. Elektr energiya stansiyalari, tizimlari. Elektrotexnik majmualar va qurilmalar” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/T2511.
Ilmiy rahbar: Gayibov Tulkin Shernazarovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/10.12.2019.T.03.03.
Rasmiy opponentlar: Taslimov Abduraxim Dexkanovich, texnika fanlari doktori, professor; Mirzaev Abdurashid Tuxtasinovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat transport universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi elektr energetika tizimlarining holatlarini tarmoq faktorini hisobga olib optimallashtirishning samarali modellari, usul va algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
elektr energetika tizimlarining optimal ish holatlarini tarmoq faktorini e’tiborga olib ta’minlash uchun rostlanuvchan parametrlarning o‘rnatiluvchi qiymatlarini aniqlashning isrof hosilalarini koeffisientlar matrisasini dekompozisiyalash orqali hisoblashga asoslangan matematik modeli va usuli taklif etilgan;
elektr energetika tizimlarining ish holatlarini rostlanuvchan parametrlar bo‘yicha optimallashtirishning nazorat qilinuvchi liniyalardagi quvvat oqimlarini tarmoqdagi isroflarni katta aniqlikda hisobga olib topish bilan farqlanuchi usuli jarima funksiyasidan foydalanish asosida yaratilgan;
elektr energetika tizimlarining qisqa muddatli holatlarini barcha mezonlar bo‘yicha optimal rejalashtirishning tarmoq faktorlarini holat parametrlaridan foydalanish orqali  hisoblashga asoslangan yuqori aniqlikga ega bo‘lgan matematik modeli va algoritmlari ishlab chiqilgan;
elektr tarmoqlarida isroflarni minimallashtirish uchun tugunlarning optimal kuchlanishlari va reaktiv quvvatlarini tarmoq faktorini e’tiborga olish asosida aniqlashning qo‘shimcha iqtisodiy samara beruvchi usuli barcha cheklovchi shartlarni hisobga olib taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Elektr energetika tizimlarining holatlarini tarmoq faktorini hisobga olib optimal rejalashtirish hamda isroflarni tugunlarning kuchlanishlari va reaktiv quvvatlarini optimallash orqali minimallashtirish uchun ishlab chiqilgan matematik modellar va algoritmlar bo‘yicha olingan natijalar asosida:
elektr energetika tizimlarining ish holatlarini rostlanuvchan parametrlar bo‘yicha optimallashtirishning nazorat qilinuvchi liniyalardagi quvvat oqimlarini tarmoqdagi isroflarni katta aniqlikda hisobga olib topish va jarima funksiyasidan foydalanishga asoslangan usul  Qoraqalpoq magistral elektr tarmoqlari holatlarini optimal boshqarishda elektr uzatish liniyalardagi quvvat oqimlari bo‘yicha cheklovlarni hisobga olish uchun joriy qilingan («O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning 2023 yil 13 apreldagi 01-02-19/1437 - son ma’lumotnomasi).  Natijada, elektr tarmog‘ining har qanday ish holatlarida uning jihozlarini o‘ta yuklanishlardan himoyalash imkoniyati yaratilgan;
elektr energetika tizimlarining qisqa muddatli holatlarini barcha mezonlar bo‘yicha optimal rejalashtirishning tarmoq faktorlarini holat parametrlaridan foydalanish orqali  aniqlashga asoslangan matematik modeli va algoritmi Qoraqalpoq magistral elektr tarmoqlari holatlarini optimallashtirishga joriy qilingan («O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning 2023 yil 13 apreldagi 01-02-19/1437 - son ma’lumotnomasi). Natijada, optimal kuchlanish va reaktiv quvvatni ta’minlash hisobiga maksimal yuklamali holatda umumiy aktiv quvvat isrofini 667 kVt (6,3%)ga kamaytirish imkoniyati yaratilgan;
elektr tarmoqlarida isroflarni minimallashtirish uchun tugunlarning optimal kuchlanishlari va reaktiv quvvatlarini tarmoq faktorini e’tiborga olish asosida aniqlashning qo‘shimcha iqtisodiy samara beruvchi usuli Qoraqalpoq magistral elektr tarmoqlarida isroflarni kamaytirish uchun joriy qilingan («O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning 2023 yil 13 apreldagi 01-02-19/1437 - son ma’lumotnomasi). Natijada, qishki mavsumning bir oyi davomida optimallashtirish hisobiga ta’minlanuvchi iqtisodiy samaradorlik 120,59 mln. so‘mni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish