Mambetnazarov Esen Bisenbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Janubiy Orol bo‘yi hududida g‘o‘za qator oralariga ishlov berishni takomillashtirish”, 06.01.01-Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD / Qx.989.
Ilmiy rahbar: Nurmatov Shermat Nurmatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/30.12.2019.Qx/V.42.01.
Rasmiy opponentlar: Ibragimov Odiljon Olimjonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Qarabaev Ikramjon To‘raevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qoraqalpog‘iston Respublikasining sug‘oriladigan sho‘rlangan allyuvial o‘tloqi tuproqlari sharoitida g‘o‘za qator oralariga ishlov berish chuqurliklari va sonini tuproqning suv fizik, agrofizikaviy va agrokimyoviy xossalarini o‘zgarishiga ta’sirini aniqlash hamda yuqori va sifatli paxta hosili etishtirishni ta’minlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Janubiy Orol bo‘yi xududining sug‘oriladigan sho‘rlangan allyuvial o‘tloqi tuproqlarida g‘o‘za qator oralariga 4 marta (birinchisi 8-10 sm, keyingilari 13-15 sm chuqurlikda) ishlov berilganda 6 marta chuqur ishlov berilganga nisbatan tuproqning 10-0,25 mm kattalikdagi agregatlar miqdori 4,04 % ga, g‘ovakligi 3,8 % ga, suv o‘tkazuvchanligi 131,9 m3/ga oshganligi, hajm massasi 0,06 g/sm3 ga kamayganligi, agrokimyoviy xossalari va tuz rejimi yaxshilanganligi aniqlangan;
allyuvial o‘tloqi tuproqlarda g‘o‘za qator oralariga birinchi ishlovni 8-10 sm chuqurlikda ma’danli o‘g‘itlar qo‘llash bilan birga, keyingilarini 13-15 sm chuqurlikda sug‘orish  egatlari olish, ishlov berish va o‘g‘it qo‘llash bilan birga egat olish tartibida 4 marta o‘tkazish maqbul ekanligi aniqlangan;
g‘o‘za qator oralariga 4 marta maqbul ishlov berilganda, 6 marta ishlov berilganga nisbatan o‘simlikning bo‘yi 6,5 sm baland, ko‘saklar soni 2,6 donaga ko‘p, g‘o‘za o‘q ildizining uzunligi 19,1 sm ga ortiq, asosiy yon ildizlari soni 11,1 donaga ortishi aniqlangan;
g‘o‘za qator oralariga 4 marta (birinchisi 8-10 sm, keyingilari 13-15 sm chuqurlikda) ishlov berilganda, 6 marta ishlov berilganga nisbatan  3,7 s/ga qo‘shimcha paxta hosili olingan, tola chiqishi 1,5% ga, tolaning solishtirma uzilish kuchi 1,6 gt/tex ga, chigitning moydorligi 0,2 % ga ortishi aniqlangan;
g‘o‘za qator oralariga 4 marta (birinchisi 8-10 sm, keyingilari 13-15 sm chuqurlikda) ishlov berish samarali ekanligi aniqlanib, shartli sof foyda 292511,6 so‘m/ga (2011 yil baholarida) ga, rentabellik darajasini 16,1 % ga yuqori bo‘lishiga erishilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Janubiy Orol bo‘yi hududining sug‘oriladigan sho‘rlangan allyuvial o‘tloqi tuproqlarida g‘o‘za  qator oralariga ishlov berishni takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
paxta-to‘qimachilik klasterlari, agrokooperatsiyalar va fermer xo‘jaliklari uchun “Janubiy Orol bo‘yi hududida g‘o‘za qator oralariga ishlov berishni takomillashtirish” bo‘yicha tavsiyanoma tasdiqlangan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 30.12. № 02/011-3891-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma paxta etishtiruvchi fermer xo‘jaliklarida foydalanish uchun xizmat qiladi;
g‘o‘za qator oralariga maqbul ishlov berish chuqurliklari va soni Chimboy tumanidagi «Amirniyazov Shuxrat» fermer xo‘jaligida 32,3 ga, «Amir Musa» fermer xo‘jaligida 32,1 gektar, «Xo‘jamurat Baymurat» fermer xo‘jaligida 18,5, «Biybi Aysha» fermer xo‘jaligida 14,3 gektar jami 97,2 ga maydonga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 30.12.№02/011-3891-son ma’lumotnomasi). Natijada gektaridan 2,9-3,3 sentner qo‘shimcha paxta hosili olingan;
g‘o‘za qator oralariga 4 marta (birinchisi 8-10 sm, keyingilari 13-15 sm chuqurlikda) ishlov berish Chimboy tumanidagi «Amir Musa» fermer xo‘jaligida 32,1 gektar maydonga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 30 dekabrdagi №02/011-3891-son ma’lumotnomasi). Natijada gektaridan 3,3 sentner qo‘shimcha paxta hosili olingan, shartli sof foyda 970695 so‘m/ga ni, rentabellik darajasi 33,4 % ni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish