Xodjaeva Dilafro‘z Izatilloevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tilshunoslik terminlarining leksikografik tahlili (ingliz, rus va o‘zbek tillari izohli lug‘atlari materiallari misolida)», 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B 2017.2.PhD/Fil213.
Ilmiy rahbar: Mirzaev Ibodulla Kamolovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Umarxo‘jaev Muxtor Eshonxo‘jaevich, filologiya fanlari doktori, professor; Nasrullaeva Nafisa Zafarovna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ingliz, rus va o‘zbek tillari tilshunoslik terminlarini qiyosiy-chog‘ishtirma aspektda leksikografik nuqtai nazardan yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ingliz, rus va o‘zbek tillari izohli lug‘atlarida tilshunoslik terminlarining berilishi ilk bor qiyosiy-chog‘ishtirma aspektda o‘rganilib, ularning tillararo mazmuniy mutanosiblik va nomutanosibligi isbotlangan;
tahlilga tortilgan tilshunoslik terminlari terminografiya talablari: aniqlik, mantiqan izchillik, tizimlilik, adabiy til me’yorlariga mosligi, ommaboplik nuqtai nazaridan tavsiflangan;
tilshunoslik terminlarining tillararo leksik-semantik xususiyatlari, izohli lug‘atlarda kodifikatsiyalanish miqdor ko‘rsatkichi aniqlandi;
tilshunoslik terminologiyasi asosida o‘zbek tilida soha terminlarini unifikatsiyalash, uyg‘unlashtirish va yangi izohlarini ishlab chiqish bo‘yicha uslubiy yondashuvlar takomillashtirilgan;
lug‘atlarga kiritilmagan pragmalingvistika, gender, kognitiv tilshunoslik, kognitivizm, diskurssingari terminlarning izohlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Turli tizimli tillardagi tilshunoslik terminlarining tadqiqi jarayonida olingan ilmiy natija va xulosalar asosida:
terminologiya va terminografiya mezonlari asosida terminlarni leksikografik kodifikatsiyalash, unifikatsiyalash, tartibga solish bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan davlat ilmiy-texnika dasturi doirasidagi I-2015-7-19-son innovatsion loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 29 noyabrdagi FTA-02-11/1213-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi «Ruscha-inglizcha metallurgiya terminlarining o‘zbekcha izohli lug‘ati»ni yaratishda nazariy asos bo‘lgan;
zamonaviy tilshunoslik yo‘nalishlariga doir terminlar, ularning tavsifi, tasnifi hamda leksikografik tamoyillar va yondashuvlar bo‘yicha olingan ilmiy va amaliy natijalardan oliy ta’lim tizimi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 30 yanvardagi 87-03-422-son ma’lumotnomasi). Taklif qilingan ilmiy xulosalar tinglovchilarning leksik, frazeologik va leksikografik bilimlarni egallashda, terminologiya sohasidagi bilimlarni hozirgi zamon tilshunosligi bilan uyg‘unlashtirishda asos bo‘lib xizmat qilgan;
terminologiyaning til tizimidagi o‘rni, ahamiyati, xususan, milliy terminologiyani rivojlantirishda boshqa tillardan kirib kelgan ayrim terminlarning tilimizdagi muqobillaridan foydalanish borasida olingan ilmiy va amaliy natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston 24» teleradiokanali tomonidan tayyorlangan turkum teleko‘rsatuvda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2017 yil 15 dekabrdagi 02-09-225-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv mazmuni lisoniy faktlar bilan boyitilgan hamda tomoshabinlar milliy terminologiyaning til ravnaqidagi ahamiyati to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lgan.