Gafurov Bunyod Baxtiyarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Mahallabay ishlash – hududlarda kambag‘allikni qisqartirish vositasi sifatida (Surxondaryo viloyati misolida)”, 08.00.12 – “Mintaqaviy iqtisodiyot”(iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/Iqt2479.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Zokirov Sayidfozil Sayidakbarovich, iqtisodiyot fanlari doktori, (DSc) professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, DSc.14/30.12.2019.I.84.01.
Rasmiy opponentlar: Sodiqov Avazbek Madaminovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Ro‘ziev Oybek Abdimo‘minovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Surxondaryo viloyati misolida hududlarda kambag‘allikni qisqartirishda mahallabay ishlash tizimi orqali mahalla instituti imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
hududlarni mahalla kesimida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda mahalla raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari shtat birligini isloh qilgan holda har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimini joriy etish zarurligi asoslangan;
Surxondaryo viloyatining tog‘li va erlari sho‘rlangan hududlarida yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’ektlari uchun foyda solig‘ining amalda belgilangan stavkasini 50 foizga tushirish bo‘yicha imtiyoz berish zarurati ilmiy asoslangan;
Surxondaryo viloyatida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili bo‘yicha 138 ta mahallalarni ma’lum turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirishga ixtisoslashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan;
mahallabay ishlash tizimi asosida tadbirkorlikni rivojlantirishning yalpi hududiy mahsulot hajmini oshirishga ta’sirini hisobga olib Surxondaryo viloyatida yalpi hududiy mahsulot hajmining 2027-yilga qadar prognozi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish maqsadida mahallabay ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar va amaliy tavsiyalar asosida:
hududlarni mahalla kesimida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda mahalla raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari shtat birligini isloh qilgan holda har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimini joriy etish bo‘yicha takliflar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-31-sonli qarori loyihasining 14-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2022-yil 29-dekabrdagi 6/30-02/143-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifni amaliyotda qo‘llash respublikamizning 9370 ta mahallasida hokim yordamchisi lavozimini joriy etish, hokim yordamchilari tomonidan 2022-yil davomida 1,1 mln nafar aholini daromadli mehnat bilan band qilish imkonini berdi;
Surxondaryo viloyatining tog‘li va erlari sho‘rlangan hududlarida yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’ektlari uchun foyda solig‘ining amalda belgilangan stavkasi 50 foizga tushirish bo‘yicha imtiyoz berish to‘g‘risidagi takliflar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-avgustdagi “Surxondaryo viloyatida qulay investisiya muhitini yaratish, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rag‘batlantirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5228-sonli qarori 4-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (Surxondaryo viloyati hokimligining 2023-yil 16-yanvardagi 04-04/254-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni amaliyotda qo‘llash, viloyatning tog‘li va erlari sho‘rlangan hududlarida yangi tashkil etilgan yoki ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun 2024-yil 1-yanvarga qadar foyda solig‘ining amalda belgilangan stavkasini 50 foizga tushirilishiga, viloyatda yangi tadbirkorlik sub’ektlari paydo bo‘lishi birmuncha tezlashishiga va chekka hududlarida tadbirkorlar soni ko‘payishiga turtki bo‘ldi;
Surxondaryo viloyatida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili bo‘yicha 138 ta mahallalarni ma’lum turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirishga ixtisoslashtirish bo‘yicha takliflar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-avgustdagi “Surxondaryo viloyatida qulay investisiya muhitini yaratish, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rag‘batlantirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5228-sonli Qarorining 1-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (Surxondaryo viloyati hokimligining 2023-yil 16-yanvardagi 04-04/254-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur taklif natijasida, Surxondaryo viloyatida 138 ta mahalla ixtisoslashtirish uchun tanlab olinib, ularda istiqomat qiluvchi 11 mingga yaqin xonadonlarga 298 mlrd.so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilishiga erishildi;
mahallabay ishlash tizimi asosida tadbirkorlikni rivojlantirishning yalpi hududiy mahsulot hajmini oshirishga ta’sirini hisobga olib, Surxondaryo viloyati bo‘yicha 2027-yilga qadar ishlab chiqilgan prognoz hisob-kitoblari Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-avgustdagi “Hududlarda “mahallabay” asosida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining doimiy daromad manbalarini ko‘paytirish orqali kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 504-son qarorining 5-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2022-yil 29-dekabrdagi 6/30-02/143-sonli ma’lumotnomasi).