Boynazarov Bekzod Baxtiyorovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Quyosh havoqizdirgich kollektorlarida issiqlik almashinuv jarayonlarini jadallashtiruvchi elementlarni geometrik parametrlarini asoslash”, 05.05.06 – «Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari» ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/T3484.
Ilmiy rahbar: Uzbekov Mirsoli Odiljanovich, texnika fanlari bo‘yicha PhD, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Farg‘ona politexnika instituti”.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona politexnika instituti, PhD.03/27.02.2020.T.106.02.
Rasmiy opponentlar: Raximov Rustam Xakimovich, texnika fanlari doktori; Abdukarimov Bekzod Abubakirovich, texnika fanlari bo‘yicha PhD.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: termogidravlik xarakteristikalari asosida quyosh havoqizdirgich kollektori va issiqlik almashinuv jarayonlarini jadallashtiruvchi elementlarni geometrik parametrlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
turli geometrik shakl va o‘lchamlarga ega issiqlik almashinuvi jarayonlarini jadallashtiruvchi elementlardan iborat quyosh havoqizdirgich kollektorlarini Reynolds sonining 2500÷14000 qiymatlari oralig‘ida issiqlik tarqalishi va havoning tezligiga mos holda bosim yo‘qolishini aniqlash imkonini beruvchi matematik model ishlab chiqilgan;
quyosh havoqizdirgich kollektorlarida issiqlik almashinuvi jarayonlarini jadallashtiruvchi elementlarning bosim yo‘qolishiga ta’siri, issiqlik berish koeffisienti va iqtisodiy ko‘rsatkichlari asosida maqbul geometrik o‘lchami element balandligining 10÷60 mm qiymatlarida aniqlangan;
bosim yo‘qolishi va issiqlik berish ko‘rsatkichlari asosida 1 m2 yuzali quyosh havoqizdirgich kollektori uchun kengligi 600÷1000 mm, uzunligi 1000÷1650 mm qiymatlarida maqbul geometrik o‘lchamlari aniqlangan;
issiqlik almashinuvi jarayonlarini jadallashtiruvchi romb shakl elementli quyosh havoqizdirgich kollektorining o‘lchamlarini inobatga olgan holda gidravlik qarshilik koeffisientini aniqlash imkonini beruvchi analitik ifoda olingan.
IV. Tadqiqot natijalarinig joriy qilinishi termogidravlik xarakteristikalari asosida quyosh havoqizdirgich kollektori va issiqlik almashinuv jarayonlarini jadallashtiruvchi elementlarni geometrik parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
bosim yo‘qolishi past va issiqlik berish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan issiqlik almashinuvi jarayonlarini jadallashtiruvchi romb shaklli elementga ega quyosh havoqizdirgich kollektorining “FERPI-INNO” unitar korxonasida S-30694684-001:2023 standarti ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023 yil 14 senyabrdagi 4/17-4/4-6340-sonli ma’lumotnomasi). Natijada quyosh havoqizdirgich kollektorini seriali ishlab chiqish faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
“Uz-Hanwoo-Engineering” masʼuliyati cheklangan jamiyatida 1 m2 yuzali nazorat postida qo‘shimcha issiqlik ishlab chiqaruvchi qurilma sifatida issiqlik quvvati 700 W/m2 ni tashkil qiluvchi romb shaklli elementga ega quyosh havoqizdirgich kollektori joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Energetika Vazirligining 2023 yil 18 sentyabrdagi 04-13-5522-son ma’lumotnomasi). Natijada korxonada bir isitish mavsumida tarmoqdan iste’mol qilinuvchi issiqlik energiyasini 18 % ga qisqartirishga erishilgan.