Fayzullaev Odilbek Bahodirovichning
falsafa doktori (PhD) Dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Gidroponika usulida etishtirilgan oziqalar bilan qo‘ylarning oziqlantirishning samaradorligi”, 06.02.03 – Xususiy zootexniya. Chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Qx773
Ilmiy rahbar: Shaptakov Erkin Suyunovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti, PhD05/12.2019.Qx.75.01.
Rasmiy opponentlar: Ro‘ziboev Nuraddin Raximovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Abduzoirova Durdonaxon Yunusovna, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston sharoitida gidroponika usulida o‘stirilgan oziqalarning (bug‘doy, arpa, makkajo‘xori maysasi) jaydari zotli qo‘ylar o‘sish va rivojlanish xususiyatlarini hamda go‘sht mahsuldorligiga ta’sirini ilmiy jihatdan asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston qo‘ychiligida ilk bor gidropon usulda tayyorlangan ozuqalarning hazmlanish darajasi 20-25% yuqori bo‘lganligi sababli nazorat guruhiga nisbatan o‘sish, rivojlanish va mahsuldorlik ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir etishi aniqlangan;
Nurobod tumani sharoitida jaydari zotli qo‘ylarni bo‘g‘ozligining ikkinchi yarmida gidroponika usulida o‘stirilgan (bug‘doy maysasi tarkibida xom protein 5,3 foizga yuqori) oziqalar bilan oziqlantirilganda ular avlodlarning tirik vazni tug‘ilganda 0,3 kg, 5 oyligida 1,4 kg, 6 oyligida 2,1 kg va 8 oyligida 5,8 kg nazorat guruhiga nisbatan yuqori bo‘lishi aniqlangan;
Forish tumani sharoitida gidropon ozuqalar bilan oziqlantirilgan (bug‘doy, arpa, makkajo‘xori maysasi tarkibida xom protein ular doniga nisbatan 26-27% yuqori) qo‘ylarning tug‘ilgandan 8 oylikgacha bo‘lgan davrdagi mutlaq o‘sish ko‘rsatkichi bug‘doy yormasi bilan oziqlantirilgan qo‘ylarga nisbatan 7,8 kg, arpa maysasi bilan oziqlantirilgan qo‘ylarga nisbatan 5,7 kg va makkajo‘xori maysasi bilan oziqlantirilgan qo‘ylarga nisbatan 4,3 kg ga yuqori bo‘lishi aniqlangan;
Nurobod tumani sharoitida tarkibida xom protein miqdori 9,4 gramm yuqori bo‘lgan (bug‘doy doniga nisbatan) gidropon ozuqalar bilan oziqlantirilgan qo‘chqorchalar 8 oylik yoshida nimta vazni 3,39 kg, lahm go‘sht vazni 2,3 kg, so‘yim chiqimi 2,9 % nazorat guruhiga nisbatan yuqori bo‘lishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Gidroponika usulida etishtirilgan oziqalar bilan qo‘ylarni oziqlantirish samaradorligi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
jaydari zotli qo‘ylarni gidroponika usulida o‘stirilgan ozuqalar (bug‘doy maysasi) bilan oziqlantirib, mahsuldorligini oshirish usuli Samarqand viloyati Nurobod tumani “Yusuf imomtepa erlari” fermer xo‘jaligida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023-yil 12-sentyabrdagi 02/23-388-son ma’lumotnomasi). Natijada tirik vazni nazorat guruhiga nisbatan bir bosh hisobiga 8,2 kg yuqori bo‘lishi, sof foyda 420 ming so‘mni tashkil etib, rentabellik darajasi 9,4 foizga ortgan;
jaydari zotli qo‘ylarni gidroponika usulida o‘stirilgan ozuqalar (bug‘doy maysasi) bilan oziqlantirib, mahsuldorligini oshirish usuli Samarqand viloyati Nurobod tumani “Taypoqkul” fermer xo‘jaligida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023-yil 12-sentyabrdagi 02/23-388-son ma’lumotnomasi). Natijada tirik vazni nazorat guruhiga nisbatan bir bosh hisobiga 7,2 kg yuqori bo‘lgani aniqlanib, sof foyda 397 ming so‘mni tashkil etib, rentabellik darajasi 8,6 foizga oshgan;
jaydari zotli qo‘ylarni gidroponika usulida o‘stirilgan ozuqalar (bug‘doy, arpa, makkajo‘xori maysasi) bilan oziqlantirib, mahsuldorligini oshirish usuli Jizzax viloyati Forish tumani “Al fatx trede klastri” MChJ da joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023-yil 12-sentyabrdagi 02/23-388-son ma’lumotnomasi). Natijada tirik vazni nazorat guruhiga nisbatan bir bosh hisobiga 9,2 kg yuqori bo‘lishi, sof foyda 469,2 ming so‘mni tashkil qilib, rentabellik darajasi 11,2 foizga ko‘paygan;
jaydari zotli qo‘ylarni gidroponika usulida o‘stirilgan ozuqalar (bug‘doy, arpa, madkkajo‘xori maysasi) bilan oziqlantirib, mahsuldorligini oshirish usuli Jizzax viloyati Forish tumani “Raxim bobo chorvasi” fermer xo‘jaligida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023-yil 12-sentyabrdagi 02/23-388-son ma’lumotnomasi). Natijada tirik vazni nazorat guruhiga nisbatan bir bosh hisobiga 8,8 kg yuqori bo‘lishi, sof foyda 448,8 ming so‘mni tashkil qilib, rentabellik darajasi 9,7 foizga ortgan.