Ruziev Umidjon Abdimajitovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Texnologik jarayonlarni nazorat qilishning texnik vositalarini intellektuallashtirish konsepsiyasi”, 05.03.01-Asboblar. O‘lchash va nazorat qilish usullari (texnika fanlari), 05.01.11-Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.DSc/T590.
Ilmiy maslahatchilar: Yusupbekov Nodirbek Rustambekovich, texnika fanlari doktori, professor, O‘zR FA akademigi; Avazov Yusuf Shodievich, texnika fanlari doktori (DSc), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/30.12.2019.T.03.02.
Rasmiy opponentlar: Uljaev Erkin, texnika fanlari doktori, professor; Madraximov Shavkat Fayzullaevich, texnika fanlari doktori, dotsent; Jumaev Odil Abdujalilovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon mashinasozlik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: nazorat va monitoring qilishning texnik vositalarini intellektuallashtirish muammolarini samarali echish konsepsiyasini, shuningdek texnologik jarayonlarning parametrlarini o‘lchash uchun intellektual vositalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
raqamli o‘lchash axborotlarini intellektual tahlil qilish usuli asosida noaniqlik sharoitlarida o‘lchash ma’lumotlarining yuqori ishonchliligini ta’minlovchi nazoratning texnik vositalarini intellektuallashtirish nazariyasi takomillashtirilgan;
ortiqcha zaxiralash usuli asosida o‘lchash vositalarining diagnostikasi va yuqori ishonchliligini ta’minlovchi intellektual o‘lchash vositalarini diagnostika qilish usuli takomillashtirilgan va real vaqt rejimida o‘z-o‘zini nazorat qilish algoritmi ishlab chiqilgan;
bashoratlash va baholash modellari asosida o‘lchash ma’lumotlarining ishonchliligini baholash imkonini beradigan intellektual o‘lchash vositalari o‘lchash natijalarini tekshirishning uslubiyati ishlab chiqilgan;
kognitiv analizatorni qo‘llash hisobiga o‘lchash vositalari soz holatini aniqlash imkonini beradigan intellektual o‘lchash vositalarini metrologik o‘z-o‘zini nazorat qilish usuli ishlab chiqilgan;
kalibrlash jarayonida intellektual datchikni “o‘qitish” asosida o‘lchash vositalarini avtomatik kalibrlashni amalga oshirishni ta’minlovchi intellektual o‘z-o‘zini kalibrlash usuli ishlab chiqilgan;
mikrokontrollerning etalon signaliga datchikni reaksiyasi asosida o‘lchash vositalarining diagnostikasi va o‘z-o‘zini nazorat qilish imkonini beradigan o‘lchash vositalarining holatini aniqlovchi, datchiklarni intellektuallashtirish uchun universal qurilma ishlab chiqilgan;
neyro-noaniq tizimlar asosida o‘lchash aniqligini oshirish imkonini beradigan intellektual qurilmaning o‘lchash natijalariga tashqi muhit ta’sirlarini tuzatish sxemasi va algoritmlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Texnologik jarayonlarni boshqarishning texnik vositalarini intellektuallashtirish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar quyidagi ko‘rinishda joriy qilingan:
intellektual o‘lchash qurilmalarini metrologik o‘z-o‘zini nazorat qilish usuli “Sayhun Gold Oil” MChJ korxonasida joriy etilgan (“O‘ZYoG‘MOYSANOAT” uyushmasining 2023-yil 13-oktyabrdagi 03/3-471-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘lchash signalining ishonchliligi oshirilgan va o‘lchash vositalarining ishlash muddati uzaytirilgan;
parametrik turdagi datchiklarni intellektuallashtirish uchun universal qurilma “Sayhun Gold Oil” MChJ korxonasida joriy etilgan (“O‘ZYoG‘MOYSANOAT” uyushmasining 2023-yil 13-oktyabrdagi 03/3-471-son ma’lumotnomasi). Natijada, nazorat-o‘lchash asboblariga texnik xizmat ko‘rsatish va diagnostika xarajatlari 4% gacha kamaygan hamda kalibrlash va qiyoslash oralig‘i mudatlari uzaytirilgan;
intellektual o‘lchash qurilmalarini o‘z-o‘zini kalibrlash usuli “Sayhun Gold Oil” MChJ korxonasiga joriy etilgan (“O‘ZYoG‘MOYSANOAT” uyushmasining 2023-yil 13-oktyabrdagi 03/3-471-son ma’lumotnomasi). Usulni joriy etish natijasida kalibrlash amallarini avtomatlashtirish tufayli kalibrlash ishlarini bajarish xarajatlari 3% gacha kamaygan;
intellektual o‘lchash qurilmasining o‘lchash natijalariga tashqi muhit ta’sirni tuzatish algoritmlari “Sayhun Gold Oil” MChJ korxonasida joriy etilgan (“O‘ZYoG‘MOYSANOAT” uyushmasining 2023-yil 13-oktyabrdagi 03/3-471-son ma’lumotnomasi). Natijada, tashqi muhit ta’sirlarini kompensatsiya qilish orqali yuqori o‘lchash aniqligiga erishilgan, bu esa yaroqsiz mahsulot miqdorini kamayishiga olib kelgan.