Sagdullaev Fatxulla Shukrullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqishning jinoyat-huquqiy jihatlari”, 12.00.08 – Jinoyat huquqi. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Yu757.
Ilmiy rahbar: Salaev Nodirbek Saparbaevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: Zufarov Rustam Axmedovich, yuridik fanlar doktori, professor; Abduqodirov Sherzod Yoqubjonovich, yuridik fanlar doktori dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyati tarkibini kompleks tahlil qilish, uning ob’ektiv va sub’ektiv belgilari mazmun mohiyatini tushunish bo‘yicha to‘g‘ri ilmiy yondashuvni ishlab chiqish, jinoyat-huquqiy normalarni qo‘llash, tergov va sud amaliyotini, jinoyat qonun normalarini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mansabdor shaxs tomonidan u mansab vakolati yo‘qligi yoki o‘z xizmat mavqeidan foydalana olmasligi tufayli aslida amalga oshira olmaydigan muayyan harakat (harakatsizlik) uchun pul, qimmatli qog‘oz va boshqa moddiy qimmatliklar olinishi, unda mazkur qimmatliklarni egallashga nisbatan qasd mavjud bo‘lgan taqdirda firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi zarurligi asoslangan;
agar shaxs go‘yoki mansabdor shaxsga pora sifatida berish uchun pul yoki boshqa qimmatliklarni olib, biroq aslida bunday niyati bo‘lmasdan ularni o‘zlashtirsa qilmish firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi zarurligi asoslangan;
tekshirish jarayonida tekshirishga vakolatli organ va uning mansabdor shaxslarining vakolatlari doirasidan chetga chiqmasligiga doir normalarni kiritish zarurati asoslangan;
qonunchilikka tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxslarga o‘z vakolatlari doirasidan chiqmaslik majburiyatini, shuningdek, vakolatli bo‘lgan shaxsning vakolatiga kirmaydigan yoki tekshiruv predmetiga aloqador bo‘lmagan masalalar bo‘yicha talablarni bajarmaslik huquqini berish bilan bog‘liq normalarni kiritish zarurati asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi doirasida olingan ilmiy natijalar quyidagilarda foydalanilgan:
mansabdor shaxs tomonidan u mansab vakolati yo‘qligi yoki o‘z xizmat mavqeidan foydalana olmasligi tufayli aslida amalga oshira olmaydigan muayyan harakat (harakatsizlik) uchun pul, qimmatli qog‘oz va boshqa moddiy qimmatliklar olinishi, unda mazkur qimmatliklarni egallashga nisbatan qasd mavjud bo‘lgan taqdirda, firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi zarurligi yuzasidan takliflaridan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumining 2017-yil 11-oktyabrdagi “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 35-son qarorining 22-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2022-yil 8-iyundagi 08/371-22-son dalolatnomasi). Bu taklifning qabul qilinishi mansabdor shaxs tomonidan sodir etiladigan firibgarlik jinoyatini mansab vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyatidan farqlashga xizmat qilgan;
mansab vakolati yo‘qligi yoki o‘z xizmat mavqeidan foydalana olmasligi tufayli aslida amalga oshira olmaydigan mansabdor shaxs go‘yoki mansabdor shaxsga pora sifatida berish uchun pul yoki boshqa qimmatliklarni olib, biroq aslida bunday niyati bo‘lmasdan ularni o‘zlashtirsa qilmish firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi zarurligi to‘g‘risidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumining 2017-yil 11-oktyabrdagi “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 35-son qarorining 22-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2022-yil 8-iyundagi 08/371-22-son dalolatnomasi). Bu taklifning qabul qilinishi mansabdor shaxs tomonidan sodir etiladigan poraxo‘rlik jinoyatini firibgarlik jinoyatidan farqlashga xizmat qilgan;
tekshirish jarayonida tekshirishga vakolatli organ va uning mansabdor shaxslarining vakolatlari doirasidan chetga chiqmasligiga doir normalarni kiritish haqidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-apreldagi 352-son qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini tekshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 24-bandi hamda umumta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish tartibi to‘risidagi nizomning 25-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2022-yil 26-maydagi 12/21-38-son dalolatnomasi). Bu taklifning qabul qilinishi tekshirish jarayonida tekshirishga vakolatli organ va uning mansabdor shaxslarining vakolatlari doirasini aniq belgilashga xizmat qilgan;
qonunchilikka tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxslarga o‘z vakolatlari doirasidan chiqmaslik majburiyatini, shuningdek, vakolatli bo‘lgan shaxsning vakolatiga kirmaydigan yoki tekshiruv predmetiga aloqador bo‘lmagan masalalar bo‘yicha talablarni bajarmaslik huquqini berish bilan bog‘liq normalarni kiritish yuzasidan takliflari Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-iyundagi 402-son qarori bilan tasdiqlangan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoring va nazoratni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 23 va 24-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2022-yil 26-maydagi 12/21-38-son dalolatnomasi). Bu taklifning qabul qilinishi qonunchilikda tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxslarga o‘z vakolatlari doirasidan chiqmaslik majburiyatini mustahkamlashga xizmat qilgan.