Rasulov Dilmurod Ibodilloevichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mutagenez uslubi orqali G.barbadense L. turiga mansub, tola sifati I tipga mos g‘o‘za navini yaratish”, 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B.2023.3 PhD/Qx1014.
Ilmiy rahbar: Kozubaev Shuxrat Sattardjanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti, PhD.05/27.02.2020.Qx.42.02.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: g‘ozaning “SP-302” navi (NAP 00438).
II. Tadqiqotning maqsadi: mutagenez uslubi orqali Respublikaning turli tuproq-iqlim sharoitiga (garmsel, jazirama issiq, suv tanqisligi) bardoshli, tezpishar, tola sifati I tipga mos, yuqori va sifatli hosil beradigan G.barbadense L. turiga mansub g‘o‘za navini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
g‘o‘zaning ingichka tolali g‘o‘za navlari urug‘larini CO60 bilan turli dozada nurlantirib olingan mutantlar orasidan xo‘jalik uchun qimmatli belgilarning ijobiy majmuasiga ega mutantlarni ajratib olish mumkinligi isbotlangan;
ajratib olingan mutantlar asosida yaratilgan g‘o‘za oilalarida xo‘jalik uchun qimmatli belgilarning shakllanishi va barqarorlashuvi o‘rganilgan;
tanlangan mutantlar orasidan tezpisharlik, hosildorlik, yuqori tola sifati va chiqimi, garmsel va suv tanqisligiga bardoshlilik va boshqa xo‘jalik qimmatli belgilarning ijobiy majmuasiga ega yangi SP-302 g‘o‘za navi yaratilgan;
nurlantirilgan urug‘laridan olingan mutantlarni tanlash orqali yaratilgan SP-302 g‘o‘za navi o‘simliklari boshqa navlardan xo‘jalik uchun qimmatli belgilar majmuasi bo‘yicha farqlanishi, bir xilligi, barqarorligi va yangiligi tasdiqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mutagenez uslubi orqali g‘o‘zaning G. barbadense L. turiga mansub, tola sifati I tipga mos g‘o‘za navini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:
mutagenez uslubida o‘zgaruvchanligi kengaytirilgan populyatsiyadan yakka tanlash orqali g‘o‘zaning tezpishar, tola sifati I tipga mansub SP-302 navi yaratilgan, joriy qilingan va unga №NAP00438 raqamli patent olingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 27 oktyabrdagi №02/21-06/1260-son ma’lumotnomasi). Natijada, ingichka tolali g‘o‘za genofondi turli stress omillarga bardoshli, tezpishar, tola sifati I tipga mos bo‘lgan yangi nav bilan boyitilgan va ekilayotgan navlarga nisbatan 12,0-13,50% samaradorlikka erishish imkonini bergan;
ingichka tolali SP-302 navi 2022 yilda Surxondaryo viloyati, Jarqo‘rg‘on tumanidagi PSUEAITIning “Seleksioner” tajriba uchastkasida 4,0 gektarga, 2023 yilda Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot institutining “Surxon” tajriba uchastkasida 4,0 ga maydonda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 27 oktyabrdagi №02/21-06/1260-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu navdan andoza navga nisbatan har gektar maydondan 3,7-4,5 sentner qo‘shimcha hosil olingan.
ingichka tolali SP-302 navining original urug‘lari ko‘paytirish va ekin maydonini kengaytirish maqsadida PSUEAITI Namangan ITS tajriba uchastkasi hamda Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Orifjon” yangi navlarni urug‘ini dastlabki ko‘paytirish elita xo‘jaligida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 27 oktyabrdagi №02/21-06/1260-son ma’lumotnomasi). Natijada, original urug‘larni ko‘paytirish maqsadida 300 kg sara urug‘lik jamg‘arilgan va zahiraga olingan.