Tursunov Jaxongir Isroilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Yangi tuzilishli steroid va neytral moddalarni tadqiq qilish», 02.00.09 – Tovarlar kimyosi, 02.00.10 – Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/K495.
Ilmiy rahbarlar: Ibragimov Alidjan Aminovich kimyo fanlari doktori, professor; Eshbakova Komila Alibekovna, kimyo fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.K.05.01.
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Shavkat Vaxidovich, kimyo fanlari doktori, professor; Abduganiev Baxtiyor Yormaxamatovich, kimyo fanlari doktori, dosent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Aconitum septentrionalea Koelle va Cistanche mongolica G.Beck o‘simliklarining steroid va boshqa neytral moddalarini ajratib olish, tuzilishini va biologik faolligini aniqlash hamda yangi biologik faol qo‘shimchalar yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Aconitum septentrionalea Koelle o‘simligidan steroid tuzilishli yangi modda ajratib olingan va uning tuzilishi kimyoviy va uskunaviy usullarda isbotlangan;
Cistanche mongolica G.Beck o‘simligining neytral moddalari, flavonoidlar, vitaminlar, oqsil, aminokislota, yog‘, uglevod, makro-mikro elementlar tarkibi va miqdori aniqlangan;
Cistanche mongolica G.Beck o‘simligidan exinokozid va D-mannitol neytral moddalari sof holda ajratib olingan hamda tuzilishi zamonaviy spektral usullarda isbotlangan;
Cistanche mongolica G.Beck o‘simligi ekstrakti o‘tkir zaharlilik ko‘rsatgichi V toifaga tegishliligi aniqlangan;
Cistanche mongolica G.Beck o‘simligi ekstraktining antidepressant faolligi aniqlangan hamda solishtirma preparat fluoksetinga nisbatan 20-30% gacha yuqori antidepressant faollikni namoyon qilishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Aconitum septentrionalea Koelle va Cistanche mongolica G.Beck o‘simliklarini kimyoviy tarkibini aniqlash hamda biologik faol qo‘shimcha ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Aconitum septentrionalea Koelle o‘simligidan ajratib olingan 24S-ergost-4-en-3,6-dionning rentgen tuzilishi maʼlumotlari Kembridj xalqaro tuzilish maʼlumotlar bazasida (The Cambridge Structural Database, http: //www.ccdc.cam.ac.uk/structures) ro‘yxatga olingan va CCDC: GEJLIS 791025 xos raqami berilgan. Natijada, birikmaning tuzilishi, tabiati, rentgen tuzilishi tahlili yordamida olingan molekulalararo o‘zaro ta’sir va tahlil ma’lumotlaridan soha olimlarining foydalanishiga imkon yaratilgan;
Aconitum septentrionalea Koelle o‘simligidan ajratib olingan yangi tuzilishli steroidning spektr maʼlumotlari va kimyoviy tuzilishi xorijiy ilmiy nashrlar tomonidan steroidlarning tuzilishini hamda Aconitum septentrionalea Koelle o‘simligi kimyoviy tarkibini aniqlashda qo‘llanilgan (Journal of enzyme inhibition and medicinal chemistry, 2016, 31(4), 640-644, Sci Journal, IF-4.168; RSC advances, 2019, 9(18), 10184-10194, Sci Journal, IF-3.267; Chemistry & Biodiversity, 2023, 20(8), e202300161, Sci Journal, IF-2.4). Natijada, o‘simliklardan ajratib olingan birikmalarning tuzilishini aniqlash imkonini bergan;
Cistanche mongolica G.Beck o‘simligi poyasidan olingan “CISTANChE MONGOLICA” ozuqaga biologik faol qo‘shimcha ushun texnikaviy shartlar va texnologik yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan tasdiqlangan (S 02152851-01:2022; TI 02152851-01:2022). Mazkur texnikaviy shartlar va texnologik yo‘riqnoma mahsulotning sifati va texnologik jarayonini nazorat qilish imkonini bergan;
Cistanche mongolica G.Beck o‘simligi asosida yaratilgan tabiiy biologik faol qo‘shimchasi uchun TIF TN bo‘yicha ishlab chiqilgan 2106 90 980 8 kod raqami O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyatdagi tovarlar nomenklaturasiga kiritilib, bojxona amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2023-yil 25-iyuldagi 17/05-23-0522-son ma’lumotnomasi). Natijada, eksport va import jarayonlarida oziq-ovqat qo‘simchalarini tasniflashni soddalashtirish, hamda boj to‘lovlarini to‘g‘ri belgilash imkonini bergan.