Jalilova Dinora Anvarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Texnologik jarayon uzlyuksizligini ta’minlash asosida ip-yigiruv korxonalarining energiya samaradorligini oshirish (“WBM ROMITEX DIROMM” korxonasi misolida)”, 05.05.01 – “Energetika tizimlari va majmualari” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/T2888.
Ilmiy rahbar: Raxmonov Ikromjon Usmonovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/10.12.2019.T.03.03.
Rasmiy opponentlar: Toirov Olimjon Zuvurovich, texnika fanlari doktori, professor; Usmonov Shukurillo Yo‘lbarsovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: “Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ip-yigiruv korxonalari texnologik jarayoni uzlyuksizligini ta’minlash asosida mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan elektr energiyaning solishtirma sarfini kamaytirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ip-yigiruv korxonalari texnologik jarayoni asosiy bo‘linmalarining sutkalik va mavsumiy elektr yuklama grafiklari tahlili asosida qurilmalarning bir vaqtda ishlash koeffisientlari aniqlangan;
ip-yigiruv korxonalarida elektr energiyasi solishtirma sarfini me’yorlashning matematik modeli va algoritmi energetik, texnologik va ishlab chiqarish faktorlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan;
elektr energiyasi solishtirma sarfini korrektirovkalash usuli ishlab chiqarish hajmi, mahsulot nomenklaturasi va texnologik jarayon qurilmalarining tarkibiy o‘zgarishini hisobga olgan holda takomillashtirilgan;
ip-yigiruv korxonalari texnologik jarayoni uzlyuksizligini ta’minlash mezoni asosida kuchlanish pasayishini avtomatik kontaksiz rostlagich sxemasi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Texnologik jarayon uzlyuksizligini ta’minlash asosida ip-yigiruv korxonalari energiya samaradorligini oshirish mavzusi doirasida olingan ilmiy natijalar asosida:
ip-yigiruv korxonalari texnologik jarayoni asosiy bo‘linmalarining namunaviy elektr yuklama grafiklari tahlili asosida aniqlangan qurilmalarning bir vaqtda ishlash koeffisientlari elektr energiyasining me’yor ko‘rsatkichlarini hisoblashda “WBM ROMITEX DIROMM” ip-yigiruv korxonasiga joriy qilingan (“O‘zto‘qimachilik” uyushmasining 2023 yil 15 iyundagi №03/25-1336 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, texnologik jarayon qurilmalarining bir vaqtda ishlash koeffisientlarini hisobga olgan holda elektr energiyasining solishtirma sarfini hisoblash aniqligini o‘rtacha 2,3% ga oshirish imkoniyati yaratilgan;
elektr energiyasi solishtirma sarfini me’yorlashning matematik modeli va algoritmi “WBM ROMITEX DIROMM” ip-yigiruv korxonasiga joriy qilingan (“O‘zto‘qimachilik” uyushmasining 2023 yil 15 iyundagi №03/25-1336 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, elektr energiyasi solishtirma sarfini me’yorlash usulini takomillashtirish yordamida korxonada 3% gacha elektr energiyasini iqtisod qilish zahiralarini aniqlash imkoniyati yaratilgan;
kuchlanish pasayishini avtomatik kontaksiz rostlagich sxemasi asosidagi qurilma “WBM ROMITEX DIROMM” ip-yigiruv korxonasiga joriy qilingan (“O‘zto‘qimachilik” uyushmasining 2023 yil 15 iyundagi №03/25-1336 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, korxonaning texnologik jarayonidagi to‘xtashlar va uzilishlar sonini yillik o‘rtacha 7 tadan 3 tagacha qisqartirish hisobiga mahsulot ishlab chiqarish unumdorligini 17 % gacha oshirish hamda mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan elektr energiyasining solishtirma sarfini 1 tonna mahsulot uchun 30,31 kVt∙soatga yoki 1,63 %ga kamaytirishga erishilgan bo‘lib, kutilayotgan yillik iqtisodiy samaradorlik 102 749 850 so‘mni tashkil etgan.