Sherxolov Olimjon Iskandarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Navoiy viloyati aholisi o‘sishi va joylanishining geografik muammolari», 11.00.02 – Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya (geografiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Gr246.
Ilmiy rahbar: Tojieva Zulxumor Nazarovna, geografiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Gr.01.06.
Rasmiy opponentlar: Mamatqulov Abdurashid Vaxidovich, iqtisod fanlari doktori, professor; Jumaxonov Shavkat Zoirjonovich, geografiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Navoiy viloyati aholisi o‘sishi va joylanishiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash asosida uning ijtimoiy-iqtisodiy geografik muammolari echimiga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Navoiy viloyati aholisi joylanishiga ta’sir etuvchi tabiiy geografik (sug‘oriladigan erlar, tuproq, iqlim, relef) va iqtisodiy-demografik (sanoat, transport, foydali qazilmalar, aholi zichligi, aholining tabiiy va mexanik harakati) omillarning hududiy xususiyatlari asosida geodemografik rayonlarga ajratilgan;
viloyat tumanlari aholisi sonini ularning jami er maydoniga nisbatan brutto va sug‘oriladigan erlariga nisbatan netto (sof) zichliklari hamda tumanlarning solishtirma indeksi aniqlangan;
viloyatning tekislik (400 m gacha), tog‘ oldi (400-1000) va tog‘li (1000 m dan yuqori) hududlari aholisi soni va zichligi, aholi punktlari o‘lchami va ular orasidagi o‘rtacha masofasi, ixtisoslashuvi gipsometrik balandlik mintaqalari bo‘yicha aniqlangan hamda aholi punktlarining joylanish kartasi yaratilgan;
Navoiy viloyati aholisi o‘sishi va joylanishiga ta’sir etuvchi omillar geodemografik rayonlar bo‘yicha aniqlangan hamda aholisi soni, hududiy (shahar, qishloq), demografik (yosh, jins) tarkiblarining 2040-yilgacha bo‘lgan prognoz parametrlari ekstrapolyasiya va yosh siljitish metodlari asosida ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Navoiy viloyati aholisi o‘sishi va joylanishining geografik muammolari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Navoiy viloyati hududini aholi joylanishiga ta’sir etuvchi tabiiy geografik va iqtisodiy-demografik omillar asosida geodemografik rayonlarga ajratish metodikasi “Aholi geografiyasi va demografiya asoslari” nomli darslikga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2022-yil 17-martdagi 106-072-son guvohnomasi). Natijada, bu talabalarning hududlarni geodemografik rayonlarga ajratish uchun asos bo‘ladigan omillarni aniqlash kompetensiyasini takomillashtirish imkonini bergan;
Navoiy viloyati tumanlari aholisi sonini ularning jami er maydoniga nisbatan brutto va sug‘oriladigan erlariga nisbatan netto (sof) zichliklari aniqlanganligi hamda shu asosda yaratilgan aholisi soni, tarkibi va joylanish kartalari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligida O‘zbekiston Milliy atlasining “Aholi soni”, “Aholi zichligi” va “Aholi tarkibi” kartalarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining 2023-yil 26-iyundagi 8-04816 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, tumanlar aholisining sug‘oriladigan erlar bilan ta’minlanganlik darajasini aniqlash hamda hududlar rivojlanishini jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqishda samarali natijalarga erishish imkonini bergan;
Navoiy viloyati aholi punktlarining balandlik mintaqalari bo‘yicha soni, zichligi, ularning ixtisoslashuvi, o‘lchami va ular orasidagi o‘rtacha masofasini aniqlash natijalari hamda aholi punktlarining joylanish kartasi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligida O‘zbekiston Milliy atlasining “Navoiy viloyati iqtisodiy kartasi” hamda “Shaharlar va qishloqlar joylanishi”, “Mehnat resurslari” kartalarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining 2023-yil 26-iyundagi 8-04816 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston Milliy atlasining Navoiy viloyatiga tegishli kartalari mazmunini boyitish, ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish imkonini bergan;
Navoiy viloyati aholisining o‘sishi va joylanishiga ta’sir etuvchi omillarni geodemografik rayonlar bo‘yicha aniqlash natijalari hamda aholisi soni, hududiy va demografik tarkiblarining ekstrapolyasiya va yosh siljitish metodlari asosida 2040-yilgacha bo‘lgan davr uchun ishlab chiqilgan prognoz parametrlari O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va Bandlik vazirligi amaliyotida Navoiy viloyati hududlari rivojlanishini jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va Bandlik vazirligining 2023-yil 23-iyundagi 01/00-26/10-219 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Navoiy viloyati hududlarining rivojlanishini takomillashtirishda ijobiy natijalarga erishish imkoniyatini bergan.