Imomnazarova Shahodatxon Xabitovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): O‘zbek fol`klorida o‘lan janri (o‘ziga xos xususiyatlari, genezisi va badiiyati), 10.00.08–«Fol`klorshunoslik» (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fil96.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Ilmiy rahbar: Jo‘raev Mamatqul, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.27.06.2017.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: Yormatov Isomiddin Turg‘unovich, filologiya fanlari doktori; Qahhorova Shahnoza Abdumo‘minovna, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek xalq o‘lanlarining o‘ziga xos janr xususiyatlari, tarixiy-genetik asoslari, tipologiyasi va poetikasini tadqiq etish, o‘lan ijrochiligi an’anasining hozirgi tarixiy-fol`kloriy jarayondagi holatini oydinlashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘ziga xos ijro o‘rni, aytilish usuli, ijrochilar tarkibi, she’r tuzilishi va hayotiy-maishiy funksiyasiga ko‘ra o‘lan va lapar janrlarining farqli jihatlari aniqlanib, o‘lan ijrochiligi turmush tarzi nomadik, ya’ni ko‘chmanchi chorvadorlik bilan bog‘liq madaniyatga mansub aholi orasida ommalashgani, lapar ijrochiligining shakllanishi esa o‘troq hayot kechiruvchi kishilarning fol`klor an’analariga xosligi isbotlangan;
Markaziy Osiyo turkiy xalqlari fol`kloridagi «o‘lan» (o‘zbek) // «өlen» (turkman) // «өleң» (qozoq) // «yөlәn» (uyg‘ur) atamalarining etimologik asosi qadimgi turkiylar tilida «kuylamoq», «alqamoq», «hikoya qilmoq» ma’nolarida qo‘llanilgan «ula/ӱla//ala» fe’liga borib taqalishi dalillangan;
mamlakatimizning tog‘ va tog‘ oldi hududlarida yashovchi aholi orasida o‘lan janri o‘zining tabiiy ijro holatini hozirgi kunga qadar saqlab kelayotgani holda o‘lanlarning fol`klor jamoalari repertuaridagi talqinlarida badihago‘ylik so‘nib borayotganligi aniqlangan;
o‘lan janrining tarixiy asoslari qadimgi jamiyatning dual tuzilishga asoslangan oilaviy-maishiy munosabatlari, qabilalararo nikoh rasm-rusmlari hamda nikoh to‘yi marosimlarida ijro etilgan ramziy-ritual aytimlarga borib taqalishi asoslangan;
turkiy xalqlar fol`kloridagi o‘lanlarning ayrimlari, jumladan, o‘zbek o‘lanlari bilan qozoq fol`kloridagi «qara ӧleӊ» janri tipologik jihatdan mushtarak xususiyatlarga egaligi ko‘rsatib berilgan;
o‘lan matnida qo‘llanilgan poetik vositalarning o‘ziga xosligi hamda o‘lanchilarning badiiy so‘z qo‘llashdagi mahorati yoritib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbek fol`klorida o‘lan janrining o‘ziga xos xususiyatlari, tarixiy-genetik asoslari, tipologiyasi va poetikasini tadqiq etish jarayonida chiqarilgan ilmiy-nazariy xulosalar va olingan natijalar asosida:
o‘zbek xalq o‘lanlari matnidagi badiiy vositalarning lingvopoetik xususiyatlarini tahlil qilishga doir materiallar va ilmiy-nazariy qarashlardan O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan FA–F8–034 raqamli “O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining rivojlanish tamoyillari” nomli fundamental ilmiy loyihada foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2018 yil 18 maydagi 3/1255-1290-son ma’lumotnomasi). Natijada “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dagi leksikografik tahlillarni yanada takomillashtirish va ayrim so‘zlarning yangicha ma’nolarini oydinlashtirishga erishilgan;
o‘zbek xalqi badiiy tafakkuri taraqqiyotida muhim rol` o‘ynagan qadimgi davr fol`klorining o‘lan janri genezisida tutgan o‘rniga doir ilmiy-nazariy qarashlardan Navoiy davlat pedagogika institutida bajarilgan «O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni» mavzusidagi F1-XT-0-19919 raqamli ilmiy loyihaning bajarilishida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 26 martdagi 89-03-1114-son ma’lumotnomasi). Natijada mif poetik transformatsiyasining voqelikni badiiy ifoda etishdagi roli va vazifalarini oydinlashtirishga erishilgan;
o‘lan ijrochiligining ma’naviy-madaniy taraqqiyotda tutgan o‘rni va ahamiyatiga doir ilmiy qarashlardan “Mahalla” telekanalidagi “Javondagi javohir” ko‘rsatuvi hamda “Qadriyat” radioeshittirishlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2017 yil 20 noyabrdagi 05-15/4751-son ma’lumotnomasi). Natijada teletomoshabin hamda radioeshittirish muxlislari o‘zbek xalq o‘lanlari haqida yangi ma’lumotlarga ega bo‘lganlar.