Boboev Mirshod Murotovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Prokuratura organlari faoliyatini raqamli transformatsiya qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish”, 12.00.07 -“Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura” (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/Yu797.
Ilmiy rahbar: Mamasiddiqov Muzaffarjon Musajonovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: Raximov Faxri Xaydarovich, yuridik fanlar doktori, professor; Bozarov Sardor Soxibjonovich yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar Akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi mamlakatimizda prokuratura organlari faoliyatini raqamli transformatsiya qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
prokuratura organlari faoliyatiga elektron ish yuritish, raqamli tizimlarni joriy etish orqali tergov ustidan nazorat o‘rnatish, shuningdek sudlarda prokuror vakolatini raqamli ta’minlash uchun prokuratura faoliyatiga oid ma’lumotlarni elektron shaklda yaratish, qayta ishlash, yuborish, qabul qilishni joriy etish, bu borada “Elektron hujjat aylanishi” axborot tizimidan foydalanishning huquqiy asoslarini yaratish zarurligi isbotlangan;
prokuratura organlarida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan samarali prokurorlik nazoratini amalga oshirilishiga ko‘maklashish maqsadida qonunchilik ijrosiga oid ma’lumotlarni elektron shaklda yig‘ish, saqlash, o‘rganish, tahlil qilish va nazorat qilish imkonini yuzaga keltiradigan axborot va dasturiy ta’minotlarni o‘z ichiga oluvchi “Prokuror nazorati” axborot tizimining huquqiy asoslari va mexanizmlari asoslantirilgan;
prokuratura organlarining jinoyatchilik holati statistikasini yuritish sohasidagi faoliyatini raqamli transformatsiya qilishda tizimli tahlil va sifatli nazoratni yo‘lga qo‘yish, bu sohada prokuror nazoratini amalga oshirishda ma’lumotlarning aniq, ishonchliligi va yanada malakali qayta ishlash, jinoyatlar haqidagi ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish, shuningdek tergovga qadar tekshiruv harakatlari ustidan prokuror nazoratini ta’minlovchi axborot tizimlarining huquqiy asoslari va mexanizmlari asoslangan;
prokuratura organlari faoliyatini raqamli transformatsiya qilish maqsadida fan yutuqlaridan, innovatsion g‘oyalar, zamonaviy texnologiyalar va ishlanmalar, shuningdek axborot tizimlari va vositalaridan foydalanish, davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni kriptografik vositalarni qo‘llagan holda texnik jihatdan muhofaza qilishni huquqiy jihatdan ta’minlanishining zarurati asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Prokuratura organlari faoliyatini raqamli transformatsiya qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish mavzusida olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
prokuratura organlarida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan samarali prokurorlik faoliyatini amalga oshirilishiga ko‘maklashish, prokuror faoliyatiga oid ma’lumotlarni elektron shaklda yaratish, qayta ishlash, yuborish va qabul qilishni ta’minlashga qaratilgan axborot tizimidan foydalanish zarurligiga oid takliflar prokuratura organlari faoliyatiga joriy qilingan “Elektron hujjat aylanishi” axborot tizimida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2023 yil 31 oktyabrdagi 23/7-45-23-son dalolatnomasi). Mazkur axborot tizimining joriy qilinishi prokuratura organlari faoliyatining samaradorligi, tezkorligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qilgan;
prokuror nazorati samaradorligini kuchaytirish uchun prokuratura faoliyatiga oid ma’lumotlarni elektron shaklda yaratish, qayta ishlash, yuborish, qabul qilishni nazarda tutuvchi “Prokuror nazorati” axborot tizimi ishlab chiqilgan va prokuratura organlari faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2023 yil 31 oktyabrdagi
23/7-43-23-son dalolatnomasi). Mazkur axborot tizimining joriy qilinishi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining harbiy qismlari, harbiy tuzilmalari, hokimlar va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan qonunlarning ijro etilishi, shuningdek ular tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlariga muvofiqligini ta’minlashga xizmat qilgan;
jinoyatlar haqidagi ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish, shuningdek, tergovga qadar tekshiruv harakatlari ustidan prokuror nazoratini ta’minlashga qaratilgan axborot tizimlarini yaratish haqidagi takliflar “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” va “e-material” yagona axborot tizimi ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2023 yil 31 oktyabrdagi 23/7-44-23-son dalolatnomasi). Mazkur axborot tizimlarining joriy qilinishi prokuratura faoliyatida tizimli tahlil va sifatli nazoratni yo‘lga qo‘yish, prokuror nazoratini amalga oshirishda ma’lumotlarning aniq, ishonchliligi va yanada malakali qayta ishlash, jinoyatlar haqidagi ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish, shuningdek, tergovga qadar tekshiruv harakatlari ustidan prokuror nazoratining ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilgan;
prokuratura organlari o‘z faoliyatida fan yutuqlaridan, innovatsion g‘oyalar, zamonaviy texnologiyalar va ishlanmalar, shuningdek axborot tizimlari va vositalaridan foydalanishi, davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni kriptografik vositalarni qo‘llagan holda texnik jihatdan muhofaza qilishni ta’minlashi haqidagi norma kiritish haqida taklifdan yangi tahrirdagi “Prokuratura to‘g‘risida”gi Konstitusiyaviy qonun loyihasining 19-moddasi tahririda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash muammolarini tahlil qilish boshqarmasining 2023 yil 20 oktyabrdagi 27/2-398-23-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi zamonaviy axborot texnologiyalari yutuqlaridan samarali foydalanish orqali prokuratura organlari faoliyatini takomillashtirishga xizmat qilgan.