Ashurova Gulbahor Nurullaevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mustaqillik davri o‘zbek adabiyotida Alisher Navoiy obrazining badiiy talqini”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.DSc/Fil71.
Ilmiy maslahatchi: Boqijon To‘xliev, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Jo‘raqulov Uzoq Haydarovich, filologiya fanlari doktori, professor; Almaz Ulviy Binnetova, filologiya fanlari doktori, professor, Davlatova Adiba Raxmatovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi mustaqillik davri adabiyotida Alisher Navoiy obrazi tasviridagi yangilanishlarni aniqlash, shoir shaxsi va ijodiga munosabatidagi yetakchi tendensiyalarini belgilash, asosiy adabiy talqinlarni tarixiy haqiqat va badiiy to‘qima mezonlari asosida baholash, Alisher Navoiy obrazi tasvirining adabiy tur, janr va uslubga xoslanishi, ijodkorlarning badiiy mahoratini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mustaqillik adabiy-estetik jarayonga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatgani, bu davrda milliy o‘zlikni anglash ehtiyoji tufayli Alisher Navoiy obrazi yaratilgan turkum badiiy asarlar yuzaga kelgani, ularda milliy qadriyatlar tasviriga urg‘u berilgani, badiiy tasvirlarning tarixiy haqiqatlar bilan uyg‘unlik darajasi yuksalgani uch adabiy tur asosida dalillangan;
mustaqillik davri ijodkorlarining Alisher Navoiy obraziga oid tasvirlari XX asr adiblari maktabidan o‘sib chiqqani, ammo Alisher Navoiy shaxsi va ijodini mafkuralardan xoli, asliyatiga muvofiq talqin qilishi bilan ulardan jiddiy farqlanib turishi Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Sirojiddin Sayyid, Asqar Mahkam, Abdulla Sher, Omon Muxtor, Isajon Sulton, Muhammad Ali kabi ijodkorlar asarlari misolida ochib berilgan;
Alisher Navoiy siymosi bu davr adabiyotida estetik ideal timsoli sifatida qabul qilingani, shaxsiyati, axloqi va qarashlari ideallashtirilgani, tasavvufiy va ma’rifiy dunyoqarashini qayta badiiy inkishof etish tendensiyasi ustuvorlik qilgani isbotlangan;
mustaqillik davri adabiyotidagi Alisher Navoiy obrazi ijodkor shaxs konseptiga sig‘masligi, Alisher Navoiy chinakam inson, buyuk davlat arbobi va mutafakkir sifatida ham gavdalantirilgani, asarlarda tadqiqotchilik va ijodkorlik sintezi kuchaygani, talqinlar uch adabiy turga xoslangani – lirikada botiniy tuyg‘ular ifodasi, nasrda fikr, tuyg‘u va faoliyatning baqamti rivoji tasviri, dramada esa muayyan lahzadagi kechinmalarni ko‘rsatish yetakchilik qilishi asoslangan;
mustaqillik davrida Alisher Navoiy haqida yaratilgan asarlarni qiyosiy-tarixiy nuqtayi nazardan tekshirish va shoir obrazining yaratilishida mualliflar mahorati ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mustaqillik davri o‘zbek adabiyotida Alisher Navoiy obrazining badiiy talqini bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mustaqillik davri o‘zbek adabiyotida Alisher Navoiy hayoti, ijodini badiiy talqin etish va ilmiy asosda o‘rganish o‘zaro bog‘liq holda kechgani, shoir biografiyasi va adabiy merosiga doir asl haqiqatlarning aniqlanishi – yangi ma’lumotlarning badiiy asarlar mohiyatiga ko‘chishida asos vazifasini o‘tagani, bu jarayonda mutafakkir biografiyasining Movarounnahr bilan bog‘liq qirralari, do‘stga sadoqati va muhabbati mavzusi, yosh iste’dodlarga homiyligi, mulkdorlik madaniyati, davlat arbobi sifatidagi faoliyati, shuningdek, Alisher Navoiy adabiy-estetik an’analarining keyingi davr ijodkorlari she’riyatidagi poetik sintezi masalalariga oid ilmiy-nazariy xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017-2020 yillarda bajarilgan OT-F1-030 raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘pjildlik monografiyani (7-jild) chop etish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 10-iyuldagi 01/10-1353-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek adabiyotida Alisher Navoiy obrazining shakllanishi, yangicha talqinlar kasb etishi, tarixiy shaxsga doir asl fakt va ma’lumotlarning badiiy adabiyotda qayta jonlanishiga doir ilmiy xulosalar ishlab chiqishga erishilgan;
adabiy ta’sir va adabiy aloqa hodisalari, bir ijodkorning keyingi davr adabiyotiga ta’siri, Alisher Navoiyning o‘tmish shoirlari, xususan, Nizomiy Ganjaviyga munosabati, bu ikki tarixiy siymoning zamonaviy adabiyotidagi talqinlari, buyuk shoir Alisher Navoiy adabiy merosining Ozarbayjonda o‘rganilishi masalasi, navoiyshunoslikning qardosh o‘lkada taraqqiy topishi, mutafakkir siymosining badiiy talqini mustaqillik davrida yangi bosqichga ko‘tarilganiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan Haydar Aliev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida 2022 – 2023 yillarda bajarilgan O‘A-22-23 raqamli “O‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalari” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Haydar Aliev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining 2023-yil 21-iyuldagi 45/AZE raqamli ma’lumotnomasi). Natijada loyiha o‘zbek va ozarbayjon adabiyotlari buyuk tarixiy shaxslarning zamonaviy adabiyotga ta’siri masalasida mushtarak jihatlarga ega ekanligi haqidagi nazariy qarash va ilmiy dalillar bilan boyitilgan;
tarixiy sharoit taqozosi tufayli o‘tmish mavzusi ustuvor mavqe qozonganligi va bu yo‘nalishda mustaqillik davri adabiyotida tarixdagi buyuk mutafakkirlar, davlat arboblari hamda ijodkor shaxslar asosiy tasvir obektiga aylanganligi, adabiy-estetik tafakkurning mafkuraviy tazyiqlardan qutulishi ijod ahliga iste’dodini to‘laroq namoyon qilish uchun munosib muhitni yuzaga keltirganligi, ijodkorlar Alisher Navoiy obrazini yaratishda prototip, badiiy to‘qima va estetik idealni sintezlashga harakat qilishganligi haqidagi ilmiy-nazariy xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2018-2020 yillarda bajarilgan PZ-20170926459 “Navoiyshunoslik tarixi” (XX–XXI asrlar) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 10-iyuldagi 01/10-1354-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha bibliografik ko‘rsatgichlar bilan to‘ldirilgan, yangi ma’lumotlar bilan boyigan;
jahon adabiyoti namoyondalaridan bo‘lgan Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy merosining o‘rganilishi, har ikki shoirning adabiy-estetik, badiiy-falsafiy qarashlariga oid kuzatishlar, Sharq madaniyatida turkiy adabiy merosning o‘rniga oid tahlillar, turkiy adabiyot tarixida “Xamsa”larning o‘rni, Alisher Navoiy obrazining mustaqillik davri o‘zbek adabiyotida yoritilishi, qardosh xalqlar adabiyotida aks etishi bilan aloqador jihatlariga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan 2021-yilda nashrga tayyorlangan yuz jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamining 56-jildini nashrga tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2023-yil 07-iyuldagi 01-03/844-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha turkiy adabiyotlar mushtarakligiga asos bo‘luvchi ilmiy qarashlar, Alisher Navoiy obrazining o‘zbek va qardosh xalqlar adabiyotida badiiy aks etishiga oid dalillar, to‘plangan yangi ilmiy-adabiy materiallar bilan boyigan, turkiy adabiyotning umumbashariy qiymati, muhim ahamiyatga molik jihatlarini asoslashga erishilgan;
Alisher Navoiy adabiy merosi, hayoti va ijodining yangicha badiiy talqinlari, bu mavzuning mustaqillik davri o‘zbek adabiyotida yangi bosqichga ko‘tarilgani, o‘zbek adabiyotida tarixiy shaxs va obraz muammosi, janrlar takomili, shoir siymosi aks etgan manbalarining qiyosiy tadqiqi, Alisher Navoiyning barkamol shaxsiyati bugungi kun uchun ma’rifiy boylik, fikriy etuklik va badiiy yuksaklikning andozasi sifatida ko‘rsatilishining ilmiy-adabiy asoslariga oid nazariy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston tarixi” telekanalida 2021 – 2023-yillarda efirga uzatilgan turkum ko‘rsatuvlar, xususan, “Alisher Navoiy va o‘zbek adabiyoti: tahlil va echim” ruknidagi “Mavzu” ko‘rsatuvini tayyorlashda samarali foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2023-yil 11-iyuldagi 06-28-947-son ma’lumotnomasi). Natijada yangi ilmiy talqin, fakt va qarashlar Alisher Navoiy ijodi va obrazining zamonaviy badiiy talqinlariga oid yetakchi tendensiyalarni aniqlashga, mavzuga doir bahsli masalalarga echim topishga hamda teleko‘rsatuvlarning sifati ortishiga xizmat qilgan.