Qodiraliev Akbarjonning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Paxta tutgich qurilmasi konstruksiyasini ishlab chiqish va parametrlarini asoslash», 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/T1353
Ilmiy rahbar: texnika fanlari doktori, professor M.T.Toshboltaev
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/13.05.2020.T.112.01.
Rasmiy opponentlar: texnika fanlari doktori, dotsent Raxmatov Orifjon; texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD), dotsent Omonov Nabijon Normamatovich.
Yetakchi tashkilot: “BMKB-Agromash” AJ
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi paxta terish apparatining ish jarayonida to‘kiladigan paxta pallalarini erga tushmasdan oldin tutib qoluvchi qurilma konstruksiyasini ishlab chiqish va parametrlarini asoslash hamda unga mos pnevmotransport tizimini tanlash orqali paxta terish mashinasining agrotexnik ko‘rsatgichlarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
erga to‘kilayotgan paxtali aralashmaning terim apparati texnologik zonalari bo‘yicha taqsimlanish koordinatalari va miqdorlari aralashmani apparat tubiga to‘kilish chegaralarida aniqlangan;
to‘kilgan paxta pallalarini g‘o‘za yaruslariga mos ravishda taqsimlanish qonuniyatlari paxta chanoqlarining g‘o‘za bosh poyalari bo‘ylab joylashish holatlariga muvofiq topilgan;
paxta tutgich qurilmasining terim apparati tubiga joylashish imkonini beruvchi geometrik o‘lchamlari texnologik zonalarning chegaralari va apparat ramkasining konstruksiyasini hisobga olgan holda aniqlangan;
pnevmotizim ventilyatorining turi va rusumi tizimning ish unumi, havo oqimining tezligi va sarfi, mahaliy qarshiliklar va ularni engishga sarflanadigan bosim miqdori kabi argumentlarni o‘z ichiga oluvchi muhandislik-hisobiy usul yordamida tanlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Paxta tutgich qurilmasi konstruksiyasini ishlab chiqish va parametrlarini asoslash bo‘yicha o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqotlarida olingan natijalar asosida:
paxta tutgich qurilmasiga dastlabki talablar va uning konstruksiyasini loyihalash uchun texnik topshiriq ishlab chiqilgan hamda pnevmotransport tizimining konstruktiv va aerodinamik parametrlari foydalanish uchun “BMKB-Agromash” AJga topshirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 5 - apreldagi 07/24-04/1942 – son ma’lumotnomasi). Natijada terim apparatining ish jarayonida erga to‘kilayotgan paxta pallalarini tutib qoluvchi qurilma konstruksiyani loyihalash imkoniyati yaratilgan;
paxta tutgich qurilmasi tajriba nusxasining loyiha-konstruktorlik hujjatlari (dastlabki talablar, texnik topshiriq, o‘lchamlar) “Texnolog” AJ tomonidan qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022yil 5-apreldagi 07/24-04/1942–son ma’lumotnomasi). Natijada tanlangan va asoslangan parametrlarga ega bo‘lgan paxta tutgich qurilmasini sanoat usulida ishlab chiqarish imkoniyatlari yaratilgan;
paxta tutgich qurilmasi bilan jihozlangan paxta terish mashinasining dala sinovlari natijalari hamda uni paxta terish mashinasiga o‘rnatish va foydalanish bo‘yicha tavsiyalar “Do‘stlik Agroservis MTP” MChJga topshirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 5-apreldagi 07/24-04/1942 - son ma’lumotnomasi). Natijada paxta tutgich qurilmasi bilan jihozlangan har bir paxta terish mashinasining joriy etilishidan bir gektar hisobiga 2,03 mln.so‘m daromad olish ta’minlangan.