Eshanova Zilola Qo‘chqarovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek xalq dostonlarida tog‘ obrazi: genezisi va badiiy talqinlari», 10.00.08– Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Fil442

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.

Ilmiy rahbar: Mirzaeva Salimaxon Rayimjonovna, filologiya fanlari doktori, professor.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.27.06.2017.Fil.46.01.

Rasmiy opponentlar: Eshonqulov Jabbor Solievich, filologiya fanlari doktori; Ahmedova Oygul Mahamadalievna, filologiya fanlari nomzodi.

Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek mifologiyasi, fol`klori, xususan, eposida muhim o‘rin tutuvchi yetakchi tog‘ obrazlarini aniqlash, tog‘ obrazining genezisi, xalq dostonlaridagi ramziy-badiiy mazmuni, estetik vazifalarini ko‘rsatish hamda tog‘ obrazi ishtirokidagi asosiy barqaror she’riy misralar tasnifini tuzish, ularning semantik ko‘lamini, aniq ma’no qirralarini yoritishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

tog‘ obrazi talqinlarining qahramon hayoti, homiy ruhlar bilan aloqadorlik jihatlari qadimgi mifologik tasavvur-tushunchalar, diniy-e’tiqodiy qarashlar, marosim, urf-odat va tabular bilan bog‘liqligi aniqlangan;

o‘zbek xalq dostonlaridagi asosiy tog‘ obrazlari, ularning dostondagi o‘rni, badiiy vazifalari, qahramon hayoti, ruhiy kechinmalari, doston voqeliklari, zamon va makonga, marosim va irimlarga aloqador talqinlari ochib berilgan;

o‘zbek fol`klori, xususan, o‘zbek xalq dostonlaridagi Asqar tog‘ obrazi ilk bora keng qamrovda o‘rganilgan, bu obrazning “Go‘ro‘g‘li” turkumi va “Alpomish” dostonidagi badiiy talqinlari, ma’no ko‘lami atroflicha tadqiq etilgan;

tog‘ obrazi bilan bog‘liq qadimiy xalq qarashlarining doston voqeligidagi o‘rni, uch o‘lchamli borliq tuzilishi haqidagi talqinlari yoritib berilgan;

tog‘ obrazining dostonlardagi barqaror she’riy misralarni hosil etishdagi o‘rni, qahramon ruhiy holati, voqelik tasviri bilan bog‘liq turli shakllarda namoyon bo‘lishi ko‘rsatilgan;

tog‘ obrazi ishtirokidagi barqaror she’riy takrorlar saralanib, tasniflangan, ularning ramziy-semantik ko‘lami belgilangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Xalq dostonlarida tog‘ obrazining tarixiy-mifologik asoslari va badiiy talqinlarini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

tadqiqotning o‘zbek fol`kloridagi mifologik obrazlar va ularning poetik transformatsiyasi bosqichlariga oid nazariy xulosalaridan YoF 8-08–raqamli “Masal va masal tipidagi asarlarning qiyosiy-tipologik tadqiqi” (2010-2011) fundamental va amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturi loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 3 fevraldagi 89–03–559-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar mifologik qarashlarning afsona, ertak va dostonlarga transformatsiyasi jarayonlari hamda xalq dostonlaridagi syujet motivlarining masal janri bilan munosabati masalalarini yoritishga asos bo‘lgan;

o‘zbek fol`kloridagi mifologik obrazlar, xususan, tog‘ obrazining badiiy talqinlari va poetik vazifalariga oid nazariy xulosalari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining She’riyat kengashi faoliyatida zamonaviy o‘zbek she’riyatida fol`klorga xos motiv va obrazlarni qo‘llash orqali millat ruhini, ma’naviyatini ifodalash hamda fol`klor an’analarining ijodkorning o‘ziga xos uslubini shakllantirishdagi, badiiy asar g‘oyasini ifodalashdagi ahamiyatini yoritish jarayonlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2018 yil 2 maydagi 01-03/549-son ma’lumotnomasi). Natijada zamonaviy o‘zbek nasri va she’riyatida fol`klorga xos motiv va obrazlarni qo‘llash, o‘zbek she’riyatida qo‘llangan tog‘ obrazi zamiridagi ramziy, assotsiativ va metaforik ma’nolarni tushunish, talqin qilish masalalari oydinlashgan;

Andijon viloyat teleradiokompaniyasining “Ijod gulshani”, “Yoshlar vaqti” kabi ko‘rsatuvlari hamda “Ma’naviyat sarchashmasi”, “Shukrona” eshittirishlari uchun tayyorlangan materiallar, shu jumladan, xalq dostonlaridagi epik qahramonning homiy eranlar tomonidan tarbiyalanish motivi, ularning yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati kabi fikrlar bilan boyitilgan (Andijon viloyat teleradiokompaniyasining 2018 yil 23 yanvardagi 20-24/3-son ma’lumotnomasi). Natijada teletomoshabin hamda radioeshittirish muxlislari xalq dostonlari poetikasi va dostonlardagi yoshlar tarbiyasiga oid yangi ma’lumotlarga ega bo‘lgan;

o‘zbek xalq dostonlaridagi  tog‘ obrazining genezisi, badiiy talqinlari va poetik vazifalariga oid ilmiy-nazariy qarashlar FA–F1-G031 raqamli “O‘zbek fol`klorshunosligi tarixi”(2015-2017) amaliy tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2018 yil 18 maydagi № 3/1255-1291-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida o‘zbek fol`klorshunosligi tarixigi oid ilmiy ma’lumotlar berilgan, mifologik qarashlar tizimi oydinlashtirilgan;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasini va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi PK-3271-son Qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 891-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida tashkil etilgan “O‘zbek fol`klori” nomli ekspozisiyada o‘zbek xalq dostonlarining o‘rganilishi bilan bog‘liq muhim materiallar va ilmiy-nazariy qarashlardan foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining 2018 yil 16 yanvardagi 11-son ma’lumotnomasi). Ekspozisiyada ilmiy natijalarning qo‘llanilishi o‘zbek fol`klorining yangi qirralarini baholash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish