Xomidov Voxidjon Adxamovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tintuv tergov harakatini o‘tkazishni takomillashtirish”, 12.00.09 – “Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi” (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Yu918.
Ilmiy rahbar: Murodov Baxtiyorjon Baxodirovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: Saidov Baxrom Anvarovich, yuridik fanlar doktori, professor; Xudaybergenov Baxram Kuanyshbaevich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tintuv tergov harakatini o‘tkazishni takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tayyorlanayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish hamda jinoyat izlarini yo‘qolishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ushlanayotgan shaxsda qurol borligi yoki u jinoyat sodir etganligini fosh qiluvchi dalillardan qutulish niyatida ekanligini taxmin qilishga etarli asoslar mavjud bo‘lsa, ushlayotgan vakolatli shaxs uni shaxsiy tintuv qilishga yoki olib qo‘yishni amalga oshirishga haqli ekanligi asoslantirilgan;
tergov harakatlarini o‘tkazishda shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilinishini ta’minlash yuzasidan shaxsni yalang‘ochlash bilan bog‘liq shaxsiy tintuvni videoyozuv orqali qayd etish mumkin emasligi asoslantirilgan;
tintuv tergov harakatini o‘tkazishda qonuniylikni ta’minlash maqsadida prokuror surishtiruvchi yoki tergovchining uy-joyda tintuv o‘tkazish to‘g‘risidagi iltimosnomasining asosliligini sakkiz soatdan kechiktirmay tekshirib, unga rozi bo‘lgan taqdirda iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorni tasdiqlab, zarur materiallarni sudga yuborishi lozimligi asoslantirilgan;
ishni sudga qadar yuritish bosqichida shaxslarning uy-joyida tintuv o‘tkazishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini qat’iy kafolatlash maqsadida uy-joyda tintuv o‘tkazish to‘g‘risidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran sakkiz soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida, sudya tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqilishi lozimligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy etilishi. Tintuv tergov harakatini o‘tkazishni takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
ushlanayotgan shaxsda qurol borligi yoki u jinoyat sodir etganligini fosh qiluvchi dalillardan qutulish niyatida ekanligini taxmin qilishga etarli asoslar mavjud bo‘lsa, ushlayotgan vakolatli shaxs uni shaxsiy tintuv yoki olib qo‘yishni amalga oshirishga haqli bo‘lishiga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 14-maydagi O‘RQ-617-son “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat protsessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunning 1-moddasi 4-bandi ikkinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2021-yil 31-maydagi 06/1-05/2771-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi huquqni qo‘llash amaliyotida vakolatli shaxslarga tayyorlanayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish hamda jinoyat izlarini yo‘qolishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishga xizmat qilgan;
shaxsni yalang‘ochlash bilan bog‘liq shaxsiy tintuvni videoyozuv orqali qayd etish mumkin emasligiga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 14-maydagi “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat protsessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-617-son Qonunning 5-moddasi oltinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2021 yil 31-maydagi 06/1-05/2771-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi tergov harakatlarini o‘tkazishda shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilinishiga xizmat qilgan;
prokuror surishtiruvchi yoki tergovchining uy-joyda tintuv o‘tkazish to‘g‘risidagi iltimosnomasining asosliligini sakkiz soatdan kechiktirmay tekshirib, unga rozi bo‘lgan taqdirda iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorni tasdiqlab, zarur materiallarni sudga yuborishi zarurligiga doir takliflardan 2023-yil 27-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining qabul qilinishi munosabati bilan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatida inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini to‘laqonli ta’minlash haqida”gi qo‘shma qaror bilan tasdiqlangan “Uy-joyda tintuv o‘tkazish, shaxsning telefonlari va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarini eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotlarni olishga doir tergov harakatlarini amalga oshirishning vaqtinchalik tartibi”ning 3.3-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2023-yil 24-iyuldagi 11-11-23-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi huquqni qo‘llash amaliyotida tintuv tergov harakatini qonun talablariga asosida o‘tkazilishiga xizmat qilgan;
uy-joyda tintuv o‘tkazish to‘g‘risidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran sakkiz soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida, sudya tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqilishiga doir takliflardan 2023-yil 27-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining qabul qilinishi munosabati bilan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatida inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini to‘laqonli ta’minlash haqida”gi qo‘shma qarorning 4.1-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2023-yil 24 iyuldagi 11-11-23-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi ishni sudga qadar yuritish bosqichida shaxslarning uy-joyida tintuv o‘tkazishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini buzilmasligiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish