Samatov Xurshid Ulmasjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Maxdumi A’zam Kosoniyning ma’naviy merosi va uning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni», 09.00.03–Falsafa tarixi (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fal73.
Ilmiy rahbar: Karimov Sayimnazar, falsafa fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.27.06.2017.F.02.02.
Rasmiy opponentlar: Navro‘zova Gulchehra Ne’matovna, falsafa fanlari doktori, professor; Qodirov Muhammadjon, falsafa fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Maxdumi A’zam ilmiy merosining yoshlar tarbiyasidagi ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy-axloqiy o‘rnini asoslab berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Maxdumi A’zamning Movarounnahrda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan tasavvufga oid ijtimoiy-siyosiy tashabbuskorlik faoliyati ochib berilgan;
Maxdumi A’zamning jamiyatda ro‘y beruvchi ijtimoiy ziddiyatlarni bartaraf qilishga qaratilgan ijtimoiy hamjihatlik, bag‘rikenglik (tolerantlik), murosaviylik singari ma’naviy-ma’rifiy va axloqiy tamoyillarining yoshlar tarbiyasidagi konstruktiv o‘rni ko‘rsatilgan;
Maxdumi A’zam islom falsafasidagi “vahdat ul-vujud”, “vahdat ul-mavjud”, “vahdat ul-shuhud” kabi konsepsiyalarning o‘zaro uyg‘unligini isbotlab berganligi falsafiy asoslangan;
mutafakkirning “Asror un-nikoh” asaridagi oila barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiluvchi ijtimoiy-axloqiy g‘oyalarini oila institutiga joriy etishga oid tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Maxdumi A’zam ma’naviy merosi va uning yoshlar tarbiyasidagi o‘rnini ko‘rsatishga oid tadqiqot asosida:
Maxdumi A’zamning yoshlar ta’lim tarbiyasiga oid bunyodkor g‘oyalariga oid ishlab chiqilgan takliflardan global tahlikali zamonda zo‘ravonlik g‘oyasi “virusi” tarqalishining oldini olish, yoshlar orasida milliy g‘oya, ma’naviy taraqqiyot va ajdodlarimizning ma’naviy merosini tadqiq qilish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarida foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2017 yil 27 noyabrdagi 02/03-1156-son ma’lumotnomasi). Bu takliflar targ‘ibot tadbirlarni nazariy va amaliy jihatdan boyitishga xizmat qilgan;
Maxdumi A’zam ilmiy merosining o‘ziga xos jihatlari asosida ishlab chiqilgan ilmiy natijalar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlarida ajdodlar ma’naviy merosini targ‘ib qilish bo‘yicha o‘tkazilgan g‘oyaviy-tarbiyaviy targ‘ibot tadbirlarda foydalanilgan (O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining 2017 yil 20 oktyabrdagi 04-13/1469-son ma’lumotnomasi). Bu natijalar yoshlarni ajdodlar ma’naviy merosiga hurmat ruhida tarbiyalashga ijobiy ta’sir qilgan;
“Maxdumi A’zam ziyoratgohi”da ziyorat turizmni rivojlantirish, sayohatlarni ma’naviy-tarbiyaviy jihatini takomillashtirishga oid ishlab chiqilgan takliflardan “DINARA TOUR SERVICE”, “CRAUN TOUR”, “SamISI SAYYOH PLUS” turistik firmalarining gid-ekskursovodlar uchun ekskursiya materiallarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2017 yil 1 noyabrdagi 03-09/3789-son ma’lumotnomasi). Bu takliflar “Maxdumi A’zam ziyoratgohi”da turizm salohiyatini oshirishga, mahalliy va xorijiy sayyohlarni keng jalb qilishda, sayohatlarning ma’naviy, tarbiyaviy jihatdan yanada boyishiga xizmat qilgan.