Urazbaeva Dilbar Abdullaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Onkologik bemor ayollarning shaxsiy emotsional sohasiga ta’sir etishning psixologik mexanizmlari», 19.00.04–Tibbiy va maxsus psixologiya (psixologiya fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Psi6.
Ilmiy rahbar: Nishonova Zamira Taskaraevna, psixologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Psi.01.07.
Rasmiy opponentlar: Muxamedova Dilbar Gafurdjanovna, psixologiya fanlari doktori, dotsent; Xodjaev Abdivoxid Valievich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: onkologik bemor ayollar shaxsiy emotsional sohasiga ta’sir etishning psixologik mexanizmlarini o‘rganish orqali bu toifa bemorlarga tibbiy-psixologik xizmat sifatini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
onkologik kasalliklar rivojlanishi, kechishi va davolanishga ta’sir etuvchi bemor ruhiy holati, temperament xususiyatlari, kasallikka munosabat tiplari, umumiy kayfiyati, individual tipologik xususiyatlari kabi psixologik omillar aniqlashtirilgan;
onkologik bemor ayollarning emotsional sohasiga ta’sir ko‘rsatish ilk bor psixologik tadqiqotlarning predmeti sifatida milliy muhitda o‘rganilgan, shuningdek sut bezi saratoni tashxisi qo‘yilgan bemor ayollar uchun moslashtirilgan korreksion trening mashg‘ulotlari orqali samarali ta’sir qilishi ilmiy aniqlangan;
onkologik bemor ayollarning emotsional holati va kasallikka munosabat tipi bog‘liqligini o‘rganuvchi (Kayfiyati yo‘qlik-subdepressiyani aniqlash, Xavotirlanish darajasini aniqlash, Bexterev institutining shaxs so‘rovnomalari) metodikalarni amaliyotda qo‘llashga oid taklif ishlab chiqilgan;
onkologik bemor ayollarning shaxsiy emotsional sohasiga psixologik ta’sir ko‘rsatish mexanizmlari aniqlangan va uni amalga oshiradigan psixokorreksion dastur ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Onkologik bemorlarning shaxsiy emotsional sohasiga ta’sir ko‘rsatishning psixologik mexanizmlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
onkologik kasallikning rivojlanishi, kechishi va davolanishga ta’sir etuvchi psixologik omillar haqida aniqlangan ma’lumotlar bo‘lg‘usi psixologlar va tibbiyot xodimlariga nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda etkazilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 26 fevraldagi 89-03-874-son ma’lumotnomasi). Bu bo‘lg‘usi mutaxassislarning onkologik bemorlar bilan ishlashga psixologik tayyorgarligini oshirish, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilgan;
onkologik bemor ayollar emotsional sohasiga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatlari yo‘nalishida to‘plangan bilimlar ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarda keng xalq ommasiga etkazilgan (2017 yil 28 oktyabr` Xorazm radiokanali, 2017 yil 31 oktyabr` Xorazm telekanali). Natijada onkologiya tashxisi qo‘yilgan bemorlar, ularning oila a’zolari, yaqinlari tibbiy-psixologik savodxonlik darajasi oshirilib, kasallikka nisbatan stereotip qarashlarni bartaraf etish samaradorligi oshirilgan;
onkologik bemorlarning shaxsiy emotsional sohasiga psixologik ta’sir ko‘rsatish mexanizmlarini mujassamlashtirgan korreksion dastur ishlab chiqilgan va sog‘liqni saqlash amaliyotiga tatbiq qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 22 yanvardagi 8 n-d/12-son ma’lumotnomasi). Natijada onkologiya sohasida xizmat qilayotgan tibbiyot xodimlari oldida turgan bemor psixologik holatini tashxis qilish, ularning emotsional sohasiga psixokorreksion ta’sir ko‘rsatish va psixoprofilaktika usuli takomillashtirilgan, o‘ziga xos davo samarasi oshirilgan, an’naviy usuldan keskin farq qilib, muammoning amaliy echimi masalalarini hal qilishda foydalanilgan.