Saidov Sanjar Xusenovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy darajasi beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bolalarda ekssudativ o‘rta otitni kompleks tashxislash va davolashni takomillashtirish», 14.00.04–Otorinolaringologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Tib24.
Ilmiy rahbar: Amonov Shavkat Ergashevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat stomatologiya instituti, DSc.28.12.2017.Tib.59.01.
Rasmiy opponentlar: Kuzovkov Vladislav Evgen`evich, tibbiyot fanlari doktori (Rossiya); Arifov Sayfiddin Saidazimovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Vil`nyus universitetining medisina fakulteti (Litva).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tashxislash, konservativ va jarrohlik davolash usullarini takomillashtirish asosida bolalardagi ekssudativ o‘rta otitni kompleks davolash samaradorligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ekssudativ o‘rta otit kasalligini erta bosqichlarda nur va endoskopik tashxislashning optimal variantlari ishlab chiqilgan;
bolalardagi ekssudativ o‘rta otitda burun va burun-halqum patologiyasini erta jarrohlik yo‘li bilan bartaraf qilish zarurati asoslangan;
ekssudativ o‘rta otitning surunkali shaklida nafaqat nog‘ora bo‘shlig‘i, o‘rta quloq barcha bo‘shliqlari shilliq qavatida ham morfologik o‘zgarishlar bo‘lishi isbotlangan;
ekssudativ o‘rta otitning surunkali shakllarida antro-attikotomiya antrumni juft drenajlashning a’zoni saqlab qoluvchi samarador jarrohlik amaliyoti ekanligi isbotlangan;
bolalardagi turg‘un eshitish zaifligining rivojlanish profilaktikasida ekssudativ o‘rta otitni bosqichli va kompleks davolash usullari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bolalardaekssudativ o‘rta otitni kompleks tashxislash va davolashni takomillashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
«Ekssudativ o‘rta otit bilan xastalangan bemorlarni olib borish taktikasi» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 19 apreldagi 8n-r/84-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma ekssudativ o‘rta otit kasalligini davolash va oldini olishning tizimli tartibini shakllantirish imkonini bergan;
«Ekssudativ o‘rta otitda nog‘ora bo‘shlig‘idan suyuqlikni evakuatsiya qilish va yig‘ish moslamasi» bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan (№FAP 00910). Mazkur usul bemorlarning ekssudativ o‘rta otitda nog‘ora bo‘shlig‘idagi suyuqliklarni evakuatsiya qilish va yig‘ish moslamasi orqali ekssudativ o‘rta otit kasalligini davolash va eshitish pastligining oldini olish imkonini bergan;
ekssudativ o‘rta otitni tashxislash va davolashning samarali tizimini ishlab chiqish va takomillashtirishga qaratilgan ilmiy tadqiqot natijalari sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiy sanitariya qismining klinik amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 20 apreldagi 8n-d/83-son ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalarining klinik amaliyotga joriy qilinishi ekssudativ o‘rta otit kasalligining rivojlanishini oldini olishda rinologik bosqichda 79,5% ga, otoxirurgik bosqichda jarrohlik amaliyotidan keyin 99,4% ga yaxshilanishi ta’minlagan.