Qarshiboev Hasan Xolbazarovichning

dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Lalmikor maydonlar uchun qattiq bug‘doyning tashqi muhit noqulay omillariga chidamli boshlang‘ich manba va yangi navlarini yaratish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Qx29.

Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti G‘allaorol ilmiy-tajriba stansiyasi.

Ilmiy rahbar: Xodjakulov To‘raqul Xodjakulovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: «Yoqut-2014» qattiq bug‘doy navi (NAR 00164).

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2018 yil 17 apreldagi 02-11/908-son xulosasi.

II. Tadqiqotning maqsadi: lalmikor maydonlar uchun qattiq bug‘doyning tashqi muhit noqulay omillariga, ya’ni sovuqqa, qurg‘oqchilikka, issiqlikka va kasalliklarga chidamli don sifati va hosildorligi yuqori bo‘lgan boshlang‘ich manba va yangi navlarini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor qattiq bug‘doyning kelib chiqishi turli ekologik-geografik mintaqalarga mansub bo‘lgan xorijiy yangi nav namunalari o‘rganilib, qimmatli xo‘jalik belgilariga ega bo‘lgan namunalar boshlang‘ich manba sifatida tanlab olingan;

qattiq bug‘doy nav namunalarining tashqi muhit noqulay omillariga, ya’ni sovuqqa, qurg‘oqchilikka, issiqlikka, kasalliklarga va yotib qolishga chidamliligi o‘rganilgan hamda yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan nav namunalardan seleksiya jarayonida foydalanilgan;

tanlab olingan qattiq bug‘doy namunalari bilan mahalliy navlar o‘rtasida duragaylash ishlari olib borilib, lalmikor maydonlar uchun don sifati va hosildorligi yuqori, tashqi muhitning noqulay omillariga chidamli bo‘lgan yangi duragay tizmalari va boshlang‘ich manbalari yaratilgan;

lalmikor maydonlarda ekish uchun tashqi muhitning noqulay omillariga chidamli, don sifati va hosildorligi yuqori bo‘lgan qattiq bug‘doyning yangi «Yoqut-2014» navi yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Lalmikor maydonlar uchun qattiq bug‘doyning tashqi muhit noqulay omillariga chidamli boshlang‘ich manba va yangi navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:

duragaylash yo‘li bilan lalmikor maydonlarda ekish uchun tashqi muhit noqulay omillariga ya’ni sovuqqa, qurg‘oqchilikka, issiqlikka, zang kasalliklariga chidamli, don sifati va hosildorligi yuqori bo‘lgan qattiq bug‘doyning «Yoqut-2014» navi uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan seleksiya yutug‘iga patentolingan (NAR 00164). Natijada ushbu qattiq bug‘doy navi ekin maydonlari respublikaning asosiy lalmikor erlarini qamrab olishga erishilgan;

qattiq bug‘doyning «Yoqut-2014» navi 2018 yildan boshlab istiqbolli nav sifatida Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent viloyatlari lalmikor erlarda kuzgi muddatlarida ekish uchun qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reestriga kiritilgan (Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasining 2018 yil 4 maydagi 53/4-271-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu navni etishtirish orqali lalmikor g‘allachilik fermer xo‘jaliklarida sarf-xarajatlar sezilarli darajada kamaygan va don hosildorligi oshgan, iqtisodiy samaradorlik gektaridan 230-240 ming so‘mni, rentabellik darajasi 18-19 foizni tashkil etgan;

2018 yil g‘alla hosili uchun yangi qattiq bug‘doyning «Yoqut-2014» navi Jizzax viloyatining, G‘allaorol tumanidagi fermer xo‘jaliklarida jami 190,0 gektar lalmikor maydonlarga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 7 maydagi 02/021-6-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida qattiq bug‘doyning yangi «Yoqut-2014» navi ekilishi lalmikor erlarda boshqa qattiq bug‘doy navlariga nisbatan gektaridan 3,8-4,3 sentner qo‘shimcha don hosili olishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish