Tursunov Ulug‘bek Sativoldievichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘I nomi): «Lizing operatsiyalarining buxgalteriya hisobi, tahlili va auditini takomillashtirish», 08.00.08 – “Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.DSc/Iqt278.
Ilmiy maslahatchi: Ibragimov Abdugapur Karimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan muhandislik-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi DSc.09/31.08.2022.I.151.01.
Rasmiy opponentlar: Avlakulov Anvar Ziyadullaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Abdusalomova Nodira Baxodirovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Alikulov Abdumumin Ismatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi lizing operatsiyalarining buxgalteriya hisobini tashkil qilish, tahlili va auditini takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
lizing kompaniyalari moliyaviy hisobotlarini moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (IFRS) transformatsiya qilishda schyotlar rejasi va ular bo‘yicha beriladigan provodkalar ketma ketligi ishlab chiqilgan;
schyotlar rejasida 0191–“Lizingga berilgan asosiy vositalar” va 0292-“Lizingga berilgan asosiy vositalarning eskirishi” nomli yangi ishchi schyotlarini qo‘llash bo‘yicha buxgalteriya o‘tkazmalari tizimi taklif qilingan;
moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari talablari asosida haqqoniy hisob siyosatini shakllantirishda lizing ob’ektlarini baholash, schyotlarda yuritish jarayonida yozma qaydnomalardan foydalanish zarurligi asoslangan;
moliyaviy hisobotlar tashqi auditini o‘tkazish bosqichlariga ichki nazorat tizimiga baho berish va tahliliy protseduralarni qo‘llash tartibini kiritish asoslangan;
lizing kompaniyalarida likvidlik va to‘lov qobiliyatining istiqbolli tahlili asosida kelgusida lizing kompaniyalari rivojlanishining 2028 yilgacha prognozi taklif qilingan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Lizing kompaniyalari faoliyatining buxgalteriya hisobini tashkil qilish, tahlili va auditini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
lizing kompaniyalari moliyaviy hisobotlarini moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (IFRS) transformatsiya qilishda schyotlar rejasi va ular bo‘yicha beriladigan provodkalar ketma ketligi taklif qilingan va uni “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirish transformatsiya vaqtini tejash imkoniyatini yaratgan (“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatining 2023-yil 3-martdagi 17-03-04/44-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriyqilinishi aksiyadorlik jamiyati buxgalterlari tomonidan lizing faoliyatini hisobga olish, schyotlar rejasi va ular bo‘yicha beriladigan provodkalar ketma ketligi qo‘llanishi natijasida moliyaviy hisobotlarini xalqaro standartlarga transformatsiya qilish vaqti va unga sarflanadigan ish vaqtini 30 foizga tejash imkonini bergan;
schyotlar rejasida 0191-“Lizingga berilgan asosiy vositalar” va 0292-“Lizingga berilgan asosiy vositalarning eskirishi” nomli yangi ishchi schyotlarini qo‘llash yuzasidan buxgalteriya o‘tkazmalari tizimi bo‘yicha taklifi O‘zbekiston buxgalter-auditorlar milliy assotsiatsiyasi tomonidan buxgalteriya hisobi schyotlar rejasi va uni qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomalarni takomillashtirishda foydalanish uchun amaliyotga joriyqilingan (O‘zbekiston buxgalter-auditorlar milliy assotsiatsiyasining 2022-yil 15-iyundagi 24-son ma’lumotnomasi). Taklifni joriy qilinishi natijasida xalqaro amaliyotga mos keladigan qo‘llanilishi lizingga berilgan asosiy vositalarni har yili hisobga olish jarayoniga ortiqcha vaqt sarflanishining oldini oladi va buxgalterlarning ish vaqtidan unumli foydalanish va xalqaro amaliyotga mos keladigan yangi ishchi schyotlarini shakllantirish imkoniyati yaratilgan;
moliyaviy hisobotning xalqarostandartlari talablari asosida haqqoniy hisob siyosatini shakllantirishda lizing ob’ektlarini baholash, schyotlarda yuritish jarayonida yozma qaydnomalardan foydalanish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston buxgalter-auditorlar milliy assotsiatsiyasi tomonidan hisob siyosatining “Buxgalteriya hisobi milliy standarti”ni ishlab chiqishda foydalanish uchun amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston buxgalter-auditorlar milliy assotsiatsiyasining 2022-yil 15-iyundagi 24-son ma’lumotnomasi). Taklifni joriy qilinishi natijasida lizing kompaniyalari uchun ularning xususiyatini inobatga olgan holda xalqaro amaliyotga mos keladigan hisob siyosatining namunaviy shakli 2023-yil 1-yanvardan ayrim lizing kompaniyalari faoliyatida qo‘llanila boshlagan;
moliyaviy hisobotlar tashqi auditini o‘tkazish bosqichlariga ichki nazorat tizimiga baho berish va tahliliy protseduralarni qo‘llash tartibini kiritishga asoslangan takliflari O‘zbekiston buxgalter-auditorlar milliy assotsiatsiyasi tomonidan tashqi audit tekshiruvidan o‘tkazishda ichki nazorat tizimiga baho berish, tahliliyamallarni o‘tkazish ketma-ketligi va moliyaviy hisobotlar auditini o‘tkazish bazasi bo‘yicha audit dasturini ishlab chiqish va uni amalga oshirish bosqichlarini belgilashda foydalanilgan (O‘zbekiston buxgalter-auditorlar milliy assotsiatsiyasining 2022-yil 15-iyundagi 24-son ma’lumotnomasi). Natijada, tashqi auditorlik tashkilotlarining auditorlik tekshiruvi xarajatlarini optimallashtirish imkoniyati yaratilgan;
lizing kompaniyalarida likvidlik va to‘lov qobiliyatining istiqbolli tahlili asosida kelgusida lizing kompaniyalari rivojlanishining 2028 yilgacha prognozi bo‘yicha takliflari «O‘zagrolizing» aksiyadorlik jamiyati faoliyatini baholashda qo‘llanilgan. (“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatining 2023-yil 3-martdagi 17-03-04/44-son ma’lumotnomasi). Natijada lizing operatsiyalari bo‘yicha samarali boshqaruvni ta’minlash, likvidlik va to‘lov qobiliyatining istiqbolli tahlili asosida ichki imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, sohaga qo‘shimcha investisiyalarni jalb qilish, innovatsion mahsulotlar xajmini oshirish hamda moliyaviy holat ko‘rsatkichlarini yaxshilash imkoniyati yaratilgan.