Raxmonov Komiljon Radjabovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston tog‘ daryolari muallaq oqiziqlari va ular havzalaridan tuproq-gruntlar yuvilishi jadalligini baholash», 11.00.03–Quruqlik gidrologiyasi. Suv resurslari. Gidrokimyo (geografiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/G20.
Ilmiy rahbar: Hikmatov Fazliddin Hikmatovich, geografiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Gidrometeorologiya xizmati markazi Gidrometeorologiya ilmiy-tekshirish instituti, DSc.27.06.2017.G.47.01.
Rasmiy opponentlar: Chembarisov El`mir Ismailovich, geografiya fanlari doktori, professor; Muradov Shuxrat Odilovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston tog‘ daryolari muallaq oqiziqlarining hosil bo‘lishi hamda ular havzalari yuzalaridan tuproq-gruntlar yuvilishi jadalligini miqdoriy baholash usullarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
daryolarda yil davomida hamda turli mavsumlarda shakllanadigan muallaq oqiziqlar miqdorini hisoblash va prognozlash metodikalari ko‘p hadli bog‘lanishlar asosida takomillashtirilgan;
daryolar havzalaridan tuproq-gruntlar yuvilishi modulining balandlik zonalari bo‘yicha taqsimlanishi aniqlangan;
daryolarning muallaq oqiziqlari bilan gidrometeorologik omillar orasidagi ko‘p hadli bog‘lanishlarning normallashtirilgan regressiya tenglamalari yaratilgan;
tog‘ daryolari havzalaridan tuproq-gruntlar yuvilishi xaritalari yaratilgan, suv eroziyasini kamaytirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tog‘ daryolari muallaq oqiziqlari va ular havzalaridan tuproq-gruntlar yuvilishi jadalligini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
daryolarning muallaq oqiziqlari bilan gidrometeorologik omillar orasidagi ko‘p hadli bog‘lanishlar, ularning tahlili asosida berilgan takliflar Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 6 apreldagi 02/30-212-son ma’lumotnomasi). Natijada daryolar muallaq oqiziqlarining miqdoriy ko‘rsatkichlari aniqlashtirilgan va bu holat gidrotexnik inshootlar, irrigatsiya tizimlarini ekspluatatsiya qilish samaradorligini oshirish imkonini bergan;
atmosfera yog‘inlari va havo haroratining daryolar muallaq oqiziqlarining hosil bo‘lishiga qo‘shganhissalari va ular negizida olingan ilmiy asoslangan xulosalar Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 6 apreldagi 02/30-212-son ma’lumotnomasi). Natijada mamlakatimiz daryolari suv va suv-energetika resurslarini bosqichma-bosqich o‘zlashtirish, ulardan oqilona foydalanishga qaratilgan rejalarni ishlab chiqish imkonini bergan;
daryolar loyqa oqiziqlari sarflarini hisoblash va prognozlash metodikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimida amaliy taklif sifatida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 6 apreldagi 02/30-212-son ma’lumotnomasi). Natijada daryolar loyqa oqiziqlarining yil davomida taqsimlanishini hisoblash, prognozlash va suv olish inshootlaridan foydalanish samaradorligini oshirish imkonini bergan;
tuproq-gruntlar yuvilishi xaritalaridan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasida daryolar havzalari yuzalaridan suv bilan olib ketiladigan unumdor tuproq miqdorini aniqlashda, suv eroziyasi jadalligini pasaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2018 yil 12 martdagi 05/21-655-son ma’lumotnomasi). Ushbu natijalar respublikamiz daryolari havzalaridagi mavjud o‘rmonlarning suv eroziyasining salbiy ta’siridan himoyalash samaradorligini oshirishga xizmat qilgan.