Alieva Surayyo Sharipovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “IX-XXI asr boshi O‘zbekiston sirlangan kulolchiligi rivojlanishining asosiy bosqichlari va badiiy xususiyatlari”, 17.00.04–tasviriy va amaliy bezak san’ati (san’atshunoslik fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/San6.
Ilmiy maslahatchi: Hakimov Akbar Abdullaevich, san’atshunoslik fanlari doktori, professor, FA akademigi, O‘zBA akademigi.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: San’atshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: San’atshunoslik instituti, DSs.27.06.2017.San.51.01.
Rasmiy opponentlar: Lunyova Valentina Vital`evna, san’atshunoslik fanlari doktori; Zununova Gulchehra Shavkatovna, tarix fanlari doktori; Anarbaev Abdulhamid Anarbaevich, tarix fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA Xorazm Ma’mun akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston sirlangan kulolchiligining asosiy rivojlanish bosqichlarini aniqlash va badiiy xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
IX-XXI asr boshlariga oid mahalliy kulolchilik O‘rta Sharq hamda Markaziy Osiyo kesimida turli markazlardan iborat o‘ziga xos badiiy maktab ekani asoslangan;
sirlangan kulolchilik badiiy xususiyatlari spesifikasi, genezisi va rivojlanish dinamikasi ijtimoiy-tarixiy va badiiy omillar negizida ochib berilgan;
O‘rta asr sirlangan kulolchilik san’atiga xos badiiy-texnologik uslublar shakllanishi va rivojiga shaharlar infrastrukturasining kengayib borishi, siyosiy hamda ijtimoiy-tarixiy transformatsiyalar ta’siri aniqlangan;
an’anaviy kulolchilikning IX-XII asr boshlarida Afrosiyob, Farg‘ona, Toshkent va Chag‘oniyon maktablari, XIV-XVI asrlarda temuriylar davriga oid Samarqand, Buxoro, Toshkent va Xorazm maktablari hamda XIX-XXI asrlarda Buxoro-Samarqand, Farg‘ona va Xorazm maktablarining o‘ziga xos badiiy xususiyatlari (buyumlar turi va shakllari, bezak naqshlari va ranglari) asoslangan;
sirlangan kulolchilik san’atining naqshlar tizimi, tematik tarkibi va semantikasi san’atshunoslik nuqtai nazaridan tasniflangan;
sirlangan kulolchilik san’atining yo‘qolib ketgan markazlari va badiiy-texnologik uslublarini tiklash yuzasidan tavsiya va takliflar shakllantirilgan.
Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. IX-XXI asr boshi O‘zbekiston sirlangan kulolchiligi san’ati bo‘yicha olingan natijalar asosida:
an’anaviy kulolchilik maktablari va ularning o‘ziga xos badiiy xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimida kulolchilikka oid o‘tkazilgan badiiy ko‘rgazmalar ilmiy konsepsiyasini tayyorlashda hamda an’anaviy amaliy san’at sohasida miqyosidagi ko‘rgazma va ijodiy ekspeditsiyalar faoliyatini tashkil etishda foydalanilgan (O‘zbekiston Badiiy akademiyasining 2015 yil 2 noyabrdagi 1-1/1085-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar milliy qadriyatlar asosida kulolchilik an’analarini rivojlantirishga xizmat qilgan;
badiiy tafakkurni rivojlantirish, milliy san’atni his qilish madaniyatini tarkib toptirish asosida badiiy oliy ta’lim muassasasi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun mo‘ljallangan “O‘zbekiston san’at tarixi” hamda “O‘zbekiston amaliy san’ati” Davlat ta’lim standarti doirasida darsliklar mazmunida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Badiiy akademiyasining 2014 yil 6 dekabrdagi 01-00/786-son ma’lumot-nomasi). Natijada badiiy ta’lim tizimida talaba yoshlarning malaka ko‘nikmalarini oshirish imkonini bergan;
mahalliy kulolchilik markazlarining tadrijiy rivojiga oid ilmiy xulosalardan F1-FA-0-10304 (FA-F1-G032) “Markaziy Osiyo san’atida tarixiy davomiylik: badiiy maktablar, uslublar va texnologiyalar (qadimgi davrlardan bugungi kungacha)” fundamental loyihasining “Amaliy san’at” qismini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 2018 yil 11 martdagi 311255-1239-son ma’lumotnomasi). Natijada turli davrlarga oid sirlangan kulolchilik markazlarining o‘ziga xos badiiy xususiyatlari va jihatlarini keng ko‘lamda yoritishga imkon bergan;
IX-XXI asr boshlariga oid mahalliy kulolchilikning o‘ziga xos badiiy maktab ekani,sirlangan kulolchilik badiiy xususiyatlari, an’atga xos badiiy-texnologik uslublari va shaharlar infrastrukturasi o‘zaro ta’siri kabi ilmiy natijalardan O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi o‘rta asr va zamonaviy davrlar an’anaviy badiiy hunarmandchiligiga oid buyumlarni kataloglashtirishda, milliy kulolchilik ekspozisiyalarini ilmiy asoslangan mahalliy maktablar va markazlar doirasida tashkil etishda keng foydalanilgan (Madaniyat vazirligining 2018 yil 14 maydagi 139-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanishi muzey faoliyatining samaradorligini oshirgan, sayyohlarga eksponatlar mazmun-mohiyatini tushuntirishda va amaliy san’atni keng targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutgan.