Davletov Islambek Xalikovichning
iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Uy-joylar loyiha echimlarini kompleks baholashning ilmiy-uslubiy asoslari”, 08.00.05 – “Xizmat ko‘rsatish tarmoqlari iqtisodiyoti”
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.DSc./Iqt.289
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent arxitektura-qurilish universiteti
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, ilmiy kengash raqami: Toshkent davlat trasnport universiteti, DSc.15/31.12.2020.I.09.04
Ilmiy maslahatchi: Ziyaev Muzafar Kutlukovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Rasmiy opponentlar:
Samatov G‘affor Allakulovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor;
Alieva Maxbuba Tuychievna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor;
Qahharov Otabek Siddiqovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: Iqtisodiyot
II. Tadqiqotning maqsadi uy-joylar loyiha echimlarini kompleks baholashni takomillashtirish va uy-joy xizmatlari sifatini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
respublikada uy-joy qurilishi va investisiya dasturlari asosida ijtimoiy va tijorat(yuqori komfort) uy-joylar rivojlanishini inobatga olgan holda maksimal, o‘rtacha, vaqtinchalik va ijtimoiy daraja(kategoriya) ko‘rsatkichlari tizimi asosida aholining uy-joy sotib olish imkoniyatini samarali baholash uslubi taklif etilgan;
turar joy binolari loyiha echimlarini taqqoslash va ularning ekspluatatsiyasi davrida xarajatlar iqtisodiy samaradorligini baholash uslubini uy-joylarning bir yillik xizmat ko‘rsatish davriga bo‘lgan hisobda qurilish, rekonstruksiya, kapital va joriy ta’mirlashlarga ketadigan xarajatlarni maqbullashtirish asosida takomillashtirish taklif etilgan;
turar joylarning maqbul loyiha echimlarini tanlash va ularning hayotiy davri samaradorligini oshirish maqsadida uy-joylarning ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligi va isteʼmol sifatini majmuaviy baholash bo‘yicha nazariy-uslubiy tavsiyalar asoslangan;
turar joy binolarining ma’naviy eskirishini kamaytirish maqsadida loyiha echimlarining boshlang‘ich sifat ko‘rsatkichi va ularning xizmat ko‘rsatish muddatlarini o‘zgartirgan holda xarajatlarning maqbul nisbatlari (30%-30%; 30%-35%; 45%-55%; 25%-50%) asosida uy-joylar ekspluatatsiyasi davridagi ta’mirlash va rekonstruksiya xarajatlarining kamayishi asoslangan;
doimiy aholining ko‘payishi va uy-joy bilan ta’minlanishi hisobga olingan holda uy-joy fondi o‘sishining 2030-yilga qadar prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Uy-joylar loyiha echimlarini kompleks baholash va uy-joy xizmatlari sifatini oshirishning ilmiy-uslubiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
respublikada uy-joy qurilishi va investisiya dasturlari asosida ijtimoiy va tijorat(yuqori komfort) uy-joylar rivojlanishini inobatga olgan holda maksimal, o‘rtacha, vaqtinchalik va ijtimoiy daraja(kategoriya) ko‘rsatkichlari tizimi asosida aholining uy-joy sotib olish imkoniyatini samarali baholash uslubi taklifi O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan uy-joylarni loyihalashtirish jarayonida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 14-yanvardagi 08-06/324-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida aholining uy-joy sotib olish imkoniyati kengayadi;
turar joy binolari loyiha echimlarini taqqoslash va ularning ekspluatatsiyasi davrida xarajatlar iqtisodiy samaradorligini baholash uslubini uy-joylarning bir yillik xizmat ko‘rsatish davriga bo‘lgan hisobda qurilish, rekonstruksiya, kapital va joriy ta’mirlashlarga ketadigan xarajatlarni maqbullashtirish asosida takomillashtirish bo‘yicha berilgan taklif “Qoraqalpog‘iston Respublikasi uy-joy qurilishi hududiy Dasturi” ni amalga oshirishda amaliyotga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligining 2020-yil 30-dekabrdagi 01-07/01-2254-son ma’lumotnomasi). Natijada uy-joy qurilishi bo‘yicha jamlanma (kumulyativ) xarajatlarni o‘rtacha 4 % ga kamaytirishga erishilgan;
turar joylarning maqbul loyiha echimlarini tanlash va ularning hayotiy davri samaradorligini oshirish maqsadida uy-joylarning ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligi va isteʼmol sifatini majmuaviy baholash bo‘yicha nazariy-uslubiy tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan turar joy qurilishi jarayonini takomillashtirishda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 14-yanvardagi 08-06/324-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida mamlakatimizda uy-joylar ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligi va isteʼmol sifatini kompleks baholash natijalarining aniqlik darajasini ifodalash imkoniyati yaratilgan;
turar joy binolarining ma’naviy eskirishini kamaytirish maqsadida loyiha echimlarining boshlang‘ich sifat ko‘rsatkichi va ularning xizmat ko‘rsatish muddatlarini o‘zgartirgan holda xarajatlarning maqbul nisbatlari (30%-30%; 30%-35%; 45%-55%; 25%-50%) asosida uy-joylar ekspluatatsiyasi davridagi ta’mirlash va rekonstruksiya xarajatlarini kamayishi yuzasidan berilgan takliflar “ToshuyjouLITI” AJning ko‘p kvartirali uylarni loyihalash jarayonida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 14-yanvardagi 08-06/324-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida, qurilish xarajatlari smeta qiymatining 3-3,5% miqdorida kamaytirish imkoniyatiga erishilgan;
doimiy aholining ko‘payishi va uy-joy bilan ta’minlanishi hisobga olingan holda uy-joy fondi o‘sishining 2030-yilga qadar prognoz ko‘rsatkichlari “QIShLOQQURILIShLOYIHA” MChJning istiqboldagi “2023-2025-yillarda shahar va qishloqlarda turar joy binolarini loyihalashtirish rejasi”ni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 14-yanvardagi 08-06/324-son ma’lumotnomasi).