Djumaev Shukur Babaqulovichning

dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qashqadaryo vilioyati tuproq-iqlim sharoitiga mos g‘o‘zaning ingichka va o‘rta tolali navlarini yaratish va joriy etish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/Qx227.

Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Qashqadaryo ilmiy-tajriba stansiyasi.

Ilmiy rahbar: Rahmatov Imom Mamadiyorovich, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: ingichka tolali «Qashqadaryo-5» g‘o‘za navi (NAP 00064) va o‘rta tolali «O‘zPITI-2601» g‘o‘za navi (NAR 00151).

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2017 yil 20 oktyabrdagi 02-11/2783 va 02-11/2784-son xulosalari.

II. Tadqiqotning maqsadi: Qashqadaryo viloyatining tuproq-iqlim ya’ni, garmsel va qum-changli shamoli, jazirama issig‘i, suv taqchilligi sharoitida shu hududga mos yuqori tola sifatiga hamda xo‘jalik uchun qimmatli belgilarning ijobiy majmuasiga ega bo‘lgan g‘o‘zaning ingichka va o‘rta tolali navlarini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor Qashqadaryo viloyati sharoitida an’anaviy navlararo duragaylashga nisbatan qimmatli seleksion ashyoni yaratishda tizmalararo to‘yintirish (bekkross) duragaylashning afzalligi isbotlangan;

tabiiy yuqori harorat va garmsel sharoitida ajratib olingan boshlang‘ich va durugaylar orqali yangi navlar yaratilgan hamda abiotik omillarga yuqori bardoshli bo‘lgan seleksion ashyolar aniqlangan;

qimmatli-xo‘jalik belgilarga ega bo‘lgan yuqori harorat va garmselga bardoshli g‘o‘za navlaridan seleksion-genetik jarayonlarida boshlang‘ich ashyo sifatida foydalanish mumkinligi isbotlangan;

tadqiqotlar natijasida asosiy xo‘jalik belgilari mujassamlashgan oila va tizmalardan abiotik omillarga chidamli tola sifati yuqori bo‘lgan serhosil yangi ingichka tolali «Qashqadaryo-5» va o‘rta tolali «O‘zPITI-2601» g‘o‘za navlari yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Qashqadaryo viloyati sharoitiga mos g‘o‘zaning ingichka va o‘rta tolali navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:

chatishtirish kombinatsiyalaridan olingan duragaylarni qayta-qayta tanlovlar natijasida yaratilgan g‘o‘zaning ingichka tolali «Qashqadaryo-5» navi Qarshi, Nishon, Koson, Kasbi va Mirishkor tumanlari fermer xo‘jaliklarida jami 1176 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 29 martdagi 02/20-189-son ma’lumotnomasi). Natijada ingichka tolali ushbu g‘o‘za navi viloyatda ekilayotgan boshqa ingichka tolali navlarga nisbatan tashqi stress omillarga chidamlilik, tezpisharlik, tola sifati va chiqimining yuqorilik hamda serhosillik qobiliyatini namoyon etgan, ya’ni ochilgan ko‘saklar salmog‘i 5,3-13,3 foiz, qo‘shimcha paxta hosili 8,2-17,0 foiz va tola chiqishi 1,3-1,5 foizga oshishiga erishilgan;

ingichka tolali «Qashqadaryo-5» g‘o‘za naviga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentliging seleksiya yutug‘iga patenti olingan (NAP 00064). Natijada paxtachilik fermer xo‘jaliklarida ingichka tolali ushbu navdan yuqori va sifatli paxta hosili olish imkoni yaratilgan;

tur ichida chatishtirishlar asosida yaratilgan o‘rta tolali «O‘zPITI-2601» g‘o‘za navi Shahrisabz, G‘uzor, Qarshi, Nishon, Koson, Kasbi, Muborak va Mirishkor tumanlari fermer xo‘jaliklarida jami 5267 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 29 martdagi 02/20-189-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida ushbu g‘o‘za navidan andoza navlarga nisbatan gektaridan 3,6-5,6 sentner qo‘shimcha paxta hosili olingan, mikroneyr ko‘rsatkichi 4,5 ga, tola chiqishi 37,5-39,1 foizga, tola uzunligi 34,2-35,9 mm ga (1,18-1,25 dyuym) teng bo‘lib, sof daromad 1156444 mln. so‘mni tashkil etgan;

o‘rta tolali «O‘zPITI-2601» g‘o‘za naviga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentliging seleksiya yutug‘iga patenti olingan (NAP 00151). Natijada paxtachilik fermer xo‘jaliklarida o‘rta tolali ushbu navdan yuqori va sifatli paxta hosili olishga erishilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish