Alikulov Begali Saydullavichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistondagi ayrim galofit o‘simliklar biomassalarining bioenergetik potensiali», 03.00.12–Biotexnologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/B96.
Ilmiy rahbar: Ismailov Zafar Fayzullaevich, biologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Mikrobiologiya instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.V.38.01.
Rasmiy opponentlar: Mirzaraxmetova Dilbar Toxtamuratovna, texnika fanlari doktori, dotsent; Xasanov Xasan Tursunovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonning cho‘l hududlarida keng tarqalgan ayrim galofit o‘simliklar hosil qiladigan biomassaning bioenergetik potensialini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekistondagi ayrim galofitlar biomassasining issiqlik energiyasi, bioetanol va biogaz olish uchun xom ashyo sifatidagi energetik potensiali aniqlangan.
Qarnobcho‘l va Markaziy Qizilqumdagi iqtisodiyot tarmoqlarida maqsadli foydalanilmaydigan ayrim galofit o‘simlik turlarining yillik biomassa hosildorligi aniqlangan;
galofit o‘simliklar biomassalarining issiqlik sig‘imi asoslangan;
galofitlar biomassasi gidrolizatlari tarkibidagi bijg‘uvchi qandli moddalar, achitqi ishtirokidagi bijg‘ish dinamikasida hosil bo‘ladigan etanol miqdorlarini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan;
biogaz ajratib olishda xom ashyo sifatida galofitlar biomassasidan foydalanish isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistondagi ayrim galofitlar biomassasining bioenergetik potensialini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sarsazan, qorabaroq, yulg‘un va boshqa galofit o‘simliklar biomassalaridan biogaz ajratish Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi aholi xonadonlariga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 12 yanvardagi 02/22-51-son ma’lumotnomasi). Natijada cho‘l hududida istiqomat qiladigan aholi xonadonlarida galofitlar biomassasiga asoslangan muqobil energiya hisobiga gaz ta’minotining yaxshilanish imkonini bergan;
galofitlarning tarqalishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar Yo-F-5-1 raqamli «Zirabuloq-Ziyovuddin past tog‘lari o‘simliklar qoplamining zamonaviy floristik tarkibi va ekologik-fitotsenotik holatini o‘rganish» loyihasida o‘simliklar floristik tarkibini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 18 dekabrdagi 32-11/1316-son ma’lumotnomasi). Natijada Zirabuloq-Ziyovuddin past tog‘lari Qarnobcho‘lga tutash hududlari o‘simliklar qoplamini baholash, ekologik-fitotsenotik holatini aniqlash imkonini bergan;
galofitlarning tarqalishi va biomassa hosildorligi, biomassadan bioetanol olish bo‘yicha olingan natijalar Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz sho‘rlangan hududlari dehqonchiligi bo‘yicha Xalqaro Markazning «Markaziy Osiyoning noqulay sharoitlarida oziq-ovqat mahsulotlari va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish maqsadidagi hududiy hamkorlik» va «Amudaryoning transchegaraviy suv havzalarida oziq-ovqat va suv xavfsizligini mustahkamlash maqsadida noan’anaviy qishloq xo‘jaligi zahiralaridan foydalanish» mavzularidagi xalqaro loyihalarda sho‘rlangan hududlarning galofitlar biomassalari potensialini baholashda foydalanilgan (IKARDA xalqaro tashkilotining 2018 yil 16 fevraldagi 0085-son ma’lumotnomasi). Natijada Markaziy Osiyoning sho‘rlangan hududlarida istiqbolli galofitlar xilma-xilligi va biomassani aniqlash hamda ular asosida agrofitotsenozlar yaratish imkonini bergan.