Abduaziz uulu Abduraufning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kichik quvvatli kombinatsiyalashgan gidravlik-quyosh-shamol energetik qurilmalarining parametrlarini tadqiq qilish”, 05.05.06 – “Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/T1633.
Ilmiy rahbar: Muxammadiev Muradulla Muxammadievich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/10.12.2019.T.03.03.
Rasmiy opponentlar: Avezova Nilufar Rabbanakulovna, texnika fanlari doktori, kata ilmiy xodim; Voxidov Akmal Ulashevich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kichik quvvatli iste’molchilar talablarini hisobga olgan holda, gidravlik, quyosh va shamol energiyasi asosidagi kombinatsiyalashgan energiya tizimining gidravlik akkumulyasiyaga ega va ega bo‘lmagan holatlar uchun texnologik va funksional sxemalarini ishlab chiqish, parametrlarini tanlash hamda asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kombinatsiyalashgan energetik qurilmalarning funksional va texnologik sxemalari gidravlik akkumulyasiyaga ega va ega bo‘lmagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida ishlab chiqilgan;
gidravlik akkumulyasiyalovchi tizimli kombinatsiyalashgan energetik qurilmaning iqtisodiy samaradorligini aniqlash imkonini beruvchi usul texnik-iqtisodiy, energetik va ekologik ko‘rsatkichlarni hisobga olib ishlab chiqilgan;
gidravlik akkumulyasiyalash qurilmasi suv havzalari geometrik va hajmiy o‘lchamlarini kamaytirish imkonini hisobga olib nasos rejimidan maqbul foydalanish usuli ishlab chiqilgan;
gidravlik akkumulyasiyalovchi qurilmali kombinatsiyalashgan energetik tizim qurilmalari quvvatlari mezonlarini hisobga oluvchi quvvat balans tenglamalari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Kichik quvvatli kombinatsiyalashgan gidravlik-quyosh-shamol energetik qurilmalarning parametrlarini tadqiq qilish bo‘yicha tadqiqotlar natijalari asosida:
qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan kichik quvvatli kombinatsiyalashgan energetik qurilmalarning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini aniqlashning usullari asosida yaratilgan dasturiy mahsulot “Gidroproekt” AJga joriy qilingan (“Gidroproekt” AJning 2022 yildagi №01-07/2177-sonli xulosasi va «O‘zbekgidroenergo» AJning 2022 yil 30 dekabrdagi №05-28/3690-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, tarkibida gidravlik akkumulyasiyaga ega va ega bo‘lmagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari negizidagi 100 kW quvvatli yangi kombinatsiyalashgan energetik qurilmalarning ish rejimlari parametrlari hamda ularning turli variantlaridagi texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari aniqlanib, yillik yoqilg‘i resurslarini tejalishi 64,68 t.sh.yo. va CO2 emissiyasini qisqarishi 682 t/yil hamda ushbu hisoblarni tezkor aniqlash imkonini berishi hisobiga yillik iqtisodiy samaradorlik 50,0 mln. so‘mni tashkil etgan;
gidroenergetik kompleks tarkibidagi gidroenergetik qurilmalar parametrlarini aniqlashning usuli asosidagi dasturiy mahsulot “Gidroproekt” AJga joriy qilingan (“Gidroproekt” AJning 2022 yildagi №01-07/2177-sonli xulosasi va «O‘zbekgidroenergo» AJning 2022 yil 30 dekabrdagi №05-28/3690-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, turli quvvatdagi gidroelektr stansiyalarni parametrlari aniqlanib, mikroGES quvvati 10 kWdan ortiq qiymatga erishganda uning o‘zini oqlash davri o‘rtacha 2 ÷3,5 yilni tashkil etishi hamda ushbu hisoblarni tezkor aniqlash imkonini berishi hisobiga 60,0 mln. so‘m yillik iqtisodiy samaradorlikka erishishga imkon bergan.