Zamonov Akbar Turginovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Buxoro xonligining qo‘shin tuzilishi va harbiy boshqaruvi (XVI asr)”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi.

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Tar121.

Ilmiy rahbar: Mavlanov O‘ktam Maxmasobirovich, tarix fanlari doktori, dotsent.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpoq ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Tar.01.04.

Rasmiy opponentlar: Ziyaeva Dono Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor; Eshov Baxodir Jo‘raev, tarix fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot nomi: Buxoro davlat universiteti.

II. Tadqiqotning maqsadi: Turli manbalar asosida shayboniylar hukmronligi davrida Buxoro xonligining qo‘shin tuzilishi, ta’minoti, harbiy strategiya va taktikalari hamda harbiy boshqaruvga doir masalalarni ochib berishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

XVI asr harbiy boshqaruviga xos bo‘lgan to‘pchiboshi, yorg‘uchi, qo‘rchi, qo‘shbegi kabi harbiy mansablar joriy etilganligi aniqlangan hamda ularning funksiya va vakolatlariga oydinlik kiritilgan;

ma’muriy amaldorlarning (naqib, ko‘kaldosh, otaliq, munshiy, parvonachi, shig‘ovul va h.k.) bir paytning o‘zida harbiy ishga mutasaddi bo‘lganligi, temuriylar davridagiga nisbatan vakolatlari kengayib borganligi tarixiy dalillar orqali isbotlangan;

qo‘shin boshqaruvida turli soha vakillarining ishtiroki, jang san’atida bir qator harbiy taktikalar (to‘lg‘amaning bir necha turi–shundulomishiy, udrutmishiy, usmonli usuli va h.k.) hamda qo‘shin tarkibiga kiritilgan ba’zi o‘zgarishlar (qo‘shinning 60 ga yaqin urug‘lardan tashkil topgani, yanicharlar mavjudligi va h.k.) aniqlangan;

Buxoro xonligi qo‘shinidagi 30 ga yaqin harbiy qurol-yarog‘ turlari aniqlangan, yangi turdagi o‘t ochar qurollar va ularning mahalliy sharoitda ishlab chiqarilishi bilan bog‘liq jarayonlar ochib berilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Shayboniylar sulolasi davri Buxoro xonligida harbiy ish tarixiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:

Buxoro xonligining boshqaruv tizimi, xususan, harbiy boshqaruvi, harbiy-siyosiy jarayonlar hamda mamlakat harbiy qudratining pasayib borish omillari va Rossiya im­periyasi asoratiga tushib qolishining tarixiy ildizlari umumta’lim mak­tablarining  9-sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan “O‘zbekiston tarixi” darsligida foydalanilgan (T., “Sharq” NMAK, 2014. 160 b.). Ilmiy natijalar o‘quv­chilarda tarixiy tafakkurni shakllantirish, ularning harbiy-siyosiy tarix­ga bo‘lgan qiziqishini oshirish va shu orqali vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish imkonini bergan;

harbiy-siyosiy jarayonlarda diniy ulamolarning ta’siri yuqori bo‘l­ganligi, ularning mamlakatni birlashtirish yo‘lidagi faoliyati, harbiy to‘qnashuvlarning oldini olish xususiyatlari umumta’lim maktablarining 9-sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan “Dunyo dinlari tarixi” darsligi  mazmuniga singdirilgan (T., “O‘qituvchi” NMIU, 2017. 144 b.) Bu o‘quvchilarda milliy-ma’naviy merosni o‘rganish, ma’rifatparvarlikka intilish, din ulamolari ma’naviy merosidan bahramand bo‘lish va shu orqali diniy-axlo­qiy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilgan;

Buxoro xonligi qo‘shinining qurol-yarog‘lari va jang taktikalari haqidagi xulosalar Ichki ishlar vazirligining Ichki ishlar organlari tarixi muzeyining «O‘zbekiston hududida xavfsizlik va jamoat tartibini saqlovchi tuzilmalarning shakllanish tarixi» nomli ekspozisiyalar bo‘limini shakllantirishda foydalanilgan (Ichki ishlar vazirligining 2018 yil 24 apreldagi 2/1571-son ma’lumotnomasi). Bu Buxoro xonligi qo‘shinining qurol-yarog‘lari, jang taktikalari chizmalari orqali ajdodlarimiz harbiy mahorati na’munalarini kelajak avlodga etkazish imkonini bergan;

Buxoro xonligi tarixchilarining asarlari va xorijlik sayyohlarning esdaliklari asosida harbiy boshqaruv, qo‘shin tuzilishi, harbiy taktika, qu­rol-yarog‘lar hamda harbiy mansablarning tavsifiga oid masalalar umumta’­lim maktablarining 8-sinf o‘qituvchilariga mo‘ljallangan “O‘zbekiston tarixi. Xrestomatiya” o‘quv qo‘llanmasi maz­munida o‘z aksini topgan (T., “Tafakkur” nashriyoti, 2016. 372 b.). Mazkur qo‘llanma orqali tarix fani o‘qituvchilari uchun birlamchi manbalar asosida ilk bor qo‘shimcha o‘quv adabiyoti yaratilib, bu o‘qituvchilar ilmiy salohiyatining ortishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish