Yuldashov Abdusaid Abduraimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i):
“Yuk harakatlanuvchi tarkibi barqarorligini elektrodinamik tormozlardan foydalanish orqali oshirish”, 05.08.05 – “Temir yo‘llarning harakatlanuvchi tarkibi, poezdlarni tortish va elektrlashtirish” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: (B2022.4.PhD/T3369)
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni:
Raximov Rustam Vyacheslavovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti, DSc.15/31.08.2022.T.73.07.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni:
Xamidov Otabek Rustamovich – texnika fanlari doktori, professor;
Tursunov Hurshid Mahmudjanovich – texnika fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi elektrodinamik tormozdan foydalanish orqali yuk poezdlarining barqarorligini oshirish va vagonlararo ulanishlarda yuzaga keladigan bo‘ylama-dinamik kuchlar taʼsirini kamaytirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zgaruvchan profilga ega yo‘llar va alohida vagonlararo ulanishlar elementlarini taʼsirini hisobga olgan holda bir lokomotivli tortish hamda elektrodinamik tormozlash rejimlarida poezdlar harakati matematik modellari takomillashtirilgan;
vagonlararo ulanishlarda bo‘shliqlarni inobatga olgan holda hosil bo‘ladigan bo‘ylama-dinamik kuchlarni aniqlash imkonini beruvchi matematik model takomillashtirilgan;
o‘zgaruvchan profilga ega yo‘llar va alohida vagonlararo ulanishlar elementlarini taʼsirini hisobga olgan holda sinxron tortish hamda elektrodinamik tormozlash rejimlarida ikki lokomotivli poezdlar harakatining matematik modellari ishlab chiqilgan;
elektrodinamik tormozlash va tortish rejimlarida harakatlanuvchi tarkibning vagonlararo ulanishlaridagi bo‘ylama kuchlar taʼsirini inobatga oluvchi harakat-dinamik sinovlarini o‘tkazish dasturi va uslubiyoti ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi quyidagilardan iborat:
Elektrodinamik tormozdan foydalanish orqali yuk poezdlarining barqarorligini oshirish va vagonlararo ulanishlarda yuzaga keladigan bo‘ylama-dinamik kuchlar taʼsirini kamaytirish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar asosida:
yuk harakatlanuvchi tarkibining elektrodinamik tormozlanish va tortish rejimlarida lokomotiv va vagonlararo ulanishlarda yuzaga keluvchi bo‘ylama-dinamik kuchlarni inobatga olgan holda tormozlanish samaradorligini oshirishda ilmiy asoslangan tavsiyalar “O‘zbekiston” lokomotiv deposida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligining 2023-yil 17-yanvardagi № E-53 maʼlumotnomasi). Natijada, ekspluatatsiya jarayonida tog‘li temir yo‘l uchastkalarida yuk harakatlanuvchi tarkibiga taʼsir etuvchi bo‘ylama dinamik kuchlar qiymatlari 15-20 foizga kamaygan.
yangi lokomotivlarning elektrodinamik tormozlash va tortish rejimlarini inobatga olgan holda 72006 rusumli dinamometrik vagoni orqali lokomotiv va vagonlararo ulanishlarda hamda yangi lokomotivlarning AV-RT tizimi orqali ikki lokomotivning sinxron elektrodinamik tormozlash, tortish rejimlarida hosil bo‘luvchi bo‘ylama dinamik kuchlarni aniqlashga qaratilgan tajribaviy sinovlarni o‘tkazish bo‘yicha ishlab chiqilgan dastur va uslubiyot “O‘zbekiston” lokomotiv deposida sinovlarni o‘tkazish uchun joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligining 2023-yil 17-yanvardagi № E-53 maʼlumotnomasi). Natijada, yuk harakatlanuvchi tarkibi avtotirkamalarini sinish holatlari qisqarishi va nishablikdan pastga tushishlarda tormoz kolodkalarining ishlash muddati uzayishi hisobiga kutilayotgan iqtisodiy samaradorlik 243 million so‘mni tashkil etgan.