Abdullaeva Xilola Ravshanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Toshkent viloyati sharoitida qulupnayning mahalliy va introduksiya qilingan navlarining xo‘jalik-biologik xususiyatlari hamda ayrim agrotexnik tadbirlarini ishlab chiqish», 06.01.07–Mevachilik va uzumchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Qx67.
Ilmiy rahbar: Baymetov Karim Isaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Akademik Maxmud Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti va Andijon qishloq xo‘jaligi instituti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Kayimov Abduxalil Kayimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Arzumanov Arkadiy Shagenovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy va introduksiya qilingan navlar kolleksiyasining xo‘jalik-biologik ko‘rsatkichlari asosida qulupnay hosildorligini oshirish, ular orasidan eng mahsuldor, kasallik va ekologik sharoitlarga moslashuvchan navlarni ajratish va qulupnay etishtirishning yangi agrotexnik tadbirlarini qisqartirilgan texnologik davr bo‘yicha ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekistonda yangi mintaqaviy qulupnay kolleksiyasidagi mahalliy va introduksiya qilingan navlarning morfo-biologik xususiyatlari aniqlangan;
ular ichidan yuqori hosildor, mevasiing sifati yaxshi, yangiligida iste’mol qilish va qayta ishlashga yaroqli universal, tashqi muhitning noqulay sharoitlariga moslashuvchan navlarni aniqlangan;
istiqbolli qulupnay navlari uchun etishtirish muddati ikki yillik yangi intensiv texnologiya ishlab chiqilgan;
qulupnay navlarining istiqbolli maqbul ekish sxemasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Toshkent viloyati sharoitida qulupnayning mahalliy va introduksiya qilingan navlarini xo‘jalik-biologik xususiyatlari hamda ayrim agrotexnik tadbirlari ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
mahalliy qulupnayni ertapishar «O‘zbekiston go‘zali» navi yaratilgan va 2014 yildan ekish uchun qishloq xo‘jalik ekinlari reestriga kiritilgan (Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi 2016 yil 19 dekabrdagi 53/4-396-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu nav tomorqa va fermer xo‘jaliklarida katta maydonlarda ekib kelinmoqda;
qulupnayning «O‘zbekiston go‘zali» navi 2015-2017 yillar davomida jami 5,3 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 16 dekabrdagi 02/22-635-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida qulupnayning istiqbolli ushbu navidan tomorqa va fermer xo‘jaliklarida gektaridan 6,32-7,23 mln so‘m sof daromad olishga erishilgan;
introduksiya qilingan navlardan «Bauntiful», «Redgountlet» va «Kobra» navlari 2018 yildan ekish uchun qishloq xo‘jalik ekinlari reestriga kiritilgan (Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi 2018 yil 31 yanvar 53/4-73-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu navlardan yuqori va sifatli qulupnay hosili olingan va rentabellik darajasi oshishi kuzatilgan;
istiqbolli navlar 2015-2017 yillar davomida Toshkent viloyatida tomorqa va fermer xo‘jaliklarida 5,2 gektar, Andijon viloyatida 5,0 gektar va Farg‘ona viloyatida 1,2 gektar jami 11,4 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 16 dekabrdagi 02/22-635-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida tomorqa va fermer xo‘jaliklarida qulupnayning yangi «Redgountlet», «Bauntiful» va «Kobra» navlaridan 17,539-19,404 mln so‘m sof daromad olishga erishilgan;
qulupnay navlarini parvarishlash agrotexnologiyalaridan maqbul ekish sxemasi (70x20-25 sm) ishlab chiqilgan va fermer xo‘jaliklarida jami 16,7 gektar maydonga joriy etilgan. (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 16 dekabrdagi 02/22-635-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida bir gektar qulupnay plantatsiyasidan 24,0 mln. so‘m sof foyda olishga erishilgan.