Miraxmedova Xilola Tuxtasinovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Psoriatik artritning patogenezi, tashxis masalalari va kompleks terapiyasini ishlab chiqish», 14.00.05–Ichki kasalliklar va 14.00.11–Dermatologiya va venerologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Tib150.
Ilmiy maslahatchilar: Rustamova Mamlakat Tulyabaevna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Raxmatov Akram Baratovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.30.02.
Rasmiy opponentlar:Badokin Vladimir Vasil`evich, tibbiyot fanlari doktori, professor (Rossiya Federatsiyasi); Nabiev Tal’at Abduvaxabovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Tairov Erkin Sanatovich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: psoriatik artritning erta va kechki davrlaridagi o‘ziga xos klinik xususiyatlarini, erta tashxislash mezonlarini ishlab chiqish va patogenetik asoslangan kompleks davolash tizimini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek millatiga mansub insonlarda psoriatik artritning rivojlanishida va klinik ko‘rinishlarida HLA-B27 antigenining patogenetik ahamiyati va HLA-B27 gistomuvofiqlik antigenining bo‘g‘im sindromi turi va kechishi, bo‘g‘imlar destruksiyasi hamda davolashga nisbatan javobi o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligi isbotlangan;
psoriatik artritda immun tizimi holatidagi o‘zgarishlar kasallikning klinik kechishi va davomiyligiga bog‘liqligi asoslangan xamda psoriatik artritning erta bosqichida CD3+- va CD4+-limfotsitlar miqdori kamaygan holda supressor va killer faolligining oshishi, kechki PsAda T-limfotsitlar va T-xelperlar soni ortishi, CD8+,-CD16+ hujayralar miqdori esa kamayishi, gumoral immunitet ko‘rsatkichlarini (CD20+, IgG, SIK), ayniqsa, kasallik uzoq muddatli kechishida sezilarli oshishi isbotlangan;
psoriatik artritga chalingan bemorlarda kasallikning faollik darajasi, davomiyligi, bo‘g‘imlar destruksiyasi va HLA-B27 antigenining mavjudligiga mos ravishda IL-6, TNF-α va IFN-γ – yallig‘lanish oldi sitokinlari miqdorining oshishi isbotlangan;
psoriatik artritning klinik kechishida ichak disbiozining kasallik kechishining davomiyligi va klinik shakliga mos ravishda o‘zaro bog‘liqligi asoslangan;
psoriatik artrili bemorlarda xalqaro mezonlardan foydalangan holda bazis dori vositalari metotreksat, leflunomid, ovomin va metotreksat bilan davolashda teri-bo‘g‘im sindromi, klinik-laborator va immunologik ko‘rsatkichlarga ta’sirining samaradorligi isbotlangan;
kasallikning kechishi, davolash taktikasini tanlash va bashoratlashga ta’sir qiluvchi genetik, immunologik va muhit omillari o‘rtasida o‘zaro aloqa mavjudligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Psoriatik artritlarni patogenezi, tashxislash va kompleks davolash chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Psoriatik artritni erta tashxislash» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 18 maydagi 8n-r/77-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma psoriatik artritni erta tashxislash, ul`tratovush tekshiruvining ahamiyati, samarali konservativ davolash tizimini tizimli tartibini shakllantirish imkonini bergan;
«Psoriatik artritni tashxislash va davolashini optimallashtirish yo‘llari» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 18 maydagi 8n-r/78-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma psoriatik artritni erta tashxislash va davolash tizimini optimallashtirish imkonini bergan;
psoriatik artritlarni tashxislash va kompleks davolashning samarali tizimini ishlab chiqish va takomillashtirishga qaratilgan ilmiy tadqiqot natijalari sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasi revmatologiya bo‘limi va Respublika revmatologiya markazi, Samarqand va Xorazm viloyatlari teri tanosil kasalliklari dispanserlarining klinik amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 24 aprel`dagi 8n-z/56–son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar PsA tashxislash va davolash sifatini yaxshilash, kasallikning past faollik darajasi va remissiyasiga erishish, bemorning shifoxonada yotish muddatini 2 kunga qisqartirish va davolash narxini arzonlashtirish imkonini bergan.