Muhammadsidiqov Muhammadolim Muhammadroziq o‘g‘lining

ciyosiy fanlar doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Afrika arab davlatlarida dinning siyosiylashuvi va uning siyosiy jarayonlarga ta’siri», 23.00.02–Siyosiy institutlar, jarayonlar va texnologiyalar (siyosiy fanlar).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.DSc/Siyos1.

Ilmiy maslahatchi: Paxrutdinov Shukritdin Ilyosovich, siyosiy fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc29.08.2017.S.01.08.

Rasmiy opponentlar: siyosiy fanlar doktori, professor Munavvarov Zohidilla Inomxodjaevich; Jo‘raev Narzulla Qosimovich siyosiy fanlari doktori, professor;  Ravshanov Fazliddin Ravshanovich, siyosiy fanlar doktori.

Yetakchi tashkilot: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi:

Afrika arab davlatlarida islom dini siyosiylashuvi muammosining kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlari, uning mintaqadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat va siyosiy jarayonlarga ta’sirini ochib berishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

arab davlatlarida ishsizlik, aholi turmush darajasining pastligi, savodsizlik, uy-joy etishmasligi, ijtimoiy qoloqlik, korrupsiya, urug‘-aymoqchilik avj olib ketgani, tashqi kuchlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga aralashuvi, islom dinining siyosiylashuviga ta’sir etuvchi muhim omillar sifatida ochib berilgan;

arab davlatlarida siyosiy islom tarafdorlarining saylov jarayonlariga bevosita ta’sirini oldini olish, diniy siyosiy partiyalarning siyosiy jihatdan faol bo‘lishlariga, diniy mazmundagi turli siyosiy harakatlarni tashkil etilishiga yo‘l qo‘ymaslik diniy muhitni sog‘lomligini ta’minlashning muhim sharti ekanligi isbotlangan;

tashqi kuch omilining arab davlatlaridagi siyosiy jarayonlarga, xususan, musulmon va xristianlar, sunniy va shialar o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sirini oldini olish maqsadida mintaqa davlatlari o‘rtasida diniy bag‘rikenglik, diniy konfessiyalararo muloqot, o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlash zaruriyati asoslab berilgan;

Afrika arab davlatlari va O‘zbekiston Respublikasining diniy ekstremizm va mutaassiblikka qarshi kurashi, ushbu davlatlarning mazkur muammolarning echimi yuzasidan qarash va yondoshuvlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan;

bugungi kun talabi asosida davlat va din o‘rtasidagi hamda diniy konfessiyalararo muloqotni tartibga solishni yanada takomillashtirish, fuqarolarga diniy va milliy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va o‘zaro hamjihatlik kabi tamoyillarni tushuntirish borasida amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Afrika arab davlatlarida dinning siyosiylashuvi va uning salbiy ta’sirini oldini olish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar hamda tadqiqot natijalari asosida:

islom dini siyosiylashuvining ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni ta’minlashga ta’siri, Afrika davlatlaridagi siyosiy jarayonlarda tashqi kuch omili kabi masalalarni o‘rganish yuzasidan olib borgan ilmiy tadqiqotlar natijalari, xulosalari, shuningdek, etno-siyosiy, etno-diniy ziddiyatlarni hal qilish hamda mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot-tahliliy hujjatlarini tayyorlashda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2016 yil 26 oktyabrdagi №02/2-1093-son ma’lumotnomasi). Mazkur tadqiqot xulosalari, taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qo‘mitalari tomonidan 2016 yil davomida tashkil etilgan bir qator tadbirlarda, shu jumladan, 2 avgust Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda mahalliy kengashlarda, 23 avgust O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida, 27 oktyabr` ToshTA Harbiy-tibbiyot fakul`tetida o‘tkazilgan seminar va davra suhbatlarida yoshlarning axborot xavfsizligi va mafkuraviy tahdidlarga qarshi g‘oyaviy immunitetini mustahkamlashga xizmat qilgan;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 yanvardagi “Aqidaparastlik va missionerlikka qarshi kurash, konfessiyalar va millatlararo hamkorlik va bag‘rikenglikni ta’minlash borasidagi ishlarning saviyasi va ta’sirchanligini oshirish to‘g‘risida”gi 3-sonli ijrosi yuzasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita chora-tadbirlarining 3.23, 3.25, 4.29, 4.32, 9.57-bandlari ijrosini ta’minlashda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2017 yil 23 oktyabrdagi 6859-son ma’lumotnomasi). Mazkur tadqiqot natijalari va xulosalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 4 yanvardagi 12-son bayonidagi “2017 yilda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, konfessiyalar va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi”ning 24, 38-bandlari ijrosini ta’minlash borasida manfaatdor tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda qo‘shma dastur hamda nazorat rejalarini yangi g‘oya va takliflar bilan ishlab chiqilishida muayyan darajada xizmat qildi;

ilmiy-tadqiqot ishida keltirilgan ma’lumotlarning tegishli qismlaridan SMTI tomonidan tayyorlangan tahliliy hujjatlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining 2018 yil 8 yanvardagi 02/47-son ma’lumotnomasi). Shuningdek, ushbu ilmiy ish xulosalari va takliflari SMTIning tadqiqot mavzusiga mos ish jarayonida inobatga olingan;

tadqiqotdan olingan ilmiy yangiliklardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining 2018 yil 12 yanvardagi 545-xx-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2018 yil 13 yanvardagi №14/1-107-son 7-11-sinf o‘quvchilari uchun sof islom dini haqida tushunchalarni ochib berishga qaratilgan “Ilm-ma’rifatning fazilati” nomli qo‘llanmani yaratishda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2018 yil 2 apreldagi 03-03/1-2-815-son ma’lumotnomasi). Dissertant Xalq ta’limi vazirligining 2018 yil 28 fevraldagi 55-son buyrug‘i bilan umumta’lim maktablarida o‘quv jarayoniga joriy etilgan mazkur qo‘llanmani tayyorlashda mualliflar guruhida ishtirok etdi. Ilmiy tadqiqotida keltirilgan taklif va tavsiyalari yoshlarga diniy va milliy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va o‘zaro hamjihatlik kabi tamoyillarni tushuntirishda, amaliy tavsiyalar berishda xizmat qilgan;

dissertatsiya natijalari, taklif va tavsiyalaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 27 martdagi PQ 2855-son qarorining 2-son ijrosi yuzasidan Markaz chora-tadbirlarining 2.3, 2.9-bandlari ijrosini ta’minlashda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2017 yil 12 dekabrdagi 09-son ma’lumotnomasi). Mazkur tadqiqot natijalari diniy ekstremistik oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalariga qarshi aniq va ishonchli raddiyalar berishda, internet saytlarini yangi ma’lumotlar bilan boyitishda, aholini diniy-ma’rifiy savodxonligini oshirish borasida yangi takliflar ishlab chiqish imkoniyatini yaratgan;

tadqiqotdan olingan ilmiy yangiliklaridan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlarning 2-bandida belgilangan vazifalarni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3080-son Qarori ijrosini amalga oshirish bo‘yicha Nazorat rejasining 2.6, 2.11-bandlarini markaz doirasida ijrosini ta’minlashda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining 2017 yil 22 dekabrdagi 127-son ma’lumotnomasi). Mazkur tadqiqot ilmiy va diniy salohiyatga ega mutaxassislarni tayyorlashda, inson qalbi va ongini egallash uchun turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bugungi murakkab davrda islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yosh avlodni gumanistik g‘oyalar, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalashga xizmat qilgan;

ekstremizm va terrorizm guruhlari ularning g‘arazli g‘oyalari hamda zamonaviy ko‘rinishlariga qarishi huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlarida mafkuraviy immunitetni yanada mustahkamlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2017 yil 23 dekabrdagi 17/2-2393-son ma’lumotnomasi). Natijada huquqni muhofaza qilish organlarining tegishli xodimlarining faoltyat samaradorligining oshishiga muayyan darajada xizmat qilgan;

Afrika arab davlatlarida din omilining etno-diniy munosabatlariga salbiy ta’sirini bartaraf etishda mintaqa davlatlari hamda xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflardan Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutida axborot-tahliliy hujjatlarni tayyorlashda foydalanilgan (Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining 2017 yil 16 fevraldagi 01/017-son ma’lumotnomasi). Mazkur tadqiqot natijalari va xulosalar globallashuv sharoitida mafkuraviy tahdidlardan yosh avlodni asrab-avaylash, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurashish, ularning salbiy oqibatlarini bartaraf etishning huquqiy asoslarini yaratish borasida yangi g‘oya va takliflar ishlab chiqish imkoniyatini yaratgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish