Xodjimurodova Nozimaxon Rustam qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Buxoro vohasi sho‘rlangan tuproqlarining gumusli holati va biologik faolligi», 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/B281.
Ilmiy rahbar: Kamilov Bobir Sultonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.B.05.03.
Rasmiy opponentlar: Jabborov Zafar Abdukarimovich, biologiya fanlari doktori, professor; Berdiev Tolib Tursunniyazovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Buxoro vohasi sug‘oriladigan tuproqlari gumusli holati va biologik faolligiga tabiiy va antropogen omillarning ta’sirini aniqlash, sho‘rlangan tuproqlar unumdorligini oshirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Buxoro vohasi sug‘oriladigan tuproqlarining rivojlanish sharoitlari ekologik-meliorativ holati va unumdorlining gumus hosil bo‘lishi jarayonlariga ta’siri aniqlangan;
voha tuproqlari profilida sug‘orish suvlari ta’sirida gumusning miqdori va zahirasi, gumus kislotalarining miqdori, ularning element tarkibi va optik zichligi aniqlangan;
sug‘oriladigan voha tuproqlarining mikroflorasi, fermentlari faolligiga sho‘rlanishning ta’siri aniqlangan;
sug‘oriladigan, turli darajada sho‘rlangan tuproqlar mexanik tarkibi fraksiyalarida organik uglerod miqdori aniqlangan;
voha tuproqlarining hozirgi kundagi gumusli holati va biologik faolligini yaxshilashning ilmiy asoslari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Buxoro vohasi sho‘rlangan tuproqlarining gumusli holati va biologik faolligi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Sho‘rlangan tuproqlar biologik faolligini va unumdorligini bioo‘g‘itlar yordamida tiklash samaradorligi» tavsiyanomasi Buxoro viloyati, Buxoro tumaning o‘rtacha sho‘rlangan 4966 ga (21,72%) va kuchli sho‘rlangan 1128,8 ga (4,94%) erlarida joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 21 iyundagi 04/30-04/4054-son ma’lumotnomasi). Natijada, sho‘rlangan hududlar tuproqlaridan oqilona va samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishda ilmiy asosdagi qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
yashil mikrosuvo‘tlari suspenziyasi hamda bioo‘g‘itni qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar Buxoro viloyati, Buxoro tumaning o‘rtacha va kuchli sho‘rlangan sug‘oriladigan o‘tloqi allyuvial tuproqlarda jami 84 ga erda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 21 iyundagi 04/30-04/4054-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, tuproqdagi mikroorganizmlar, fermentlarining faolligi oshgan, chigitning unib chiqishi va o‘sish energiyasi tezlashgan, tuproqning agrofizik xossalari, biologik xususiyatlari va gumusli holati yaxshilanib, hosildorlikni 5-6 s/ga ga oshirish imkonini bergan;
sug‘oriladigan o‘tloqi allyuvial tuproqlarining gumus tipi, sho‘rlanish va mikroorganizmlar bilan ta’minlanishi bo‘yicha ishlab chiqilgan kartogrammalari Buxoro tumanining “Sayfillo Bobo Ziraboti” fermer xo‘jaligining 40 ga, “Dilnoz o‘g‘li Abduxalil” fermer xo‘jaligining 34 ga er maydonlarida joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 21-iyundagi №04/30-04/4054-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yaratilgan kartografik ma’lumotlar qishloq xo‘jalik ekinlarini to‘g‘ri joylashtirish, agrotexnologik tadbirlarni ishlab chiqish hamda sho‘rlangan tuproqlar unumdorligini saqlash va oshirish imkonini bergan.