Davletov Ikram Raximberganovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Agrar sohada intelektual mulk ob’ektlarining buxgalteriya hisobi va auditini takomillashtirish”, 08.00.08–Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit (iqtisodiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2PhD/Iqt219.

Ilmiy rahbar: Dusmuratov Radjapbay Davlatbaevich, iqtisodiyot fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.

IK faoliyat yuritayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017.I.17.01.

Rasmiy opponentlar: Karimov Akrom Abbasovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Mamatov Zayniddin Tulabaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: agrar sohada intellektual mulk ob’ektlarining buxgalteriya hisobi va auditini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

innovatsion faoliyat natijasida korxonada yaratilgan intellektual mulk ob’ektlari qiymatining to‘g‘ri va ishonchli aniqlanishini ta’minlash maqsadida 0870-«Innovatsion faoliyat bo‘yicha kapital qo‘yilmalar» schyotini kiritish bo‘yicha tavsiya ishlab chiqilgan;

intellektual mulk ob’ektlariga nisbatan mulkiy huquqlar foydalanishga qabul qilingan hollarda 016 - «Foydalanish huquqi bo‘yicha olingan nomoddiy aktivlar» balansdan tashqari schyotida aks ettirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan;

intellektual mulk ob’ektlari kompleks tahlilini o‘tkazish ketma-ketligining auditorlik tekshiruvi bosqichlariga nisbatan qo‘llanilishi asoslangan hamda intellektual mulk ob’ektlari auditorlik tekshiruvi bosqichlarida tahliliy amallarning qo‘llanilishi asosida intellektual mulk ob’ektlari auditorlik tekshiruvi dasturining namunaviy shakli ishlab chiqilgan;

intellektual mulk ob’ektlari auditini o‘tkazishning asosiy uchta: rejalashtirish, asosiy va yakuniy bosqichlari hamda ularda bajariladigan tahliliy amallari tavsiya etilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Agrar sohada intellektual mulk ob’ektlarining buxgalteriya hisobi va auditini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy takliflar va amaliy tavsiyalar asosida:

intellektual mulk ob’ektlariga nisbatan mulkiy huquqlar shartnomalari asosida foydalanishga qabul qilingan hollarda ularni balansdan tashqari schyotlarda aks ettirish to‘g‘risidagi tavsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2017 yil 28 apreldagi 47-sonli «O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (21-son BHMS) «Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati buxgalteriya hisobi hisobvaraqlar rejasi va uni qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma»ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi buyrug‘ini ishlab chiqishda foydalanilgan (Moliya vazirligining 2017 yil 17 noyabrdagi KA17-01-35/616-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida «Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining buxgalteriya hisobi schyotlar rejasi»ning VI qismi – «Balansdan tashqari schyotlar» guruhi tarkibiga 016 «Foydalanish huquqi bo‘yicha olingan nomoddiy aktivlar» schyoti kiritilgan. Bu schyotning kiritilishi intellektual mulk ob’ektlari bo‘yicha axborotlar shaffofligini ta’minlashga xizmat qilgan;

xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning innovatsion faoliyatiga doir xarajatlarni hisobga olish hamda innovatsion faoliyat natijasida yaratilgan intellektual mulk ob’ektlarining qiymatini to‘g‘ri va ishonchli aniqlash maqsadida 21-son buxgalteriya hisobi milliy standarti (BHMS)ning 1-ilovasi «Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar moliyaviy-xo‘jalik faoliyati hisobvaraqlar rejasi» 0800-«Kapital qo‘yilmalarni hisobga oluvchi schyotlar» tarkibiga 0870-«Innovatsion faoliyat bo‘yicha kapital qo‘yilmalar» schyoti kiritish taklifi qabul qilingan (O‘zbekiston Buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasining 2017 yil 14 dekabrdagi 128/MM-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar natijasida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar intellektual faoliyat bo‘yicha xarajatlar hamda intellektual mulk ob’ektlari qiymati haqidagi axborotlarning buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotda aniq hamda ishonchli aks ettirilishini ta’minlashga xizmat qilgan;

nomoddiy aktivlar inventarizatsiyasini tashkil etish, o‘tkazish va natijalarini rasmiylashtirishni tartibga soluvchi me’yorlar 19-son «Inventarizatsiyani tashkil etish va o‘tkazish» nomli BHMSning «Nomoddiy aktivlarni inventarlash» bo‘limiga hamda inventarizatsiya natijalarini rasmiylashtirish maqsadida ishlab chiqilgan «Intellektual mulk ob’ektlarini inventarlash ro‘yxati» va «Intellektual mulk ob’ektlarini inventarlash natijalarini taqqoslash qaydnomasi» nomli hujjatlarining namunaviy shakllari ushbu BHMS ilovalariga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish uchun qabul qilingan (O‘zbekiston Buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasining 2017 yil 14 dekabrdagi 128/MM-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar natijasida intellektual mulk ob’ektlari inventarizatsiyasining samarali o‘tkazilishini ta’minlashga xizmat qilgan;

intellektual mulk ob’ektlari auditini rejalashtirishda ichki nazorat va buxgalteriya hisobi tizimini baholashga hamda intellektual mulk ob’ektlari auditida kompleks tahlil usullarini qo‘llash bo‘yicha takliflari O‘zbekiston Auditorlar palatasi tomonidan intellektual mulk ob’ektlari hisobi va ichki nazorati tizimini o‘rganish va baholash uchun test-savolnoma shaklini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Auditorlar palatasining 2018 yil 14 martdagi 25-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish hisobiga intellektual mulk ob’ektlari auditini rejalashtirishni yaxshilash orqali audit o‘tkazish uchun sarflanadigan vaqt kamayishiga erishilgan;

intellektual mulk ob’ektlari auditini o‘tkazishning uchta: rejalashtirish, asosiy va yakuniy bosqichlari hamda ularda bajariladigan tahliliy amallari, intellektual mulk ob’ektlari auditida kompleks tahlil usullarini qo‘llash hamda auditni rejalashtirishda ichki nazorat va buxgalteriya hisobi tizimini baholashga doir takliflari «Fiducial Audit» MChJ auditorlik tashkilotining faoliyatida qo‘llanilgan («Fiducial Audit» MChJning 2017 yil 27 noyabrdagi 30-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar intellektual mulk ob’ektlari bo‘yicha ichki nazorat tizimi va buxgalteriya hisobi tizimini samarali baholash hamda auditini sifatli o‘tkazishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish