Rasulov Ilhom Maxmudovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘o‘zaning G. barbadense L. turi duragaylarida shoxlanish tipiga bog‘lik holda qimmatli xo‘jalik belgilarining o‘zgaruvchanligi», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Qx94.
Ilmiy rahbar: Usmanov Sergey Anvarovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti va Andijon qishloq xo‘jaligi instituti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Narimonov Abdujalil Abdusamatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Xolmurodova Go‘zal Ro‘zievna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘zaning G.barbadense L. turiga mansub duragaylarida morfobiologik va asosiy xo‘jalik belgilarining irsiylanishini, o‘zgaruvchanligini, shoxlanish tipi bilan belgilarning bog‘liqligi hamda ular asosida istiqbolli oilalarni boshlang‘ich ashyo sifatida seleksion-genetik izlanishlarda foydalanishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor g‘o‘zaning G.barbadense L. turiga mansub yirik ko‘sakli va yuqori tola chiqimiga ega bo‘lgan yangi donorlar genetik-seleksion izlanishlarga qo‘llaniladigan duragay olingan;
ingichka tolali g‘o‘za navlari seleksiyasida yirik ko‘sakli cheklangan shoxlanishga ega O-69 donori, cheklanmagan shoxlanishga ega O-71 oilasi va Surxon-16 navini oddiy duragaylash asosida yaratilgan F1-F3 o‘simliklarida xo‘jalik uchun qimmatli belgilarning irsiylanishi, o‘zgaruvchanligi hamda korrelyativ bog‘liqliklari aniqlangan;
o‘simliklarning shoxlanish tipi bilan asosiy xo‘jalik belgilari o‘rtasida ijobiy kuchsiz va salbiy kuchsiz darajadagi korrelyativ bog‘lanishlar mavjudligi aniqlangan;
F2-F3 duragaylarida o‘suv davri, birinchi hosil shoxining joylashish balandligi, bir tup o‘simlikdagi ko‘saklar soni, bitta ko‘sakdagi paxta vazni, tola uzunligi hamda 1000 dona chigit vazni belgilari bo‘yicha o‘zgaruvchanlik chegarasi o‘simliklarning shoxlanish tipi bilan bog‘lanmagan holda, hosil shoxlari soni, bosh poya balandligi va tola chiqimi belgilari esa shoxlanish tipiga bog‘liq tarzda taqsimlanishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘zaning G. barbadense L. turi duragaylarida shoxlanish tipiga bog‘liq holda qimmatli xo‘jalik belgilarining o‘zgaruvchanligi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
G.barbadense L. turiga mansub yirik ko‘sakli va yuqori tola chiqimiga ega bo‘lgan yangi donorlarning genetik-seleksion izlanishlari natijasida ingichka tolali g‘o‘zaning S-7721 navi yaratilgan. (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 24 yanvardagi 07/20-90-son ma’lumotnomasi). Ushbu yaratilgan yangi ingichka tolali g‘o‘za navi cheklangan shoxlanish tipiga ega bo‘lib tola sifati I-tipga mansub, tola chiqimi 35,5 foizni tashkil etgan;
G.barbadense L. turiga mansub yirik ko‘sakli va yuqori tola chiqimiga ega bo‘lgan yangi donorlarni genetik-seleksion izlanishlar natijasida ingichka tolali g‘o‘zaning cheklangan shoxlanish tipiga ega bo‘lgan O-10, O-18, O-20, O-22, O-86, O-88, O-104, O-105 va cheklanmagan shoxlanish tipiga ega bo‘lgan O-160, O-162, O-223, O-235, O-276 oilalari yaratilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 24 yanvardagi 07/20-90-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur oilalar genetika va seleksiya sohasidagi nazariy va amaliy tadqiqotlarda boshlang‘ich ashyo sifatida foydalanilgan.