Adizov Shuhrat Bafoyevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarini optimallashtirish va hududini tashkil etish (Buxoro viloyati Vobkent tumani misolida)”, 06.01.10-Yer tuzish, kadastr va yer monitoringi (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertasiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Qx1052
Ilmiy rahbar: Hamidov Fayzullo Ramazonovich, texnika fanlari falsafa doktori, dotsent.
Dissertasiya bajarilgan muassasa nomi: «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universiteti Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, PhD.05/04.03.2022.Qx.13.03.
Rasmiy opponentlar: Safarov Eshqobil Yuldashovich, texnika fanlari doktori, professor; G‘ofurov Azim Jumayevich, qishloq xo‘jaligi fanlari falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: “O‘zdavyerloyiha” davlat-ilmiy loyihalash instituti.
Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qishloq xo‘jalik yerlaridan foydalanishni tashkil etishda fermer xo‘jaliklari hududini maqbullashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
zamonaviy texnologiyalar asosida fermer xo‘jaliklarining dalasi elektron pasportini onlayn yuritishni ta’minlovchi dasturiy ta’minot yaratilgan. Ushbu dasturiy ta’minot yordamida to‘plangan ma’lumotlar yordamida fermer xo‘jaligi faoliyatini rejalashtirish va yerlardan samarali foydalanishni bashoratlash imkoniyati yaratilgan;
fermer xo‘jaligi yer maydoni o‘lchami bilan unga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar o‘rtasidagi ko‘p omilli regressiya aniqlangan. Hisoblangan R2 determinatsiya koeffisientining 0,99 ga teng bo‘lishi natijaviy ko‘rsatkichning kiritilgan omillar bilan kuchli bog‘langanligini ko‘rsatib, qolgan 0,01 ulush esa hisoblash jadvaliga kirtilmagan hamda marjinal omillarga bog‘liqligi aniqlangan; 
xo‘jalikning yer tuzish loyihasi tarkibida fermer xo‘jaligi hududini tashkil etish uslubiyati takomillashtirilgan, natijada yer maydonlari maqbullashtirilgan fermer xo‘jaliklarining hududida yer tuzish loyihalarining tarkibiy qismlari va elementlarini joylashtirish orqali yerdan samarali foydalanishni tashkil etish imkoniyati yaratilgan; 
xo‘jalikda mavjud aholini ish bilan ta’minlash, qishloq xo‘jalik ekinlari agrotexnologiyasini to‘g‘ri tashkil etish va ularni yetishtirish samaradorligini oshirish maqsadida SMART LAND android dasturi «Java» tilida yaratilgan. Uning yordamida ekinlarni ekish va parvarishlash, tayyor bo‘lgan mahsulotdan olinadigan foyda kabi imkoniyatlar yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarini optimallashtirish va hududini tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlardan olingan natijalar asosida: 
Zamonaviy texnologiyalar asosida fermer xo‘jaliklarining dalasi elektron pasportini onlayn yuritishni ta’minlovchi dasturiy ta’minot yaratilgan va ishlab chiqarishga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 27-oktyabrdagi 04/30-04/7859-sonli ma’lumotnomasi). Natijada massiv fermer xo‘jaliklarining ma’lumotlarini onlayn kiritish imkoniyati yaratilgan.
Fermer xo‘jaligi yer maydoni o‘lchami bilan yerning unumdorligi o‘rtasidagi korrelyasion bog‘lanish aniqlangan va tavsiyalar ishlab chiqilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 27-oktyabrdagi 04/30-04/7859-sonli ma’lumotnomasi). Natijada fermer xo‘jaligi yer maydoni o‘lchami o‘zgarishi 38,44 % yer maydoni unumdorligi miqdoriga va 61,56 % boshqa omillarga bog‘liq ekanligini isbotlangan.
Xo‘jalikda aholi bandligi va qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirish samaradorligini oshirish maqsadida «SMART LAND» android dasturi yaratilgan va ishlab chiqarishga joriy qilingan. (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 27-oktyabrdagi 04/30-04/7859-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ekinlarni yetishtirish va parvarishlashda kerakli agrotexnik tadbirlarni navbatma-navbat ma’lum bir grafik asosida joylashtirish imkoniyati yaratilgan 
Xo‘jalikning yer tuzish loyihasi tarkibida fermer xo‘jaligi hududini tashkil etish uslubiyati takomillashtirilgan va ishlab chiqarishga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 27-oktyabrdagi 04/30-04/7859-sonli ma’lumotnomasi). Natijada xo‘jalikning yer tuzish loyihasi tarkibida fermer xo‘jaligi hududini tashkil etishga oid tavsiyalar sifatida xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish