Turdiyeva Dilafruz Maxmudjanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XX-XXI asrlarda Malayziya ijtimoiy-siyosiy hayotida diniy omilning o‘rni va ahamiyati”. 07.00.04 – Dinshunoslik (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Tar47.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01.
Rasmiy opponentlar: falsafa fanlari doktori, professor Sh.Madayeva, falsafa fanlari doktori, professor B.Turayev.
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XX-XXI asrlarda Malayziyaning ijtimoiy-siyosiy hayotida diniy omilning o‘rni va ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Malayziyada dinlararo (hindi-buddaviy madaniyat, xitoy milliy dinlari, xristianlik) raqobat sharoitida Islom taraqqiyoti departamenti (Jabatan Kemajuan Islam Malaysia) tashkil etilib, mamlakat boshqaruvida islom dinini yetakchi o‘ringa olib chiqish va islom ta’limini uzluksiz o‘quv tizimiga joriy etish orqali islom qadriyatlarini saqlab qolish hamda rivojlantirishga erishilayotgani isbotlangan;
1970 yildagi Malay va hindi-xitoy millatlari o‘rtasidagi ziddiyatni bartaraf etish hamda uch millat hamkorligini ta’minlash maqsadida jamoalar manfaatidan milliy manfaatni ustun qo‘yuvchi 5 tamoyil (xudoga ishonish va diniy bag‘rikenglik, islom rasmiy davlat dini, qirol va davlatga sodiqlik, qonunlarni hurmat qilish, axloq normalariga rioya etish)dan iborat “Rukunegara” (“Rukun Negara”) mafkuraviy ta’limot joriy etilgani aniqlangan;
globallashuv sharoitida diniylik va dunyoviylikni tenglikda saqlash maqsadida diniy ta’lim muassasalari o‘quv dasturlarining “Islom Hadhari” (“Islam Hadhariy”) dasturi tamoyillari asosida modernizatsiya qilinishi diniy maktab bitiruvchilarining kelajakda rasmiy oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirish imkoniga ega bo‘lishi dalillangan;
Malayziya Konstitusiyasida islom davlat dini sifatida belgilangan bo‘lsa-da, Budda kuni (Vesākha, Vaiśākha), Divali (दीपावली, Dīpāvalī) va Taypusam (தைப்பூசம், Thaipusam) bayrami, Rojdestvo, “Strastnaya pyatnisa” diniy bayramlarining davlat tomonidan rasmiy tan olinishi mamlakatning dunyoviy davlat o‘laroq barqaror rivojlanishini ta’minlovchi tayanch vazifasini o‘tayotgani dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “XX-XXI asrlarda Malayziya ijtimoiy-siyosiy hayotida diniy omilning o‘rni va ahamiyati” mavzuida olib borilgan tadqiqotning ilmiy natijalari asosida:
XXI asr boshida Bosh vazir Muhammad Badaviy tomonidan milliy islom shaklini targ‘ib etuvchi “Islom Hadhariy” dasturida ilgari surilgan ilm-fanni egallash, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, atrof-muhitni asrash va yuksak mudofaa qudrati kabi tamoyillar aholida fuqarolik pozisiyasini yuksaltirishga xizmat qilgani, ushbu dasturda bayon etilgan qoidalar O‘zbekistonda keng tarqalgan Naqshbandiylik tariqatining “Dil ba yoru dast ba kor” tamoyiliga hamohang kelishi to‘g‘risidagi nazariy va amaliy xulosalaridan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi buyurtmasi bilan tayyorlangan “Islom sivilizatsiyasi” qomusiy lug‘atining mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining 2023-yil 13-fevraldagi 08-17/135-son ma’lumotnomasi). Natijada, islom sivilizatsiyasi borasidagi bilimlarning mustahkamlanishiga erishilgan;
1970-yildagi malay va hindi-xitoy millatlari o‘rtasidagi ziddiyatli holatlarni yaxshilash hamda millatlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Malayziyada jamoalar manfaatidan milliy manfaatni ustun qo‘yuvchi 5 tamoyil (xudoga ishonch va diniy bag‘rikenglik, islom davlat dini, qirol va davlatga sodiqlik, konstitusiya va qonunlarni hurmat qilish, axloq normalariga rioya etish)dan iborat “Rukunegara” (“Rukun Negara”) rasmiy mafkuraviy ta’limoti hamda din, irq va millat (Agama, bangsa dan negara) norasmiy mafkurasi joriy etilishi aniqlanganligi to‘g‘risidagi nazariy hamda amaliy xulosalaridan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi buyurtmasi asosida tayyorlangan “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” kitobi mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazining 2023-yil 14-fevraldagi 02/69-son ma’lumotnomasi). Natijada, kitob mazmuniga singdirilgan ma’lumotlar o‘quvchilarda mamlakat rivojida millatlararo totuvlikning ahamiyati haqida tushunchalarning kengayishiga xizmat qilgan;
Malayziyada dinlararo (buddaviylik, hinduiylik, xitoy dinlari, xristianlik) raqobatda islom qadriyatlarini saqlab qolish va rivojlantirish maqsadida Islom taraqqiyoti departamenti (Jabatan Kemajuan Islam Malaysia)ning tashkil etilgani, Malayziya islom siyosiy partiyasi (Parti Islam Se-Malaysia)ning keng miqyosdagi faoliyati orqali Malayziyada islom qadriyatlarining alohida qabul qilinishi asoslanganiga doir xulosalar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi tinglovchilari uchun o‘qitilayotgan “Zamonaviy musulmon jamiyati” fani mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining 2023-yil 22-fevraldagi 02-03/1075-son ma’lumotnomasi). Natijada, Malayziyadagi dinlararo raqobatda diniy tashkilotlar va siyosiy partiyalar faoliyati haqidagi batafsil ma’lumotlar tinglovchilar bilimining oshishiga xizmat qilgan;
Malayziya Konstitusiyasida islom davlat dini sifatida belgilangan bo‘lsa-da, Budda kuni (Vesākha, Vaiśākha), Divali (दीपावली, Dīpāvalī), Taypusam (தைப்பூசம், Thaipusam), “Rojdestvo”, “Strastnaya pyatnisa” diniy bayramlarining davlat tomonidan rasmiy tan olinishi mamlakatning sekulyar davlat sifatida barqaror rivojlanishini ta’minlovchi tayanch vazifasini o‘tayotgani dalillanganiga doir xulosalar “O‘zbekiston tarixi” telekanali “Islom sivilizatsiyasi markazi: shonli tarixdan buyuk kelajak sari” tizimli ko‘rsatuvlar mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2023-yil 24-fevraldagi 06-28-437-son ma’lumotnomasi). Natijada, keng sonli tomoshabinlar Malayziya an’ana va marosimlari haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishiga xizmat qilgan.