Mahmudov Otabek Valijonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Evropada Markaziy Osiyo olimlari ilmiy merosini o‘rganishda Toledo maktabining o‘rni (XII–XIII asrlar)», 07.00.03 – Jahon tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Tar146.
Ilmiy rahbar: Yusupova Diloram Yunusovna, tarix fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti, DSc.27.06.2017.Tar.44.01.
Rasmiy opponentlar: Ahmedov Ashraf, tarix fanlari doktori, professor; Ziyodov Shovosil Yunusovich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Evropada Markaziy Osiyo olimlari asarlarini tarjima qilish va o‘rganishda Toledo maktabining o‘rnini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
VIIΙ–ΧΙΙ asrlarda Pireney yarimorolida kechgan siyosiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlarning tahlili natijasida Toledo maktabining tashkil topishiga ta’sir etgan tarixiy omillar aniqlanib, mintaqada yuz bergan Sharq va G‘arb madaniyatining o‘zaro qorishuv (sintez) davri maktabining shakllanishiga asos bo‘lgan bosh tarixiy omil ekanligi dalillangan;
Toledo maktabining faoliyat bosqichlari, xodimlar tarkibi, vazifalari, shuningdek, maktabda ijod qilgan tarjimon va olimlar merosiga oid qarashlarning ilmiy-metodologik asoslari ochib berilib, Toledo maktabi G‘arb Uyg‘onish davrining mantiqiy ibtidosi ekanligi isbotlangan;
Toledo maktabida yo‘lga qo‘yilgan «arab→kastil`→lotin», «arab→ivrit→lotin», «arab→lotin», «kastil`→lotin» tarjima uslubining metodik xususiyatlari (so‘zma-so‘z, erkin, akademik, vositachi tildan tarjima) ko‘rsatib berilgan;
al-Xorazmiy (783–850), al-Balxiy (787–886), al-Farg‘oniy (taxm. 798–861), al-Forobiy (873–950) va Ibn Sino (980–1037) asarlarining Toledo maktabida yaratilgan tarjimalari ahamiyatini yoritish asosida Evropa mamlakatlarida Renessans jarayonining yuzaga kelishida Markaziy Osiyo olimlari ilmiy merosining tutgan o‘rni ochib berilgan;
al-Xorazmiyning «Kitob al-jam va-t-tafriq bi hisob al-hind», al-Farg‘oniyning «Kitob fi usul ilm an-nujum», al-Forobiyning «Ihsa al-ulum», Ibn Sinoning «Kitob ash-Shifo» nomli asarlarini Toledo maktabida tarjima qilinishiga doir fanda mavjud chalkashliklar (jumladan, tarjimonlar Sevil`yalik Xuan va Ispaniyalik Xuan hamda Domingo Gundisal`vi va Dominik Gundissalin ismlarining o‘xshashligi sabab, ularni bitta shaxs sifatida ko‘rsatuvchi chalkash qarashlar) echimi ilmiy dalillarga tayangan holda (ular turli davrlarda yashagan boshqa-boshqa shaxslar ekanligi) asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Evropada Markaziy Osiyo olimlari ilmiy merosini o‘rganishda Toledo maktabining tutgan o‘rnini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
respublikamiz ilmiy fondlarida mavjud bo‘lmagan, hozirda AQShning Kongress kutubxonasi (Τhe Library of Congress), Britaniya kutubxonasining (The British Library) Sharq qo‘lyozmalari (Oriental Manuscripts) bo‘limi, Misr Milliy kutubxonasi va arxivi (The National Library and Archives of Egypt) hamda Qatar Milliy kutubxonasi (The Qatar National Library) fondlarida saqlanayotgan markaziy osiyolik olimlar qalamiga mansub 15 ta asar aniqlanib, ularning nusxalari O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markaziga taqdim qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazining 2018 yil 12 yanvardagi 02-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan mazkur qo‘lyozma nusxalar xalqimizni ana shu bebaho ma’naviy boylikdan bahramand etish, O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklar haqida to‘liq ma’lumotlar bazasini kengaytirish, xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan madaniy boyliklarni yurtimizga qaytarish va ilmiy tadqiq etish borasidagi ishlarning samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilgan;
Ahmad al-Farg‘oniyning «Kitob fi usul ilm an-nujum» nomli asarini Toledo maktabidagi tadqiqiga oid natijalardan Farg‘ona viloyat o‘lkashunoslik muzeyi «Tarix» bo‘limining Ahmad al-Farg‘oniyga bag‘ishlangan eksponatlarini qayta shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2017 yil 3 oktyabrdagi 01-11-08-4683-son ma’lumotnomasi). Bunda «Kitob fi usul ilm an-nujum» asarining tarjimalariga oid ilmiy xulosalar hamda ushbu tarjimalarning Frankfurt (1590 yil) va Amsterdam (1669 yil) nashrlari taqdim etilgan nusxalari, al-Farg‘oniy ilmiy merosining Evropada astronomiya fani taraqqiyotida tutgan beqiyos o‘rniga oid ma’lumotlarni tarixiy manbalar asosida xalqimizga ta’sirchan etkazishga xizmat qilgan;
buyuk mutafakkirlarimiz asarlarini o‘rta asrlarda Evropa universitetlarida o‘qitilishiga oid ma’lumotlarni xalqimizga noan’anaviy uslubda, qiziqarli va sodda tarzda etkazish borasidagi takliflardan Ibn Sino jamoat fondi hamda «Oltin meros» xalqaro jamoat fondi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasining 2017 yil 20 sentyabrdagi 04-06/311-01-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar buyuk allomalarimiz asarlarini dunyo hamjamiyati va xalqimiz o‘rtasida keng targ‘ib etish, yosh avlodni mazkur buyuk ma’naviy merosga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlarning natijadorligini tubdan oshirish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlar ekspertlarining ishtirokini kengaytirishga xizmat qilgan;
markaziy osiyolik allomalar asarlarining Toledo maktabidagi tadqiqi va tatbig‘iga oid natijalardan Farg‘ona viloyati teleradiokompaniyasining «Farg‘ona» telekanalida 2017 yilda efirga uzatilgan «Yoshlar vaqti» ilmiy-ma’rifiy ko‘rsatuvini tayyorlashda manba sifatida foydalanilgan (Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining 2017 yil 25 sentyabrdagi 12-01/110-son ma’lumotnomasi). Mazkur ma’lumotlar ko‘rsatuvni ilmiy dalillarga boy va xalqchil bo‘lishini ta’minlash barobarida, al-Xorazmiy, al-Farg‘oniy, al-Balxiy, al-Forobiy va Ibn Sino ilmiy merosini Evropada aniq, tabiiy va ijtimoiy fanlar rivojida tutgan o‘rni, uning zamonaviy sivilizatsiya taraqqiyotidagi roli va ahamiyatini xalqimizga qiziqarli tarzda etkazishga xizmat qilgan.