Raxmonov Dilshodjon Alidjonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda ijtimoiy sohani moliyalashtirishning metodologik asoslarini takomillashtirish», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Iqt100.
Ilmiy maslahatchi: Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.27.06.2017.15.01.
Rasmiy opponentlar: G‘ulomov Saidahror Saidahmedovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, akademik; Toshmatov Shuhrat Amonovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Pulatov Dilshod Haqberdievich, iqtisodiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent moliya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ijtimoiy sohani moliyalashtirishning metodologik asoslarini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
oliy ta’lim muassasalarida xizmatlar ko‘rsatishni davlat-xususiy sherikligi amaliyoti asosida rivojlantirish orqali byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga moliyalashtirish mexanizmi takomillashtirilgan;
oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun to‘lovlar hajmini har bir muassasaning ilmiy salohiyati bilan bog‘liq holda tabaqalashtirish natijasida mehnatga haq to‘lash tizimini takomillashtirish asoslangan;
byudjet mablag‘lari hisobidan fuqarolarni majburiy tibbiy sug‘urtalash mexanizmini shakllantirishda davlat ijtimoiy sug‘urta fondini tashkil etish orqali byudjet mablag‘laridan samarali foydalanishning tashkiliy-iqtisodiy tuzilmasi takomillashtirilgan;
tibbiyot xodimi tomonidan tibbiy xizmatdan foydalanuvchiga etkazilgan moddiy zararlarni qoplash bo‘yicha tibbiyot xodimlari kasb javobgarligi majburiy sug‘urtasini joriy qilish asoslari ishlab chiqilgan;
davlat tibbiyot muassasalarida statsionar pullik tibbiy xizmat turlarini kengaytirish natijasida byudjetdan tashqari mablag‘lar tushumi hajmini oshirish va tibbiy xizmatlar bozorida raqobatni kuchaytirish asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda ijtimoiy sohani moliyalashtirishning metodologik asoslarini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar asosida:
oliy ta’lim muassasalarida xizmatlar ko‘rsatish orqali hamda xususiy sektor bilan hamkorlik doirasida byudjetdan tashqari mablag‘lar tushumini kengaytirish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi amaliyotiga joriy etilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 19 oktyabrdagi 89-04-1507-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif asosida oliy ta’lim muassasalari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hisobidan jami tushumlar 2017 yilning birinchi yarim yilligida o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 2,2 foizga o‘sishga erishilgan;
oliy ta’lim muassasalarida mehnatga haq to‘lash tizimini ilmiy salohiyatdan kelib chiqqan holda amalga oshirish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi amaliyotiga joriy etilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 19 oktyabrdagi 89-04-1507-son ma’lumotnomasi). O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Respublika oliy ta’lim muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida» 2008 yil 1 avgustdagi 164-son qaroriga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida»gi 617-son qarorini ishlab chiqishga xizmat qilgan;
majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etish borasidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi amaliyotiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 24 oktyabrdagi 06-13/726-son ma’lumotnoma). Mazkur taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 apreldagi PQ-2863-sonli «Sog‘liqni saqlashning xususiy sektorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini ishlab chiqishga xizmat qilgan;
tibbiyot xodimlari mas’uliyatini oshirish maqsadida kasb javobgarligi majburiy sug‘urtasini joriy qilish orqali davolanuvchiga etkazilgan moddiy zararni tibbiyot xodimi sug‘urtalovchisi hisobidan qoplanishini hayotga tatbiq etish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi amaliyotiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 24 oktyabrdagi 06-13/726-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 13 sentyabrdagi «Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga, o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlarining samaradorligi uchun mas’uliyatni oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 718-sonli qarorining 2-bobini ishlab chiqishga xizmat qilgan;
davlat tibbiyot muassasalarida statsionar pullik tibbiy xizmat turlarini kengaytirish natijasida byudjetdan tashqari mablag‘lar tushumi hajmini oshirish va tibbiy xizmatlar bozorida raqobatni kuchaytirish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi amaliyotiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 24 oktyabrdagi 06-13/726-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 apreldagi «Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2863-sonli qarorini ishlab chiqishga xizmat qilgan.