Klichev Oybek Abdurasulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiyma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Rossiya imperatori siyosiy agentligi va Buxoro amirligi o‘rtasidagi yozishmalar Rossiya-Buxoro munosabatlari tarixini o‘rganish manbasi», 07.00.08–Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Tar155.
Ilmiy rahbar: To‘raev Halim Hojievich, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, DSc.27.06.2017.Tar.44.01.
Rasmiy opponentlar: Koshanov Bakitbay Abdikerimovich, tarix fanlari doktori, professor; Xidirova Nargiza O‘rinovna, tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi:Rossiya imperatori siyosiy agentligi va Buxoro amirligi o‘rtasida olib borilgan yozishmalarning XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Rossiya-Buxoro munosabatlari tarixini o‘rganishdagi muhim manbaviy o‘rnini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Rossiya imperatori siyosiy agentligi va Buxoro amirligi devonxonalarining faoliyati hamda hukumatlararo yozishmalarni olib borish jarayonlari (maktublarni rasmiylashtirish, tarjima va tasdiqlash tartibi) dalillar asosida yoritib berilgan;
yozishmalarning paleografik (qo‘lyozma materiali, formati, yozuv turi va vositasi) va diplomatik (formulyari) xususiyatlari ochib berilgan;
yozishmalarda foydalanilgan ellikka yaqin fabrikaga tegishli qog‘ozlarning turlari va ularning farqlash usullari (o‘lchami, qanday moslamada tayyorlanganligi, qalinligi, rangi, saqlanishi va holati, filigran hamda shtempelning mavjudligi) aniqlangan;
yozishmalardagi Rossiya imperatori siyosiy agentligi xodimlarining sharqona shakl va mazmunga ega muhrlari, imzo va shtamplarining sfragistik tavsifi (muhr diametri, geometrik shakli va yozuvlari) amalga oshirilgan;
Rossiya ilmiy jamiyatlarining Buxoro amirligidagi faoliyati, rus ta’lim tizimi va Turkiston bilim yurtlari o‘quvchilari uchun ta’sis etilgan amirlik stipendiyalari masalasini o‘rganishda yozishmalarning muhimmanba vazifasini bajarishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Rossiya-Buxoro munosabatlarini o‘rganishda Rossiya imperatori siyosiy agentligi va amirlik hukumati o‘rtasidagi yozishmalarning ahamiyati bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Rossiya-Buxoro munosabatlari tarixiga doir yozishmalardagi ma’lumotlardan Buxoro davlat badiiy-me’morchilik muzey-qo‘riqxonasining ekspozisiyasini yangilashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining 2017 yil 23 fevraldagi 01-11-04-1425-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar Buxoro davlat badiiy-me’morchilik muzey-qo‘riqxonasining Tarix va Ekskursiya bo‘limlarida keng foydalanilgan hamda muzey qo‘riqxonasining hujjatlar va fonoteka fondini boyitgan;
Buxoro tasviriy san’at muzeyida «Buxoro amirligining XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi diplomatik aloqalari tarixiga doir materiallar» mavzusidagi ilmiy-amaliy ko‘rgazma ekspozisiyasini tashkil etishda dissertatsiya ilmiy yangiliklaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining 2017 yil 23 fevraldagi 01-11-04-1425-son ma’lumotnomasi). Bu muzeyga tashrif buyuruvchi mahalliy va che el sayyohlarning mamlakatimiz tarixiga bo‘lgan qiziqishini yanada ortishiga xizmat qilgan;
Rossiya imperiyasi bilan Buxoro amirligi o‘rtasidagi yozishmalarda aks etgan elchilik xizmati to‘g‘risidagi ma’lumotlardan I-1-FA-G003 IZ-2015-0907175446 raqamli loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 13 noyabrdagi FTA02–11/1069-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi O‘zbekistonda elchilik xizmati tarixi va o‘rta asrlar xalqaro diplomatik etiketi doirasida ishlab chiqilgan mahalliy qonun-qoidalar hamda ularning amaliy ahamiyatini o‘rganish uchun keng imkoniyat yaratgan;
hukumatlararo yozishmalarda foydalanilgan qog‘ozlarni o‘rganish natijasida aniqlangan ilmiy xulosalardan davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida Buxoro merosi ilmiy-tadqiqot markazida bajarilgan 35-06-15-raqamli loyihada foydalanilgan (Buxoro merosi ilmiy-tadqiqot markazining 2017 yil 18 sentyabrdagi 51-son ma’lumotnomasi). Qo‘llanilgan natijalar yoshlarning madaniy meros sohasidagi bilimlarini oshirish va XIX asr oxiri – XX asr boshlariga oid qo‘lyozma manbalarning paleografik jihatlarini farqlash imkonini bergan.