Ko‘charov Azizbek Alisher o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Angren qo‘ng‘ir ko‘mirini boyitish texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.11 – Kolloid va membrana kimyosi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/T1913.
Ilmiy rahbar: Yusupov Farhod Mahkamovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, DSc.02/30.12.2019.K/T.35.01.
Rasmiy opponentlar: Ergashev Oybek Karimovich, kimyo fanlari doktori, professor; Jumaeva Dilnoza Jo‘raevna, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kullik darajasi yuqori bo‘lgan ko‘mirlarni boyitishni kam xarajatli va samarali usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qiyin boyitiladigan ko‘mirlarning fizik-kimyoviy xususiyatlarini tadqiq qilish natijasida kullik darajasi 35-60 %, past yonish issiqligi 1500-2000 Kkal/kg bo‘lgan 2BR-B2 va 2BOMSSh-B2 markali qo‘ng‘ir ko‘mirlarni kullik darajasi 20-35%, past yonish issiqligi 3200-4000 Kkal/kg bo‘lgan yoqilg‘i massasini 75-80 % unum bilan boyitish imkoniyati ilmiy isbotlangan;
2BR-B2 va 2BOMSSh-B2 markali qo‘ng‘ir ko‘mirlar boyitilganda 3 mm dan 10 mm gacha bo‘lgan fraksion tarkib boshqa o‘lchamdagilarga nisbatan yuqori kulli ko‘mir zarralaridan tashkil topganligi aniqlangan;
qo‘ng‘ir va toshko‘mirni boyitishda yangi texnologiyasi yaratildi, bunda gravitatsiya jarayonini tezlatish uchun SFKM-2 markali kompozisiya ishlab chiqilgan bo‘lib, bunda SFKM-1 flotoreagentini sul`fanol bilan hosil qilgan SFKM-2 markali kompozitsiyasi maqbul nisbati 50/50 ekanligi aniqlangan;
tebranma elakda 6.0-15 MPa bosim ostida suv bilan yuvilishi, 10-20 daraja burchak ostida joylashuvi, hamda gravitatsiya jarayonida baraban minutiga 17-18 marta aylanishi va SFKM-2 ning gravitatsion barabanda aralashishi eng maqbul ekanligi aniqlangan;
flotoreagent sifatida ishlab chiqilgan SFKM-2 markali kompozisiyadan foydalanishda 100 l ko‘mir suzpenzisiga ishlab chiqilgan SFKM-2 markali kompozisiyadan 20 min davomida 50 ml qo‘shilganda eng maqbul ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qo‘ng‘ir ko‘mirini boyitish texnologiyasini ishlab chiqish yordamida Angren ko‘mirini boyitish va uning fizik kimyoviy tahlil qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Angren qo‘ng‘ir ko‘mirini boyitish texnologiyasini ishlab chiqish uchun texnik shart «O‘zbekko‘mir» AJ bilan kelishilgan va O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya- epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan tasdiqlangan (Ts 23766064-15:2021). Mazkur texnik shart mahsulotning sifati va texnologik jarayonini nazorat qilish imkonini bergan;
yaratilgan Angren qo‘ng‘ir ko‘mirini boyitish texnologiyasi «O‘zbekko‘mir» AJning “2023 yilda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan («O‘zbekko‘mir» AJning 2022 yil 22 dekabrdagi 01-13/2591-son ma`lumotnomasi). Natijada, foydalanishga yaroqsiz 2BR-B2 va 2BOMSSh-B2 markali qo‘ng‘ir ko‘mirlardan foydalanish va xalq xo‘jaligida qo‘llash imkonini beradi.