Axmedov Barhayot Boratboy o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kompozit armaturani cho‘zilishga sinovi va zo‘riqtirilgan beton konstruksiyalarning tarangligini amalga oshirish uchun ankerli qurilma ishlab chiqish”, 05.09.01-“Qurilish konstruksiyalari, bino va inshootlar”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/T1362.
Ilmiy rahbar: Mirzaev Po‘lat Tadjievich, texnika fanlari nomzodi, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Toshkent arxitektura-qurilish universiteti”.
Toshkent arxitektura-qurilish instituti. DSc.26/30.12.2019.T.11.01.
Rasmiy opponentlar: texnika fanlari doktori, professor Xodjaev Saidaglam Agloevich hamda texnika fanlari nomzodi, dotsent Usmanov Valiaxmat Fayzillaevich. 
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Kompozit polimer armaturani amaldagi standartlarga muvofiq sinash usullarini takomillashtirish va ular bilan armaturalangan oldindan zo‘riqtirilgan beton konstruk¬siyalarni eksperimental-nazariy tadqiq etish, natijalar asosida taklif va tavsiyalar berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
KPAni mexanik xususiyatlarini laboratoriya sharoitida amaldagi me’yoriy xujjatlarga asosan aniqlash va uni oldindan zo‘riqtirilgan beton konstruksiyalarda qo‘llashda kuchlanishlarni ortiqcha yo‘qotishlarsiz tortish imkonini beruvchi anker qurilma eksperimental-nazariy yondashuv asosida ishlab chiqilgan; 
mahalliy ishlab chiqarilgan KPAlarning (BKA va SHKA) yaratilgan anker qurilmadan foydalanib sinash usuli takomillashtirilgan va ANSYS R19.2 dasturidan foydalanib armaturani mexanik xususiyatlarini aniqlashdagi kuchlanish-deformatsiyalanish diagrammasini ifodalovchi anker qurilmaning modeli ishlab chiqilgan;
oldindan zo‘riqtirilgan beton konstruksiyalarni tayyorlash va ishlab chiqarishda yaratilgan anker qurilmadan foydalanib KPAni siqish, tortish hamda ushlab turish sinovlar natijasida ilmiy asoslangan; 
yaratilgan anker qurilmani KPA bilan armaturalangan oldindan zo‘riqtirilgan beton konstruksiyalarda ishonchli va samarali qo‘llash eksperimental tadqiqotlar natijalariga asosan aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
Kompozit armaturani cho‘zilishga sinovi va zo‘riqtirilgan beton konstruksiyalarning tarangligini amalga oshirish uchun ankerli qurilma ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
KPAlarni mexanik xususiyatlarini GOST 31938-2012 talablariga muvofiq aniqlash uchun yaratilgan anker qurilmaning tajriba sinov ishlari yurtimizdagi yetakchi tashkilotlardan biri «O‘zog‘irsanoatloyiha» AJ ning ilmiy-tekshirish laboratoriyasida amalga oshirildi, uning ishonchliligi va samaradorligi o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2022 yil 7 dekabrdagi № 08-06/13734-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yaratilgan anker qurilmasini amaliyotga tadbiq qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan;
KPAlarni qurilishida qo‘llash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Texnik kengashi qarori va SHNQ 2.03.14-18 ga asosan shisha tolali hamda bazalt tolali kompozit polimer armaturalarni qurilishda qo‘llash bo‘yicha “Qishloqqurilishloyiha” MCHJ Bosh loyiha qidiruv institutida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2022 yil 7 dekabrdagi № 08-06/13734-sonli ma’lumotnomasi); 
KPAlarni ishlab chiqaruchi “Universal FRP Systems” MCHJ bilan hamkorlikda shisha tolali armaturalarini mexanik va deformatsiya xususiyatlarini aniqlash uchun yaratilgan anker qurilmadan foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2022 yil 7 dekabrdagi № 08-06/13734-sonli ma’lumot- nomasi);
oldindan zo‘riqtirilgan beton ustunlarni tayyorlash va sinash ishlari “BETOMAX BETON” MCHJ ning "Qurilish materiallari va konstruksiyalarini sinovdan o‘tkazish" ilmiy laboratoriyasi mutaxassislari bilan hakmkorlikda ishlab chiqarishga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2022 yil 7 dekabrdagi № 08-06/13734-sonli ma’lumotnomasi). O‘tkazilgan eksperimental tadqiqotlar natijalari KPA bilan armaturalangan oldindan zo‘riqtirilgan alohida konstruksiyalarni ishlab chiqarish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish