Mardonov Bahodir Baxronovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Xizmat ko‘rsatish sohasida aholi bandligini oshirish”, 08.00.05–Xizmat ko‘rsatish tarmoqlari iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Iqt24.

Ilmiy rahbar: Muxammedov Murod Muxammedovich, iqtisodiyot fanlari doktori professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, DSs.27.06.2017.I.18.01.

Rasmiy opponentlar: Ergashev Raxmatulla Xidirovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Hamidov Obidjon Hafizovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.

Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston milliy iqtisodiyotida xizmat ko‘rsatish sohasini jadal rivojlantirish asosida aholi bandligini oshirish bo‘yicha ilmiy-uslubiy tavsiyalar va amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

xizmat ko‘rsatish sohasining har bir xodimiga to‘g‘ri keladigan aholi soni ko‘rsatkichlarini qo‘llash asosida sohada aholi bandligini ta’minlash imkoniyatlarini aniqlash usuli takomillashtirilgan;

xizmat ko‘rsatish sohasida ish o‘rinlari sonini rejalashtirishda aholining xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini hisoblash tartibi ishlab chiqilgan;

mintaqada mahallalar kesimida xizmat ko‘rsatish korxonalarini joylashtirish yo‘llari asoslab berilgan, sog‘liqni saqlash tarmog‘i misolida aholining xizmatlar bilan ta’minlanganlik darajasining me’yori ishlab chiqilgan;

xizmat ko‘rsatish korxonalarida aholi bandligini ta’minlashning  muhim yo‘nalishi sifatida kadrlar qo‘nimsizlik darajasini pasaytirish yo‘llari ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Xizmat ko‘rsatish sohasida aholi bandligini oshirish yuzasidan olingan ilmiy tavsiyalar asosida:

sohaning har bir xodimiga to‘g‘ri keladigan aholi soni ko‘rsatkichlarini qo‘llash asosida aholini xizmatlar bilan ta’minlanganlik darajasini baholashning takomillashtirilgan usuli Samarqand viloyati Bandlik bosh boshqarmasi tomonidan «Ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash» dasturini ishlab chiqishda qo‘llanilgan (Samarqand viloyati Bandlik bosh boshqarmasining 2018 yil 17 yanvardagi 6-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida Jomboy tumanida 40 ta, Ishtixon tumanida 42 ta, Bulung‘ur tumanida 36 ta yangi ish o‘rinlari yaratish lozimligi asoslab berilgan va shuncha ish o‘rinlarini yaratish vazifasi tumanlarning «Ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash» dasturiga kiritilgan;

xizmat ko‘rsatish sohasida ish o‘rinlari sonini rejalashtirishda aholining xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini hisoblash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan viloyatlarda hududiy bandlik dasturlarini ishlab chiqishda foydalanishlari tavsiya etilgan (Samarqand viloyati Bandlik bosh boshqarmasining 2018 yil 30 yanvardagi 02-06/488-son ma’lumotnomasi). Ushbu tartibdan Samarqand viloyati bandlik bosh boshqarmasi tomonidan «Ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash» dasturini ishlab chiqishda qo‘llanilgan. Buning natijasida Samarqand shahridagi sog‘liqni saqlash muassasalarida 245 nafar oliy ma’lumotli shifokorlarga, 113 nafar o‘rta ma’lumotli mutaxassislarga, hammasi bo‘lib 358 nafar tibbiy xodimlarga qo‘shimcha ehtiyoj borligi aniqlangan;

mintaqada mahallalar kesimida xizmat ko‘rsatish korxonalarini joylashtirish bo‘yicha xizmatlar bilan ta’minlanganlik darajasining ishlab chiqilgan me’yori O‘zbekiston Respublikasi Samarqand viloyati Iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasida  «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» hududiy dasturida shahar va tumanlarda maishiy xizmat komplekslarni tashkil etishda foydalanilgan (Samarqand viloyati iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasining 2017 yil 14 dekabr` 6-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida mahalla hududlarida xizmat ko‘rsatish korxonalari tashkil etilgan va ularda 105 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan;

xizmat ko‘rsatish korxonalarida aholi bandligini ta’minlashning muhim yo‘nalishi sifatida kadrlar qo‘nimsizligi darajasini pasaytirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyadan Samarqand viloyati Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasida foydalanilgan (Samarqand viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining 2017 yil 22 fevral` 3-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tavsiyadan foydalanish natijasida 2016 yilda 2015 yilga nisbatan kadrlar qo‘nimsizlik darajasi Agrosanoat majmui xodimlari, kasaba uyushma tizimiga qarashli bo‘lgan korxonalarda 2 foizga, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi korxonalarda 1,5 foizga, Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushma tizimidagi korxonalarda esa 3 foizga pasaygan. Shuningdek, ushbu tarmoq kasaba uyushmalari tizimidagi korxonalarda ishdan sababsiz bo‘shash holatlari 2016 yilda 2015 yilga nisbatan o‘rtacha qariyb 3 foizga kamaygan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish